Samarqand davlat chet tillar institutida Germaniyaning Humboldt universiteti bilan hamkorlikda Germaniyadan kelgan talabalar uchun «O‘zbek tili, madaniyati va Samarqand hayoti» nomli o‘quv kursi tashkil etildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi sayti xabar berdi.
Germaniyaning Humboldt universiteti tasarrufidagi Markaziy Osiyo va afrikashunoslik instituti uzoq yillardan buyon ushbu hududlarda joylashgandavlatlarning tarixi, madaniyati va iqtisodiyotini o‘rganib keladi. Ushbu jarayonlarga germaniyalik talabalar jalb etiladi va ular dastlab ilmiy izlanishlar olib boradigan mamlakatning mahalliy tilini o‘rganishga kirishadi.
Samarqand davlat chet tillar institutida o‘zbek tilini o‘rganish istagida Germaniyadan tashrif buyurgan talabalar, ularning ustozlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mehmonlarga O‘zbekiston tarixi, boy madaniyati, umrboqiy an’ana va qadriyatlar haqida ma’lumot berildi.
Germaniyalik talabalar O‘zbekistonning qadimiy tarixi va dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan olimlar haqida tarixiy manbalar orqali tanish ekanliklari, shuning uchun ham bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kengroq yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek tilini o‘rganishni maqsad qilishganini aytib o‘tishdi.
— Germaniyalik talabalarga kurs davomida institutimizning malakali o‘qituvchilari o‘zbek tili va boshqa fanlardan saboq berishadi, — deydi Samarqand davlat chet tillar instituti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Otabek Yusupov. — O‘qituvchilarimizga Humboldt universitetidan kelgan professorlar Ayfer Durdu xonim va Akakcha Fransiz Omirlar yaqindan yordam berishadi. Germaniyalik talabalar mazkur o‘quv kursi davomida o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish bilan birga yurtimiz tarixi, Samarqandning tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishadilar.
Tadbir so‘ngida ta’lim jarayonlariga germaniyalik mutaxassislarni jalb qilish, ikki tomonlama talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda xorijliklar uchun «O‘zbek tili» darslik va o‘quv adabiyotlari yaratishga kelishib olindi.