Bilasizmi?

Elon Maskning muvaffaqiyat tamoyillari: Hayotingizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 6 saboq

Taassurotlarga boy umr egasining yagona yutug‘i – uning o‘ziga xos turmush tarzi va o‘zgarmas qoidalaridir. Ularning hayot yo‘li sizni ham muvaffaqiyatga olib borishi tayin.

Elon Mask – SpaceX, Tesla Motors, SolarCity va boshqa ko‘plab global kompaniyalar rahbari, asoschisi.

U 10 yoshida elektron hisob-kitob tizimini ixtiro qilgan, 12 yoshida video o‘yin va ish jarayoni uchun texnologiyalar yaratib, 500 AQSh dollariga pullagan. Ixtirochi bolakay bugun sayyoramizning peshqadam biznesmenlaridan biri.

Biz hali Yerdagi hayotimizni reja qilib yurgan bir davrda, Elon Mask 2040 yilgacha Mars sayyorasida 80 ming kishilik shaharchani bunyod etish ustida bosh qotirmoqda.

Elon Mask undan o‘zi haqida so‘ragan jurnalistlarga milliardlab insonlar qatoridagi oddiy bir odam to‘g‘risida emas, uni tashvishga solayotgan global mavzular, muammolar, muqobil energiya manbai, ekologik zararsiz transport, sayyoralararo sayohat yo‘nalishidagi loyihalar to‘g‘risida suhbatlashish istagini bildiradi. U o‘zining borligiga emas, insoniyat borlig‘iga, dardiga diqqatini qaratgan noyob davlatmand odamlardan biri.

Keling, Elon Mask tamoyili va qoidalariga diqqat qaratamiz. Ajab emas, bu sizning ham hayotingizni o‘zgartirib yuborsa. Aytishadiku, odam qilgan ishni odam qiladi.

1 – Saboq:

Tanqidni quchoq ochib kutib oling  

Tanqid – mashqqa o‘xshaydi. Avvaliga u sizni madoringizni olganday tuyilsa ham, asta-sekin o‘zining mustahkam, bekam-ko‘st va sog‘lom gavdasini namoyon qiladi. Maqtovni maqtov chaqiradi, ammo tanqid muvaffaqiyatga xizmat qiladi.

Elon Mask aytadi:

"Tesla Model S elektromobili haqida kim bilandir suhbatlashsam, men uchun maqtov emas, avtomobilning suhbatdoshimga ko‘rinib turgan kamchiliklarini eshitish muhimroq."

"Odamlarning tanqidi – aslida uning fikri. Do‘stlarimdan ham ketma-ket biror mahsulotning ularga yoqmagan jihatlarini so‘rasam, keyingi gal ular men so‘z boshlamasimdanoq xizmat yoki mahsulot yuzasidan fikrlarini bayon qiladilar."

"Sen xatolaringga yaqinroq yurishga odatlan. Shunda muvaffaqiyat sening maqsadingga aylanadi."

Amalga oshirish:

  1. Sizni bexijolat tanqid qila oladigan 5 kishining ismini yozing. Ular sizning hamkorlaringiz, do‘stlaringiz, hamkasblaringiz, ota-onangiz bo‘lishi mumkin.
  2. Ularga qo‘ng‘iroq qiling, xat yuboring va ularning ko‘magiga muhtoj ekanligingizni bayon qiling. Taklifni bir oz bo‘rttirsangiz ham bo‘ladi. Ya’ni, ular siz chindan ham ularning yordamiga muhtoj ekaningizni his qilishsin.

"Mening xatti-harakatlarim, loyihalarim, shaxsiy qaror va munosabatim yuzasidan fikringizga muhtojman. Agar meni xafa bo‘ladi, deb o‘ylasangiz, xotirjam bo‘ling. Men tanqidlarni ham do‘stona qabul qilaman. Agar o‘ylashingiz uchun fursat kerak bo‘lsa, hozir sizni shoshirmayman."

