Toshkent shahrining bozorlaridagi «Elga xizmat» rastalaridagi maxsulotlar va xizmat ko‘rsatish xizmati "Oila davrasida" gazetasining jurnalistining tanqidiga uchradi.
Jurnalist Nodira Ahadovaning "Xizmat elgami yoki cho‘ntakka", deb nomlangan maqolasida qo‘yidagi ma’lumot keltirilgan: «Xullas, sal bo‘lsa-da, pulni tejay deb «Elga xizmat»dan uch kilogramm go‘sht xarid qildim. Bir kilosini 24 ming so‘mdan. Uyga kelib solishtirish uchun go‘shtini alohida ajratganimda, qariyb 1,5 kilogrammi suyak bo‘lib chiqdi. Essiz, 7-8 mingdan qochmaganimda tuzukroq go‘sht olgan bo‘lardim, deb rosa afsuslandim.
Hayron qolasan kishi: narxni arzonlashtirib, bunaqangi ko‘zbo‘yamachilik qilishdan xalqqa nima naf? Axir, bu odamlar ishonchini suiiste’mol qilish emasmi?..
Bir gal kartoshka olgani poytaxtimizning «Eski jo‘va» dehqon bozoridagi «Elga xizmat»da navbatga turdim. Odam ko‘p, hamma sabr bilan kutyapti. Shu payt bir ayol kelib, biror kishining ruxsatisiz bir necha qop kartoshkani aravaga orttirib, olib ketdi. Oldindan kelishilgan shekilli. Boshqalarga esa sotuvchi besh kilogrammdan ortiq kartoshka bermayapti. Odamlar e’tirozi, noroziligiga pinagini ham buzmadi.
Afsuski, aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadida ochilgan «Elga xizmat» chindan ham elga emas, kimningdir cho‘ntagiga xizmat qilayotganga o‘xshaydi».