Ma’lumotlarga ko‘ra, yurak qon-tomir kasalliklari erkaklar orasida eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, miokard infarkti, bosh miyada qon aylanishining buzilishi (insult), gipertoniya va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Bu gal tabobatda xafaqon, tibbiyot tilida esa gipertoniya deb ataladigan kasallik haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur xastalik dunyo aholisining 18 yoshdan oshgan har 4 kishining birida uchramoqda. Kasallikka chalinish holati 30 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida 10 foiz , 40 yoshgacha – 20 foiz, 50 yoshdagilar orasida – 35 foiz, 60 yoshgacha – 44 foiz, 80 yoshdagilar orasida – 60 foiz, 80 yoshdan oshganlar orasida esa – 80 foizni tashkil qilmoqda.
Ilmiy til bilan aytganda, qon bosimi ortishi – arteriya tomirlaridagi qonning tomir devoriga ko‘rsatadigan bosimning me’yordan oshishidir. Optimal holatda qon bosimi 120ga 80 bo‘lishi kerak. Me’yoridagi qon bosimining eng yuqori darajasi esa 130-139ga 85-89 atrofida bo‘lishi lozim.
Qon bosimi me’yoridan ko‘tarilsa, tomirlar shikastlanib, qalinlashadi va o‘z egiluvchanligini yo‘qotadi, oxir-oqibat hayotiy muhim bo‘lgan a’zolarga qon quyilishiga sabab bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, gipertoniya asoratlari bilan xavfli.
Kasalikning vujudga kelish sabablari aniq emas. Ammo uni keltirib chiqaradigan ko‘plab omillar ma’lum. Jumladan, irsiyat, jins (erkaklar uchun kasallik rivojlanishi 55 yoshdan oshganda yuqori bo‘lsa, ayollar uchun esa 65 yoshdan oshganda yuqori bo‘ladi), zararli odatlar, qonda xolesterin miqdorining yuqori bo‘lishi, kam harakat qilish va ortiqcha vazn kabilarni sanash mumkin.
Aksariyat bemorlarda qon bosim ko‘tarilishi belgilarsiz kechadi, ba’zan bemorlar o‘zida yuqori qon bosim borligini uzoq yillar davomida ham bilmaydilar, shuning uchun shifokorlar gipertoniyani “kam gapiradigan qotil” deb atashadi. Kasallik belgilari bo‘lib esa bosh og‘rishi (ko‘pincha ensa qismda), qo‘zg‘aluvchanlik, tez jahl chiqishi, uyquning buzilishi, ish qobiliyatining pasayishi hisoblanadi, ba’zan burundan qon ketishi ham mumkin. O‘rta va og‘ir darajadagi bemorlar yurak sohasida og‘riq, yurak tez urib ketishi, yurak ritmining buzilishi, bosh aylanishi, eslab qolish va ko‘rish qobiliyatining pasayishidan shikoyat qiladilar.
Davolash 2 usulda dori-darmonlarsiz (nomedikamentoz) va dorilar bilan (medikamentoz) olib boriladi. Shifokor kasallikning xatar darajasini aniqlab, davo turini tayin etadi. Bunda dorilarni faqat shifokor tayinlashi shart. Chunki shifokor dori vositalarini tanlashda bemorga individual yondashib, yondosh boshqa kasalliklarni ham hisobga oladi. Dorini o‘zboshimchalik bilan tanlash esa og‘ir oqibatlarga olib borishi mumkin.
Dorilarsiz davo qilishning asosida esa kasallikka olib keluvchi xavf omillari bilan kurashish yotadi. Bular jumlasiga ortiqcha tana vaznini kamaytirish, iste’mol qilinayotgan osh tuzining kunlik miqdorini 5 grammdan pastga tushirish, ovqat tarkibida kaliy miqdorini oshirish, tarkibida kalsiy va magniyga boy mahsulotlar va baliq moyini iste’mol qilish kabilar kiradi.
Xalq tabobatiga murojat qiladigan bo‘lsak, kiyiko‘t, chilonjiyda, limono‘t, rayxon, barbaris (qoraqand)ni damlab ichish, olcha, olma yoki gilosni o‘tgan yilgi shoxchalarini damlab ichish yaxshi naf beradi. Unutmaslik lozimki, zamonaviy dori vositalar bilan davolanishda dorilarsiz (nomedikamentoz) davoni ham birgalikda olib borish zarur.
Gipertoniya, ya’ni xafaqon kasalligi to‘g‘risida tarqalgan xato fikrlar:
- Yosh katta bo‘lgan sari qon bosim ko‘tarilib turishi oddiy hodisa. Afsuski, hozirda gipertoniya kasalligi tobora yosharib bormoqda.
- Qon bosimni davolash uchun kasalxonaga yotib “kurs lecheniya”olsa xastalik tuzaladi. Lekin unday emas bu “kurs lecheniya” olib tuzaladigan kasallik emas, balki butun umr davolanadigan xastalik.
- Kasallik belgisi yuqmi - kasallikning o‘zi ham yo‘q. Afsuski unday emas, ko‘pchilik bemorlarda qon bosimining ko‘tarilishi belgilarsiz kechadi, ba’zan bemorlar o‘zida yuqori qon bosim borligini uzoq yillar davomida ham bilmaydilar.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.