Bilasizmi?

Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilgan bokschi Muhammad Ali 74 yoshida vafot etdi

Asl ismi sharifi Kassius Kley, musulmon dinini qabul qilganidan keyin Muhammad Aliga aylangan afsonaviy bokschi 3 iyun kuni 74 yoshida AQShning  Phoenix-area shifoxonasida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Amerikaning NBC News nashri oila vakili Bob Gannelga asoslanib xabar tarqatgan.

O‘ziga “Buyuklar buyugi” degan laqabni bergan Muhammad Ali 1942 yilning 17 yanvar kuni AQShning Kentukki shtati Luisvill shahrida dunyoga kelgan.

Hayotini boks bilan bog‘lagan Muhammad Ali 12 yoshidan boks bilan shug‘ullana boshlagan va olimpiada o‘yinlariga qadar “Oltin qo‘lqop” mukofotini qo‘lga kiritgan. Yarim og‘ir vazn toifasida 1960 yilgi XVII Yozgi Olimpiya o‘yinlarida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan. O‘ta og‘ir vazn toifasida mutloq jahon chempioni (1964—1966, 1974—1978) bo‘lgan. Besh karra “Yil bokschisi” (1963, 1972, 1974, 1975, 1978) hamda 10 yillikning “Eng yaxshi bokschisi” deya e’tirof etilgan.

Butun dunyoga Muhammad Ali nomi bilan tanilgan Kassius Marsellus Kley doimo jurnalistlar qurshovida bo‘lsa-da, uning hayotidagi ayrim voqealarni juda kamdan-kam insonlar bilishgan. Ana shunday insonlardan biri uning do‘sti, “Life” jurnalining ilk qora tanli suratkashi Gordon Parks bo‘lgan. Alining ko‘plab suratlarini aynan Parks olgan.

Vetnamda harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgach, Kassius Kley bir zumda barcha chempionlik unvonlaridan ajraldi, shuningdek, uch yil davomida boks janglarida qatnashish imkoniyatidan ham mahrum etildi. Kassiusning urushga borishdan bosh tortishiga sabab, uning insonlarni o‘ldirishni taqiqlovchi din — Islomni qabul qilganligi edi.

Islom dinini qabul qilgach, Kassiusga dastlab Iks familiyasini berishdi. Keyinchalik esa unga tantanali ravishda Muhammad Ali ismi berildi.

Professional sportdan uch yil uzoqda yurgan Ali reklama va sport loyihalarida ishtirok etish orqali uch million dollarga yaqin pul ishladi. Bu davr mobaynida sportchi va uning agentlari Muhammad Alining professional ringga qaytishi uchun imkoniyat izlashdi.

Bir marta u haydovchilik guvohnomasi mos kelmaydigan avtomobilni boshqargani uchun bir haftaga qamoq jazosiga mahkum etildi. Muhammad Ali o‘z avtobiografiyasida bu davrni hayotining eng yoqimsiz davri deb ataydi.

Alining katta sportga qaytishi professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyat bilan boshlandi. “Asr jangi” deb atalgan bellashuvda u Jo Freyzerdan mag‘lubiyatga uchradi. Revansh jangidagi Freyzer ustidan qozonilgan g‘alaba va yosh Formandan chempionlik unvonini qaytarib olish imkoniyati Muhammad Aliga kuch bag‘ishladi va u boshlagan ishini nihoyasiga yetkazib, barchaning yoqimtoyiga aylandi.

Muhammad Ali so‘nggi 32 yil mobaynida Parkinson xastaligi bilan kurashdi. Boks ustasi umri davomida dunyoda irqiy tenglikni, diniy bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatladi.

Vetnam urushiga qarshi chiqqan chempion Muhammad Alini 1978 yili Sovet ittifoqi taklif qilganda, u tashrif doirasida O‘zbekistonga ham kelgan. Toshkentda Muhammad Ali Xastimom masjidini ziyorat qiladi va rafiqasi Veronika bilan Toshkentning diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechiradi, jumladan, ular poytaxtdagi o‘sha paytlarda dong‘i ketgan chinni zavodini borib ko‘rishadi. Ammo 1979 yili Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirganda, Muhammad Ali Sovet ittifoqi tajovuzini ikkilanmay qoralab chiqqan edi. Hali qirq yoshga to‘lmagan paytida Muhammad Ali Parkinson kasalligiga duch keladi. Bu Ali uchun qiyin damlar edi. Uning uchta turmushidan sakkiz nafar farzand dunyoga kelgan.