O‘sha kuni xorijdan qaytayotgan akamni kutib olish uchun aeroportga borgandim. Men kutayotgan samolyotning kelish vaqti kechiktirilgani bois turli-tuman shaharlardan kelayotgan yo‘lovchilarni kuzatib o‘zimni chalg‘itishga urinayotgan edim. Atrofimdagi turli-tuman millatlarga mansub odamlarni kuzatdim.
Yonimda jajji qizalog‘ini ko‘tarib olgan o‘rta yoshlardagi ayol ikki o‘g‘li bilan kimnidir kutib turibdi. Ko‘p o‘tmasdan oila jonlanib qoldi va bolalar aeroport terminalidan chiqib kelayotgan erkakka qo‘l siltay boshlashdi.
U kishi oila oldiga kelib, qo‘lidagi safar sumkasini o‘rindiqqa qo‘ydi hamda ayolni va bolalarni birma-bir o‘pib, bag‘riga bosdi. Uning bu oila boshlig‘i ekanligi ko‘rinib turibdi.
“Azizam, bir o‘zing bolalar bilan qiynalib qolmadingmi? Mensiz qiynalib qolmadingizmi? Hammalariz sog‘-salomat ekanliklarizdan xursandman,” dedi.
Keyin yigitlarning yoshi kattasiga yuzlandi va kafti bilan uning sochlaridan siladi.
“O‘g‘lim, kap-katta yigit bo‘lib qolganga o‘xshaysan! Safardaligimda yo‘qligimni bildirmasdan, oilamizga g‘amxo‘rlik qilganing uchun sendan minnatdorman,” dedi.
“Sen-chi, bolam, maktabga borib-kelishda qiynalib qolmadingmi? Mana, yana birgamiz. O‘zim seni sport mashg‘ulotlaringa olib boraman,” deb kichkina o‘g‘lini o‘ziga yaqinroq tortdi. Keyin esa ko‘tarib olgan, chamasi 2 yoshlardagi qizalog‘ini qayta-qayta o‘pib, erkaladi.
Bu manzarani tomosha qilar ekanman, oiladagi mehr-muhabbat rishtalaridan butkul ta’sirlandim. Oila qurganimga 2 yildan oshgan bo‘lsa ham, oilaviy munosabatlarda bunaqangi holatni na boshdan o‘tkazgan, na eshitgan edim.
“Kechirasiz,” dedim oila boshlig‘iga bexosdan. U kishi uzoq parvozdan keyin toliqqan ko‘zlarini menga tikdi. “Anchadan buyon safarda bo‘lgan ko‘rinasiz?” dedim qiziqsinib.
Oila boshlig‘i menga bir oz qarab turdi. Uning “Ha, 3 kunlik xizmat safarida edim,” degan javobi meni yanayam shoshirib qo‘ydi. Ishongim kelmasdi, lekin u rost so‘zlayotgani aniq.
Keyin turmush qurishganiga qancha bo‘lganini so‘radim. U kishi turmush o‘rtog‘iga qarab jilmaydi va shu bahorda nikohlariga o‘n to‘rt yil to‘lganini aytdi. Hayratim yanada oshdi.
“Qoyil,” dedim baxtli oilaga yana bir bor mamnunlik bilan razm solib. “Umid qilamanki, mening ham oilamga, ayolimga bo‘lgan e’tiborim o‘n yillardan keyin xuddi bugungidek yuqori bo‘ladi,” dedim savollarimni izohlagan bo‘lib.
Shunda meni tushungan oila boshlig‘i miyig‘idagi tabassum o‘rnini jiddiylik egalladi va menga o‘tkir va xotirjam nigoh bilan boqdi.
“Umid qilma, qaror qil, do‘stim! Zero, erkakning o‘z oilasini farog‘atga boshlashi uning umidiga emas, qaroriga daxldor masala,” dedi u va yana tabassum qilib, bu yo‘lda menga omad tilab xayrlashdi.