Bilasizmi?

FIDE prezidenti O‘zbekistonni shaxmat vatani deb rasman tan olishni taklif qilmoqda

Xalqaro shaxmat federatsiyasi - FIDE prezidenti Kirsan Ilyumjinov 4 iyun kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi prezidentini saylash munosabati bilan Toshkentda o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonni rasman shaxmat vatani, deb tan olish yuzasidan taklif kiritdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining bu haqdagi rasmiy bayonotida:“FIDE prezidenti shaxmatning vatani Pokiston, Hindiston yoki Eron emas, balki O‘zbekiston ekanini ta’kidladi. Bu qurq so‘z emas, balki fan va tarix vakillari o‘rganib chiqqan hamda ilmiy tadqiqotlar bilan isbotlangan faktdir”, deb aytiladi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasining bildirishicha, ayni paytda FIDE Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga O‘zbekistonni shaxmat vatani sifatida tan olish masalasida rasmiy maktub tayyorlamoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga yangi rahbar etib Dmitriy Li saylandi. Anjuman ishtirokchilari Batumida 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan FIDE prezidentligiga saylovda Kirsan Ilyumjinov nomzodini qo‘llab - quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qildilar.

Kirsan Ilyumjinov FIDE prezidenti lavozimini 1995 yildan beri egallab keladi. 2015 yilda AQSh Moliya vazirligi unga nisbatan sanksiya joriy etgach, Ilyumjinovning prezidentlik vakolatlari cheklab qo‘yilgan edi.