Ayni paytda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni ketayotgan «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, deb yozadi O‘zA.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan edi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasini bundan buyon ham amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosini ta’minlash, shuningdek ushbu Konvensiya normalarini implementatsiya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu qonun loyihasi shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashga, konstitutsiyaviy tuzumni va davlatning hududiy yaxlitligini himoya qilishga, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berishga, ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga imkon berishi bilan ahamiyatli.
Mazkur hujjatni maromiga yetkazish, uni takomillashtirish yuzasidan jamoatchilikning takliflarini olish maqsadida qonun loyihasi parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytidagi «Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari» rukniga joylashtirildi.