Sizni yaxshi biladigan insonlarda siz haqingizdagi xulosalar doim bo‘ladi. Ularni shu taxlit bilib oling.

2 – Saboq:

Haqiqatga yaqin g‘oyalarni ilgari suring (g‘oyaning asosi va qoidasini anglash)

Albert Eynshteynning fikricha, inson muammoni unga sabab bo‘lgan omillar yordamida hal qila olmaydi. Ammo janob Mask bu fikrga qo‘shilmaydi.

Misol uchun, odamlar akkumulyator batareyalarning har doim qimmat bo‘lganini aytishadi. Ular bu qurilmani yasash qimmatga tushishini o‘ylab ham shunday fikr yuritadilar. Biroq, Elon Maskning tajribalari, sa’y-harakatlariga ko‘ra, agar siz akkumulyatorni qismlarga bo‘lib tashlab, unga ketadigan xarajatlarga qiziqsangiz, aslida tannarx ancha arzonga tushishiga guvoh bo‘lasiz.

Maskning so‘nggi – xo‘jalik va ofislarga energiya manbaasini yetkazishda katta yangilik bo‘lishi kutilayotgan Tesla Energy loyihasi ham aynan ana shu nazariyaga asoslangan. Biz foydalanayotgan xizmatlar va mahsulotlar aslida arzon va sodda.

Biror ishni qilishdan oldin "nega buni qilishim kerak?" degan savolga javob izlang. Uning ortida turgan asosiy sabablarni toping.

Elon Mask aytadi:

"G‘oya va tashabbusni, muammo va to‘siqlarni idrok qozonida oxirgi tafsilotiga qadar qaynating. Shunda ularning sababi yuzaga ko‘tariladi."

Amalga oshirish:

  1. Shaxsiy yoki kasbiy eng katta muammoni hoziroq qog‘ozga tushiring.
  2. Uni tarkibiy qismlarga bo‘lib tashlang.
  3. Keyin mana shu qismlarni qo‘lga kiritish harakatiga tushing.

3 – Saboq:

Shovqinda turib kerakli tovushga diqqat qilish

Elon Mask g‘oyalar orasidan kerakli maqsadga diqqat qilishni targ‘ib qiluvchi yagona milliarder emas. Uorren Baffetning "qilish mumkin bo‘lmagan ro‘yxat"i bo‘lsa, Stiv Jobsning fikriga ko‘ra, nima qilmaslik haqida aniq qaror – nima qilish kerakligi to‘g‘risida yagona to‘xtamga kelishdek muhimdir.

Yoki Facebook xodimi Noa Kaganning aytishicha, Mark Zukerberg Facebook foydalanuvchilarini ko‘payishiga xizmat qilmaydigan hech bir g‘oyani tan olmas ekan.

Xuddi shu kabi, Mask ham mahsulot yoki xizmatning yaxshilanishiga sabab bo‘lmaydigan g‘oyani tan olmaydi.

Elon Mask aytadi:

"Tesla loyihasini amalga oshirish jarayonida reklamaga hech qachon mablag‘ sarflagan emasmiz. Uning o‘rniga mablag‘ni tadqiqot va rivojlantirishga, muhandislik va dizayn, eng yaxshi avtomobil ishlab chiqarishga sarfladik. Yaxshi mahsulot yaratishga ko‘zimiz yetmasa, loyihani yakunladik."

Rahbarlik ko‘nikmasi va hayotni izga solishga oid qo‘llanmalari bilan mashhur amerikalik konsultant Stiven Kovi ham diqqat eng muhim jihatga qaratilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Elon Mask aytadi:

"Bu sa’y-harakating natijasi kimgadir naf keltiradimi? Agar bunday bo‘lmasa, undan voz kech."

