Bilasizmi?

Ijodiy guruhlarga uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirishga ruxsat berildi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 29 maydagi qarori bilan 2014 yil 26 noyabrdagi mamlakat havo hududida uchuvchisiz uchish apparatlaridan noqonuniy foydalanishdan ogohlantirish to‘g‘risidagi qarorga o‘zgartishlar kiritildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, chet el ijodiy guruhlariga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlari, jumladan dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berildi. Mazkur qaror mamlakatdagi madaniy-tarixiy yodgorliklar, tabiat boyliklarini targ‘ib qilish maqsadida qabul qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni xohlagan ijodiy guruhlar Davlat turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligiga ijodiy guruh va tasvirga olish joylari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda O‘zbekiston hududiga ularni vaqtincha olib kirish va foydalanishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilishlari lozim.

Yuqoridagi muassasalardan biri Mudofaa vazirligi va Xavfsiz parvozlar ustidan nazorat davlat inspeksiyasini bu haqda ogohlantiradi va shundan so‘ng ijodiy guruhga olingan ruxsatni taqdim etadi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat xorij kinokompaniyalarini moddiy va madaniy yodgorlik ob’yektlarida tasvirga olish uchun to‘lovlardan ozod qildi. Vazirlar Mahkamasining 2012 yildagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hududida badiiy filmlarni tasvirga olish uchun har bir tasvirga olish kuni uchun 800 ming so‘m (100 dollar atrofida) to‘lov amalga oshirilishi lozim edi.

O‘zbekistonda tasvirga olingan lavhalarning kirish yoki yakunlash titrlarida mamlakat va madaniy yoki tarixiy ob’yekt nomi ko‘rsatilishi lozim.