Mamlakat aholisini sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va O‘zbekiston farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini, jumladan, dori moddalari (substansiyalar) va dori preparatlari (keyingi o‘rinlarda dori vositalari deb ataladi)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibini 2018 yil 1 avgustdan joriy etish to‘g‘risidagi takliflarini ma’qullash qayd etildi.
Farmonda quyidagilar belgilab qo‘yildi:
a) ijtimoiy dorixonalar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularning sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi;
b) yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalarini tan olish:
xavfsizligi, sifati va samaradorligi bo‘yicha shubha uyg‘otmaydigan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlarni tabaqalashtirish asosida;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi;
v) mazkur farmonning 1-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartib qo‘llaniladigan dori vositalari ushbu vositalarning xavfsizligi, sifati va samaradorligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ekspertiza qilinmaydi.
Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov, O‘zbekiston Respublikasining bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shadmanov zimmasiga yuklatildi.