Tanishimni iltimosi bilan bir xonadonga ish bilan bordik. Xonadonda yoshlari sakson birga kirgan onaxon istiqomat qilar ekan. Tikuvchilardan qolgan qiytimlardan choynak kiydirgich, choynakni tagiga qo‘yadigan narsalar va ko‘rpa qovib tirikchilik qilar ekan.
Tan olish kerak, yurtimizdagi ko‘plab qariyalar bilan gaplashsangiz ensangiz qotadi, bo‘lar bo‘lmas gaplar bilan boshingiz og‘riydi. Ammo onaxonni yuzlaridan nur yog‘ar, har-bir kalomlari Quron va hadisdan iborat. Xullas, gaplashsangiz qalbingiz orom topadi. Yumush bilan kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Miriqib suhbatlashdim. Onaxonni aytib bergan bir voqealari esa juda ham to‘lqinlantirdi. Quyida shu voqeani keltiraman:
"Yoshim saksonga qarab yaqinlashgani sari, Allohdan chin ko‘ngildan duo qilardim. Har namozimda "ya, Alloh, baytingni tavof qilishni menga nasib ayla", deb duo qilardim. Cholimdan erta tul qoldim. Bir o‘g‘lim taqdir taqozosi bilan qamalib qoldi. Ikki qizim uyli-joyli bo‘lib, o‘zidan tinchib ketgan. Bir nevaram bilan o‘zim yashayman. Umr bo‘yi ko‘rpa qovib, qiytimlardan bir narsalar yasab, halol tirikchilik qildim. Allohga shukr, rizqimni berdi. Ortira olmagan bo‘lsam ham zoriqib, birovdan tilanmadim. Hajga ketayotganlarni ko‘rsam yurak bag‘rim oqib ketardi. Yig‘lab duolar qilardim. Alloh, menga ham nasib ayla, deb tinimsiz nola qilardim. Ey, bolam, bir kun eshik taqilladi. Chiqsam Mahalladan ekan. "Ona tez kiyinib chiqing, ish bor" deyishdi. Kiyinib, ortlaridan ergashdim. To‘g‘ri bankka olib borishdi. Bir dunyo pulni kassaga topshirib, qo‘l qo‘yishimni so‘rashdi. Nima bo‘layotganini tushunmay angrayib tursam, bir yigit "Holajon, qo‘lni qo‘yavering, hali hursand bo‘lasiz", dedi. Pulni to‘lab chiqdik. Boyagi yigit qo‘limga 500 $ (besh yuz dollor) pul berdi-da: "hajga borasiz. Tayyorgarlikni ko‘ravering" - dedi. Boshim aylanib, tilim kalimaga kelmay qoldi. Bir ozdan so‘ng o‘zimga kelib "hoy, bolasi tushmagur, tushuntir, nima bo‘lyapti o‘zi?" dedim. "Men ham bilmayman, ona. Bir yaxshi odam boshqa bir yigitchadan pul jo‘natib, shu hayrli ishga meni mas’ul qilibdi. Biz ham kim bu ishni qilganidan bexabarmiz. Duo qilib qo‘yaverasiz", dedi.
Allohning mo‘jizasiga tan berdim. Duolar qildim. Yig‘lab-yig‘lab tayyorgarlikni ko‘rdim-da, hajga jo‘nadim. Hajdagi voqealar o‘zi bir dunyo. Hamma amallarni bajardik. Allohdan meni baytini ko‘rishga sababchi bo‘lgan inson haqqiga duo qildim. Arkonlarni bajarib, ortga qaytish boshlandi. Uyga qaytar ekanman, uyimni xolatidan bir oz hijolat chekdim. Tanish-bilishlar ziyoratga kelsa, bir-oz noqulay bo‘ladi, deb o‘yladim o‘zimcha. Uyga kelib, ne ko‘z bilan qarayki darvozam boshqa. Uyimni tanimadim. ichlari ohlanib, bir chiroyli, ko‘z ko‘rsa quvnaydigan xolatga keltirilibdi. Buni ham o‘sha ko‘rinmas odam qilganmish. O‘sha voqealarga ikki yildan oshdi. Hali ham o‘sha inson haqqiga duo qilaman. Kimligini esa bilmayman. Dunyoda yaxshilar bor ekan - qiyomat bo‘lmaydi"
Mana, eshitgan voqeam mana shu. Men juda ta’sirlandim. G‘oibona yaxshilik qilgan inson haqqiga men ham duo qildim. Onaxon to‘g‘ri aytdilar "Yaxshilar bor ekan, qiyomat bo‘lmaydi".
Sayyid Islom