Bilasizmi?

"Hech narsa qarsak bilan bo‘lmaydi": Mirziyoyev yana bir nechta mansabdorlarni ishdan oldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga qilgan safari davomida hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari va tegishli sohalar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi va bir nechta mansabdorlarni ishdan oldi, deb xabar berdi prezident matbuot-xizmati.

Xususan, yig‘ilishda Xorazm viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Maqsud Sapayev, Investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Temur Rahmonov hamda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Sardor Yusupov egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Bundan tashqari, sektor rahbarlariga, bir qancha mutasaddilarga intizomiy jazo choralari ko‘rildi va ularga sinov muddati berildi.

"Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari viloyatda keyingi paytda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ko‘plab masalalar to‘planib qolgani, muammolarni hal etishda viloyat rahbariyatining ishni bo‘shashtirib yuborgani, viloyatning birinchi rahbarida talabchanlik va qat’iyat yetishmaganini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek, viloyat, shahar va tumanlardagi sektorlarning ishlari ham qoniqarsiz tashkil etilganini qayd etdi", — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda hech narsa qarsak bilan bo‘lmasligi, ishdagi tartib va intizom yuqori natijalarning qo‘lga kiritilishida birlamchi omil bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.

Viloyatda ko‘plab sohalarda oqsoqliklar kuzatilmoqda. Yangi ish joylarini tashkil etish, byudjetning daromadlar bazasini kengaytirish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, boqimanda qarzdorlikni kamaytirish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish ishlarida jiddiy qoloqliklar mavjudligi, viloyatning turizm imkoniyatlari keng bo‘lishiga qaramasdan, ushbu sohada ham ko‘plab muammolar to‘planib qolganligi ta’kidlandi.

Ishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining 21 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Ilgizar Sobirov vazifasidan ozod qilingan edi. Uning o‘rniga Farhod Ermanov viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.

"Barcha hokimlar, idora va tashkilotlar rahbarlari uyg‘onishi, o‘zini qiynashi kerak. Viloyatni rivojlantirish, odamlarni rozi qilish va ularning turmush farovonligini oshirish har bir rahbarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak", deb ta’kidladi Mirziyoyev.