"Men ko‘p tanilganim sayin aqldan ham ozib borayapman," degan edi taniqli olim Albert Eynshteyn. Uning atrofidagilar olimga taqlid qilishni xush ko‘rishardi. Hatto uning haydovchisi ham havas qilib, unikiga o‘xshagan mo‘ylov va soch turmagi qo‘yib olgan ekan.
Eynshteynning odamgarchiligi shu darajada ediki, uchrashuvlarga borganida haydovchisini ham o‘zi bilan birga to‘rga o‘tqazib qo‘yar ekan. Olim o‘ta kamtar va xokisor bo‘lgani bois, ko‘pchilik Eynshteyn deb o‘ylab, haydovchiga murojaat qilgan vaqtlar ham bo‘lgan ekan. Shu bois haydovchi Eynshteynga beriladigan savollarni, olimning javob berish usullari, hazil-mutoyibaga boy fe’l-atvorini, g‘alati odatlarini yaxshi o‘zlashtirib olgan edi. Buni anchadan buyon kuzatib, uni bir sinovdan o‘tkazish maqsadida navbatdagi aqlbovar qilmas rejani pishitibdi.
Bir kuni Nyu York shahridagi kollejlardan birida o‘tadigan uchrashuv to‘rida uning o‘rniga olim sifatida o‘tirish uchun qo‘yarda-qo‘ymay haydovchisini ko‘ndiribdi. Haydovchiga ham Eynshteynga xos g‘alatilik, daholarga yarashadigan telbalikdan bir oz yuqqan ekan, shekilli, gapni juda tarang qilavermasdan bu taklifga osonlik bilan ko‘nibdi.
Umuman olganda, uchrashuv yaxshi davom etar, olimning qiyofadoshi ham o‘ziga topshirilgan rolga kirishib ketgan edi. Eynshteyn esa haydovchining qalpog‘ini boshiga bostirib, zalning oxirgi qatorida bu manzarani zavq bilan tomosha qilardi.
O‘quvchilardan biri Eynshteynning bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan "elektromagnitik kuchlar" nazariyasiga oid savol berguniga qadar to‘rdagi olimning kayfiyati chog‘ edi.
Bu savoldan keyin orqadagi chinakam olim sergak tortdi, beixtiyor boshini ko‘tarib uning rolini ijro qilayotgan haydovchiga qaradi, uning qo‘lga tushganini o‘ylab, qilgan ishidan afsuslandi. Aksiga olib, u nimagadir hali hammani ishontira olmayotgan bu ilmiy fikrni haydovchiga aytishga ulgurmagan ekan.
Haydovchi avvaliga duduqlanib qoldi, fikrlarini chuvalashtirib tashladi. Nihoyat, soniyalar ichida miyasiga zo‘r fikr keldi.
"Nega bu nazariyamni yirik olimlar ham tushunishni istashmayapti, hayronman. Bu juda oddiy. Bu ilmiy hodisani hatto shu zalda o‘tirgan haydovchim ham juda yaxshi tushunadi," deb haydovchi kiyimidagi chinakam olimni sahnaga chaqirib olib, navbatni unga bergan hamda vaziyatdan chiqib ketgan ekan.