Bilasizmi?

Ekspertlar tonirovka uchun to‘lov miqdorini keskin kamaytirishni taklif qilishdi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish choralari to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

“Tahlillar natijasida mazkur hujjat loyihasi yuzasidan quyidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalar aniqlandi: transport vositasi oynasining tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma olishga belgilangan miqdordagi to‘lovning amalga oshirilishi, ya’ni bu xizmat bepul emasligi, tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorining o‘ta yuqoriligi hamda foydalanish muddatining qisqaligi”, - deyiladi markaz saytida.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, ushbu xizmatdan foydalanish uchun to‘lov miqdori jismoniy shaxslarga eng kam oylik ish haqining 90 baravari (16 mln 587 ming so‘m), yuridik shaxslarga 120 baravari (22 mln 116 ming so‘m), chet davlatlarning yuridik shaxslariga 140 baravari (25 mln 802 ming so‘m) miqdorida qilib belgilash taklif etilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi fuqarolar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildiradi. Jumladan, aholining barcha qatlamlari ushbu xizmatdan moliyaviy sabablar natijasida birdek foydalana olmasligiga olib keladi. Xususan, belgilangan to‘lov miqdori o‘rtacha 2 mln. so‘m oylik maosh oluvchi o‘qituvchi, shifokor yoki boshqa byudjet tashkiloti xizmatchisining 9 oylik maoshining miqdoriga to‘g‘ri keladi. Pensionerlar esa bu xizmatdan deyarli foydalana olmaydi.

“Shuningdek, yilda bir marotaba tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish uchun murojaat qilish – navbatdagi byurokratiya omillarining paydo bo‘lishiga olib kelmaydimi?”, - deyiladi ekspertlar tahlilida.

Tahlilda bildirilishicha, qator rivojlangan davlatlar, xususan, orqa va yon orqa oynalari 100 foiz tusi o‘zgartirilgan transport vositalaridan foydalanishga Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada ruxsatnoma raqamiga va oyna tusi kim tomonidan o‘zgartirilganligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish sharti bilan, Belgiya, Chexiya, Fransiya, Italiya, Polshada esa tusi o‘zgartirilgan oyna sertifikatlangan bo‘lishi sharti bilan bepul ruxsat etiladi. Bu holat yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi sabab va omillar sifatida umuman qaralmaydi. Aksincha, transport vositasiga kiradigan quyosh nurlaridan himoyalanish, orqadan kelayotgan transport vositasining chiroq nurlarini qaytarish sifatida qaraladi.

Pullik ruxsat berish tizimi mavjud bo‘lgan mamlakatlardan qo‘shni Qirg‘izistonda transport vositasi orqa va yon orqa oynalarini tusini o‘zgartirishga ruxsat olish uchun to‘lov bir yilga 200 AQSh dollariga teng miqdorda hamda Tojikistonda bir yilga 310 AQSh dollariga teng miqdorda undirilishi belgilangan. Bu esa O‘zbekistonda taklif etilayotgan to‘lov miqdori bilan taqqoslaganda Qirg‘izistondan deyarli 20 baravarga, Tojikistondan qariyb 7 baravarga qimmat degani.

Ekspertlar ushbu xizmat barcha uchun qulay, ijtimoiy tenglik tamoyilidan kelib chiqib, adolatli amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini bildirgan.

“Tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun belgilanadigan to‘lov qiymatining yuqoriligi iqtisodiy jihatdan ushbu xizmatdan foydalanishdan kelib tushadigan mablag‘ miqdorining kamayishiga olib keladi. Aksincha, to‘lov miqdorini kamaytirgan holda, xizmatdan foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, - deyiladi ekspertlar tomonidan.