O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dorilarni belgilangan narxlardan sotish tartibi bekor qilindi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining yangi qarorida aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 300 dan ortiq dorilar va tibbiy buyumlar ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dorilar toifasiga kiritilgan va ularning sotish narxlari qat’iy belgilab qo‘yilgan edi.
Bundan buyon ushbu dorilar cheklangan savdo ustamasi qo‘yish sharti bilan sotuvga chiqariladi. Xususan, ijtimoiy ahamiyatga ega dorilar va tibbiy buyumlarga ulgurji savdo korxonalari eng ko‘p 15 foizgacha, chakana savdo korxonalari – 20 foizgacha ustama qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
Faqatgina ijtimoiy aptekalarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dorilar ulgurji narxlarga 10 foiz ustama bilan sotiladi.
Shuningdek, prezident qarorida ayni damda O‘zbekistonda yangi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish o‘ta murakkab jarayonligi aytib o‘tilgan, hamda yangi va samarali dorilarni tezroq muomalaga kiritish uchun, dori vositalari ishlab chiqarish va ro‘yxatdan o‘tkazishga talablari kuchli bo‘lgan mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dorilarni, O‘zbekistonda qabul qilish tartibini ham belgilagan.