Majburiy ijro byurosi tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Vazirlar Mahkamasining shu mavzuga tegishli qarorining loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.
Qoidalarga ulgurji iste’molchilar tomonidan gaz ta’minoti tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish, hisoblagichlarni atayin buzish va plombalarni uzish faktlari aniqlanishi hollari to‘g‘risidagi normalarni qo‘shimcha qilish taklif etilmoqda.
Barcha hollarda iste’mol qilingan gaz hisob-kitobini iste’molchi rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab (tegishli tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda), biroq da’vo muddatidan (3 yil) ortiq bo‘lmagan davr mobaynida ulangan gazdan foydalanish uskunasi sutkasiga 24 soat ishlashi hisobidan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda.
Bunda ruxsatsiz ulanib foydalanilgan gaz hajmi qiymatining undirib olinishi iste’molchini mazkur huquqbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi (MJTKning 101-moddasi, JKning 1852-moddasi). Bunday iste’molchi darhol gaz ta’minoti tarmoqlaridan uzib qo‘yiladi.
Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.