Bilasizmi?

Harbiy xizmatchilarning farzandlari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.

Qarorga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari, harbiy oliy ta’lim muassasalariga esa kursantlarning umumiy qabul sonidan 5 foizli davlat granti asosida qabul kvotasi ajratiladi.

Kvota asosida kirish hamda davlat granti asosida ta’lim olish huquqiga tegishli vazirlik va idoralarning tavsiyanomalariga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ega bo‘ladilar.

Tavsiyanomalar harbiy xizmatchilarning bevosita boshliqlari (komandirlari) iltimosnomasiga asosan tegishli vazirlik tomonidan beriladi.

5 foizli kvota chegarasida harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan 5 foizli qabul kvotasi quyidagicha taqsimlandi:

Mudofaa vazirligi — 44 foiz; Ichki ishlar vazirligi — 10 foiz; Favqulodda vaziyatlar vazirligi — 3 foiz; Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — 1 foiz; Davlat xavfsizlik xizmati — 33 foiz; Milliy gvardiya — 10 foiz; Prezidentning davlat xavfsizlik xizmati — 2 foiz.

Bundan tashqari, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, shuningdek harbiy xizmatni o‘tashda yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

Shuningdek vazirlik va idoralarga 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, oldin to‘lov-shartnoma asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirgan, harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan ofitserlar, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun shartnoma pulini to‘lab berishga ruxsat berildi.