Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida tadbirkorlik sub’yekti «Ijtimoiy tadbirkor» maqomini, shuningdek imtiyoz va preferensiyalarni olishi tartibi nazarda tutilgan nizom loyihasi muhokama qilinmoqda.
Norma’ning yozishicha, hujjat loyihasiga ko‘ra, «Ijtimoiy tadbirkor» maqomini olgan tadbirkorlik sub’yekti Prezidentning 11.06.2018 yildagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3782-son qarorida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish imkonini qo‘lga kiritadi, aynan:
a) xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob’yektlarini «nol» xarid qiymatida sotish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko‘ra tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o‘rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo‘yicha ustuvorlik huquqi;
b) davlat mulki ob’yekti uchun ijara to‘lovini ushbu ob’yektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50%i miqdorida belgilash;
v) quyidagi muddatga imtiyozli bank kreditlarini olish:
• aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha muddatga; • asbob-uskunalar va sarflash materiallari xarid qilish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
g) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan imtiyozli kreditlar bo‘yicha foizlarni to‘lash uchun kompensatsiya hamda majburiyatlar ta’minoti yuzasidan kafillik olish;
d) shtatdagi xodimlarining 50%i nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondidan 4,7% miqdoridagi yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi.
Davlat soliq qo‘mitasiga «Ijtimoiy tadbirkor» maqomini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish huquqini barcha yuridik shaxslarga, xususan tijorat korxonalari va tashkilotlari bo‘lgan kichik korxonalar va mikrofirmalarga, shu jumladan notijorat tashkilotlari tarkibidagi shu’ba tijorat korxonalariga berish taklif etilmoqda. Bunda tadbirkor quyidagi mezonlardan loaqal bittasiga muvofiq kelishi zarur:
• hisobot davrining yakuni bo‘yicha ishlab chiqaradigan mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumining umumiy hajmida kamida 30%ini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun protez-ortopediya buyumlari va inventarlar ishlab chiqarish, ularga ortopedik protezlash, protez-ortopediya buyumlari va inventarlarini ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatishdan tushgan tushum tashkil etishi; • hisobot davrining yakuni bo‘yicha ishlab chiqaradigan mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumining umumiy hajmida kamida 20%ini Brayl alifboli kitob va boshqa bosma materiallar, imkoniyati cheklangan bolalarga o‘quv va badiiy adabiyotlarni chop etish, ishora tilini qo‘llagan holda audio kitob hamda videomateriallar yaratishdan tushgan tushum tashkil etishi; • mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarining kamida 30%ini nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar, jazoni ijro etuvchi muassasalardan ozod etilgan shaxslar, odam savdosi qurbonlari, o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil oshmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari, «Mehribonlik» uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari tashkil etishi.
Nizom o‘zgartirishlarsiz tasdiqlangan taqdirda quyidagi tartibda maqom beriladi.
Birinchi bosqich. Tadbirkorlik sub’yektlari DSQga belgilangan namunadagi arizani topshiradilar. Faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tadbirkorlik sub’yekti faoliyati to‘g‘risidagi oxirgi hisobotlarni, shuningdek belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni ilova qiladilar, yangidan tashkil etilganlari esa – ijtimoiy tadbirkor majburiyatlarini qabul qilganliklari va uni 1 yil davomida bajarishlari haqida soliq organlarini xabardor qiladilar.
Ikkinchi bosqich. Soliq organlari 3 kun davomida arizani ko‘rib chiqadilar. Bunda maqomni olish uchun talabgorga qo‘yilgan talablarning muvofiqligi tekshiriladi, tadbirkorlik sub’yektining oxirgi hisobot davridagi soliq hisobotlari solishtiriladi.
Quyidagilar mezonlarni belgilash manbalari hisoblanadi:
• davlat statistika hisobotlari; • korxonalarning moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar; • vakolatli organlar o‘tkazgan tekshirishlar va o‘rganishlar natijalari; • mazkur korxonaning mulkchilik shakli, faoliyat turi va faoliyatining ijtimoiy yo‘naltirilganligi.
Uchinchi bosqich. Arizani o‘rganib chiqqandan keyin soliq xizmatlari tadbirkorlik sub’yektiga 3 yil muddatga «Ijtimoiy tadbirkor» maqomini beradilar.
Muddat o‘tgach, ijtimoiy tadbirkorlik sub’yekti «Ijtimoiy tadbirkor» maqomi muddatini uzaytirish uchun ariza berishi lozim.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.