Amalga oshirish:

  1. Keyingi yil erishishing mumkin bo‘lgan 20 ta yutug‘ingni qog‘ozga tushir.
  2. Ulardan 5 ta imkoni nisbatan kam bo‘lganini olib tashla. Yana olib tashla. Ulardan haqiqatga yaqin beshtasi qolsin. Unutma, o‘zingni ko‘zing yetgan muvaffaqiyatlaringga qanchalar diqqat qaratsang, natija ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

PayPal to‘lov tizimi hamasoschilaridan biri, janob Maskning hamkori Piter Til ham ko‘p emas, yagona muvaffaqiyatga diqqatli bo‘lish tarafdori.

4 – Saboq:

Muvaffaqiyatsizlikni imkoniyatga aylantiring (aniq rejani aniqlash orqali)

Harakat qilmaslikning bosh sababi – qo‘rquv va hadikdir. Shu sababli ham, o‘zimiz xohlagan ish uchun hujjat topshirishga haddimiz sig‘maydi. Pulimizni behuda sarflashdan qo‘rqqanimiz uchun ham biznesni boshlashga botina olmaymiz.

Sayyoralar bo‘ylab sayohatga olib chiquvchi kompaniya rejasi, ehtimol, siz uchun kulgilidir. Ammo Elon Mask qo‘rquvni yengib, SpaceX loyihasiga mablag‘ tikishga qaror qildi.

Elon Mask aytadi:   

"Uch marta urinib ko‘ramiz. Agar har uchalasida $100 million dollargacha mablag‘ tikib, samoga raketa uchira olmasak, SpaceX loyihasidan voz kechamiz."

Natija nima bo‘ldi? Birinchi urinish $30 million dollar sarf-xarajat va omadsizlik bilan yakun topdi. Ikkinchi urinish $60 million dollarlik xarajat va muvaffaqiyatsizlik bilan tugallandi. Ammo uchinchi urinishda SpaceX’ning raketasi samoni zabt etdi. Natijada, loyiha NASA'ning $1.6 milliard AQSh dollari miqdoridagi shartnomasini qo‘lga kiritdi.

Elon Mask muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaydi deb o‘ylaysizmi? Qo‘rqadi. Ammo u maqsadli reja qilishga odatlangan. Bu esa kamida foydali muvaffaqiyatsizlik va keyinchalik undan chiqarilgan xulosa kafolatini anglatadi.

Elon Mask aytadi:

"Muvaffaqiyatsizlik imkoniyani anglatadi. Agar unga ro‘para kelmasang, demak hali ilg‘or g‘oyalarni tatbiq qilishdan yiroqdasan."

Amalga oshirish:

  1. Agar amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihangizni o‘zingiz ham aniq tasavvur qila olmasangiz, miyada charx urayotgan fikrlarni tartib bilan qog‘ozga to‘king.
  2. Siz o‘zingizcha uchrash mumkin bo‘lgan muaffaqiyatsizlik ssenariysini yozing.
  3. Keyin bunga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan 10 ta omilni yozing.
  4. Har bir muammoni oldini olish bo‘yicha reja qiling.

5- Saboq:

Hadik va tashvishlarni chetga suring

Siz uchrashingiz mumkin bo‘lgan omadsizlikda o‘zingizni qanday tutishingiz mumkinligini o‘ylang. Lekin unutmang, sizga omad olib kelishi mumkin bo‘lgan ishning huzuri bundan 10 chandon ziyodroq bo‘ladi.

Elon Mask 17 yoshida biznesmen bo‘lib, o‘z kompaniyasiga ega bo‘lishni orzu qilgan. Shu orzuni amalga oshirish uchun u kam yeb, kam kiygan davrlari ham bo‘lgan. Janob Mask har kuni o‘zi uchun 1 AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ sarflashga ahd qilgan. Qolgan mablag‘ni tajriba sifatida kelajagi uchun yig‘a boshlagan. O‘sha kunlari u asosan hot-dog va apelsin yeb kun o‘tkazgan.

