Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Har yillik “Uzbekistan Tourism Industry Awards” mukofotini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining har yili «Uzbekistan Tourism Industry Awards» mukofotini topshirish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Tadbirni o‘tkazishning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
yil davomida sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatgan eng namunali va faol turizm sohasi sub’yektlarini aniqlab olish va ularni rag‘batlantirish;
namunali turizm sohasi sub’yektlarining ilg‘or tajribasi asosida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa sub’yektlarning faoliyatini yaxshilashga ko‘maklashish;
turizm salohiyatidan samarali foydalanishni tashabbuskori bo‘lgan mahalliy aholini rag‘batlantirish;
ommaviy axborot vositalari, xususan blogerlar tomonidan turizm sohasida yurtimizda ro‘y berayotgan yangiliklarni mahalliy va xorijlik fuqarolarga qisqa muddatda hamda to‘liq va batafsil shaklda yetkazilishini rag‘batlantirish;
turizm yo‘nalishida sifatli va jozibali foto va video materiallarni tayyorlanishini rag‘batlantirib borish.
Hujjat bilan quyidagilar:
“Uzbekistan Tourism Industry Awards” mukofotini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Turizm sohasi sub’yektlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini tanlab olish mezonlari;
“Uzbekistan Tourism Industry Awards” mukofotini o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlashni tashkil etish bo‘yicha maxsus komissiyaning namunaviy tarkibi tasdiqlanishi mumkin.
Tadbirni tashkil etish, o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2018 yildan boshlab har yili dekabr oyida mukofotni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish uchun amaliy chora-tadbirlarni ta’minlaydi.
Tadbirni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlashni tashkil etish bo‘yicha maxsus komissiya:
Tadbirni tashkil etish va o‘tkazishning bosqichma-bosqich tadbirlari rejasini tasdiqlaydi;
Tadbirning viloyat bosqichini o‘tkazish bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibini tasdiqlaydi;
Tadbir qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan materiallarni baholashda, joylarga chiqib o‘rganishda va g‘oliblarni aniqlashda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Turizm sohasi sub’yektlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini tanlab olishning mezonlariga amal qiladi;
Tadbirni har bir bosqichini amalga oshirishda adolat, ochiqlik, tenglik va shaffoflik tamoyillariga amal qilinishini ta’minlaydi.