Bilasizmi?

Ichki ishlar organlariga ishga kiruvchilar psixolog suhbatidan o‘tadi

Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi, deya xabar qildi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

Qaror bilan Ichki ishlar vazirligining Tashkiliy departamenti tuzildi.

Departamentning asosiy vazifalari etib respublikada kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish va prognoz qilish, ichki ishlar organlari faoliyatini jinoyatchilik holati va unga qarshi kurashish natijalarini o‘rganish asosida rejalashtirish, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tahlil qilish va baholash, ularni kompleks tekshirish va nazorat qilish, amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan ish natijadorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Ichki ishlar organlarining hududiy, harbiy va sohaviy tuzilmalari, shuningdek, idoraviy oliy ta’lim muassasalaridagi xavfsizlik bo‘linmalari ichki ishlar vaziri bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

Tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari tegishlicha tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘zgartirilib, ularga shaxsiy tarkib o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash vazifasi yuklatildi.

Barcha darajadagi ichki ishlar organlari boshliqlari bo‘ysunuvidagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy ishlar, shuningdek, ularning oilaviy-maishiy muammolarini doimiy o‘rganish va hal etish bo‘yicha ishlar samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilandi.

Qaror bilan ichki ishlar organlari tahliliy va yuridik ta’minlash bo‘linmalariga birinchi marotaba xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlar qabulning dastlabki tanlov imtihonlaridan ozod etildi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining qabul va attestatsiya, shu jumladan maxsus unvonlarni berish bo‘yicha komissiyalari faoliyatida psixolog-mutaxassislar ishtirok etishi va ular individual suhbat o‘tkazish natijasi bo‘yicha har bir nomzod va xodim bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishda hisobga olinadigan xulosa berishi belgilandi.

Qaror bilan Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti tashkil etildi.

Bundan tashqari qarorga muvofiq «Jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun» idoraviy ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Ushbu ko‘krak nishoni bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash, shaxslarni qidirish va kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ichki ishlar organlari, shu jumladan xorijiy politsiya tuzilmalari xodimlari va harbiy xizmatchilari mukofotlanadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi tuzilma xodimlarining yangi maxsus kiyim-boshi, atributikasi va farqlovchi belgilari ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, rotatsiya va yosh rahbar kadrlar zahirasini shakllantirish tartibi soddalashtiriladi.