U buni kambag‘alligi uchun qilmagan. Janob Elon Mask aslida bu yo‘l orqali o‘zining irodasini sinovdan o‘tkazgan. U shu orqali kun kelib, mabodo inqirozga yuz tutgan mahalda ham, hech bo‘lmaganda 1 dollar bilan kun kechirishi mumkinligiga ishonch hosil qilgan. Shu orqali u muvaffaqiyat qarshisida pul aslida ahamiyatsiz narsa ekanini o‘zi uchun kashf qilgan. Aynan shu voqeadan keyin u biznesmen bo‘lish borasidagi qarorini hayotda sinab ko‘ra boshlaydi.

Elon Mask aytadi:

"1 dollar hisobiga bir kun yashay olishimni isbotlash borasidagi tajribam hech bo‘lmasa omadsizlikda ham ochlikdan o‘lmasligimni isbotladi. Axir bir oyda 30 dollarni osonlik bilan topsa bo‘ladi-da."

Amalga oshirish:

  1. O‘zingizdan mabodo omadsizlikka yuz tutgan vaziyatda yana yashab, oyoqqa turish uchun kuchni qay yo‘sin topa olishingizni so‘rang. Bularni yozishdan erinmang.
  2. Agar bu vaziyatdan chiqib ketishga ko‘zingiz yetsa, loyiha yoki maqsadni amalga oshiring.

6- Saboq:

Imkoniyatingni o‘z darajangizdan yuqori turgan loyihalarga sarflang  

Ko‘pchiligimiz mablag‘ ko‘proq to‘lanadigan joyga yuguramiz. Biz uchun osonroq va qiziqroq mehnat tarzi muhim. Ammo bizning sa’y-harakatimiz dunyoga qanday ta’sir o‘tkazayotgani, ertangi muammolarning oldini olishda ularning o‘rni, bugun yo ertani emas, istiqbolni ko‘zlab ish tutishimiz kerakligi xayolimizga ham kelmaydi.

Biznes vakili yoki boshqa biror sohada muvaffaqiyatga erishish istagidagi inson hamma kabi ufqqacha bo‘lgan masofani emas, ufqning orqa tomonida qanday manzara borligini ko‘ra olishi kerak.

Elon Mask hech qachon ko‘proq va osonroq pul topish yo‘lini izlamagan. U doim o‘zidan bir savolni – insoniyatni hozir nimalar qiynayotgani, kelajakda nimalar kutayotgani va odamlar bunga tayyor yoki yo‘qligini so‘raydi.

Elon Maskning suhbatlarini o‘qing, chiqishlarini kuzating: u hech qachon foyda to‘g‘risida og‘iz ochmaydi. U doim intervyularida o‘z loyihalarining insoniyatga tegishi mumkin bo‘lgan nafi haqida to‘xtaladi.

U o‘z dunyosini emas, insoniyat dunyosini o‘zgartirish uchun muammolarga yechim izlaydi.

Elon Mask aytadi:

"Modomiki yetarlicha asosli bo‘lgan nimanidir qilish kerak bo‘lsa, imkoniyatlar bizga qarshi bo‘lgan taqdirda ham, uni amalga oshirish kerak."

Amalga oshirish:

  1. Ayni vaqtda amalga oshirayotgan loyiha va maqsadingizni qog‘ozga tushiring.
  2. O‘zingizdan siz amalga oshirayotgan ish sizning imkoniyatlaringizdan yuqorimi yoki yo‘qligini so‘rang. Agar javob "yo‘q" bo‘lsa, unda o‘zingizga munosib bo‘lgan ishga kirishing.

 Elon Mask hayotiga oid infografika:

[caption id="attachment_3219" align="alignnone" width="1000"]Элон Маск ҳаётига оид инфографика Elon Mask hayotiga oid infografika[/caption]

Barchangizga hayotda va kasbiy faoliyatda omad yor bo‘lsin!