Ish

Forbes dunyoning eng badavlat odamlari ro‘yxatini e’lon qildi

60 yoshli Bill Geyts so‘nggi 22 yilda o‘n yettinchi marta dunyoning eng boy kishilari ro‘yxatida peshqadamlik qildi. Hozirda uning mablag‘i 75 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, oxirgi yilda 4,2 mlrd dollarga kamaygan.

Ikkinchi o‘rinni egallagan Zara asoschisi Amansio Orteganing boyligi 64,5 mlrd dollar bo‘lib, yillik 0,5 mlrd o‘sish qayd etilgan. Uchinchi o‘rinda investor Uorren Baffet. Uning “bisot”i 60,8 mlrd dollar, yillik pastlash 11,9 mlrdga teng. O‘tgan yili jami boyligining uchdan biridan ayrilgan meksikalik milliarder Karlos Slim 50 mlrd qo‘r-quti bilan to‘rtinchi o‘ringa ilashdi.

Amazon internet-do‘koni asoschisi Jeff Bezos so‘nggi yilda boyligini 10,4 mlrdga ko‘paytirib 45,2 mlrd dollar mablag‘ bilan beshinchi o‘ringa chiqib oldi. Barchamizga tanish Facebook asoschisi Mark Zukerberg bu yili 44,6 mlrd bilan 16-o‘rindan 6-o‘ringa ko‘tarilgan (11,2 mlrd o‘sish).

Forbes 2016 ro‘yxatiga Rossiyadan 77 shaxs kirgan. Bu o‘tgan yilgidan 11taga kamdir. Rus milliarderlari segmenti boshida Leonid Mixelson (60-o‘rin, 14,4 mlrd). Rossiyaning ikkinchi eng badavlat insoni Mixail Fridman (63-o‘rin, 13,3 mlrd), uchinchisi Alisher Usmonov (73-o‘rin, 12,5 mlrd) bo‘lib chiqdi.

Dunyo boylarini o‘zida jamlagan ro‘yxatda asosan erkaklar nomi qayd etilgan. Xo‘sh, erkaklar muvaffaqiyatli biznes yuritishining sababi nimada? Erkaklar his-tuyg‘uga emas, aqlga bo‘ysunib ish ko‘rishadi, shuningdek, ularga muayyan yumushni ado etishda sabr-toqat, puxtalik (punktuallik) xosdir. Sabablaridan biri shu bo‘lsa ajab emas.

Ro‘yxatning yana bir qiziqarli tomoni – badavlatlarning asosiy qismi axborot texnologiya sohasidan kelib chiqqan biznesmenlardir.

vc.ru sayti xabari asosida tayyorlandi