Men semiz, dangasa va loqayd bir nusxaga aylanib ulgurganimda atigi 35 yoshda edim. Nafasim qisadigan, yuragim ham tez-tez bezovta qilib turadigan bo‘ldi. Bo‘g‘inlarim besabab og‘rib qolardi. Uchinchi qavatdagi uyimga chiqquncha hansirab qoladigan ahvolga tushdim. Shuncha sabab ham meni “uyg‘otolmayotgan” edi.
Kunlarning birida, aniqrog‘i o‘tgan yilning bahorida og‘aynilarim bilan yig‘ildik. Kimdir rosa suratga olgan ekan, o‘sha suratlardan mengayam berishdi. Fotosuratlarga qarab turib, kayfiyatim buzildi. Ularda mening o‘rnimda qandaydir yog‘ bosgan, qorni xunuk osilgan bir kimsa qarab turar edi. Xullas, suv bo‘yida tushirilgan ana shu surat menga juda qattiq ta’sir qildi.
Nahotki endi umrimning oxirigacha mana shu “shakl-shamoyilga” toqat qilishim kerak? Bu ahvolda qirqqa yetmay jiddiy xastaliklarni orttirishim aniq.
Bu muammomi? Ha, bu men va tengdoshlarimning ko‘pchiligini o‘ylantirayotgan muammo.
Men haliyam kech emasligini, ammo paysalga solsam aniq kech bo‘lishini tushunib turardim. Oldimga maqsad qo‘ydim: Bu muammoga yechim topaman!
Birinchi qilgan ishim, o‘zimga chetdan nazar tashladim. Tashqi ko‘rinishim, yumshoq qilib aytganda, havas qilarli emas edi. (Afsuski, bizda haliyam ko‘pchilik semirish va qorin qo‘yishga oddiy hol, hatto ijobiy hol sifatida qaraydi). Bir paytlar trenajer zallaridagi soatlab mashg‘ulotlar natijasida shakllantirilgan mushaklar osilib ketgan, tanamning beso‘naqay yo‘g‘onlashganidan kiyimlar taranglashgan… O‘zim esa bo‘rdoqiga boqilgan jonivorday beso‘naqay, loqayd bir nusxaga aylangan edim. G‘ayrat-shijoat, o‘zimga bo‘lgan ishonch qayergadir yo‘qolgan edi.
Atrofimga qaradim. Stolim usti, javonlarim keraksiz, ko‘rib chiqishga hech qachon vaqtim yetmaydigan qog‘ozlar taxlamiga to‘la.
Hammasini boshidan boshlashim kerak!
Hali sport bilan shug‘ullanish haqida gapirishimga erta edi. Hozircha yelkamga yuk bo‘lib bosib turgan, yillar davomida yig‘ilib ketgan chala qolgan ishlarni yakuniga yetkazishim kerak. Yoki ulardan voz kechishim kerak. Shunday qildim. Afsuslanmadim.
So‘ng ko‘chaga chiqdim. Atrofga qarasam, hayot qaynayapti. Toza havoda uzoq sayr qildim. Bir donayam sigaret chekmadim. O‘zgarishni sezdim. Negadir, odatdagiday uyimdagi yumshoq divan, televizor yoki kompyuter o‘ziga tortmadi. Men uzoq mahkumlikdan so‘ng ozod bo‘lgan odamday edim.
Uyga qaytib, bir paytlar menga qadrdon bo‘lgan mashqlarni bajarishga kirishdim.
O‘sha kuni tiniqib uxladim. Bomdoddan so‘ng, ertalabki badantarbiyani bajardim. Sovuq dush qabul qildim. Nonushta muncha mazali bo‘lmasa!
Ishga hammadan erta boribman. Ish stolimni ham tartibga keltirdim, ortiqcha qog‘oz uyumlaridan voz kechdim. Kompyuter xotirasidagi keraksiz fayllarni tozalash ko‘p vaqtni oladi, buni keyinga qoldirdim.
O‘sha kuni ishimda ham baraka bo‘ldi. Yig‘ilib qolgan ishlarimning hammasini biryoqli qilib ulgurdim.
Keyingi paytda ish vaqti bilan birga mening ham energiyam tugab bo‘lar, uyga boshimda og‘riq bilan zo‘rg‘a yetib olar edim. O‘sha kuni bunday bo‘lmadi.
Bir hafta o‘zimga talabchanlikni susaytirmadim. Badantarbiya va chekishni kamaytirganim o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: ikkinchi haftada sumkamni yelkamga osgancha ko‘z ostimga olib qo‘yganim – trenajer zaliga kirib bordim.
Ishxonada ham o‘zim tushungan, o‘zimga ma’qul ishlarni qiladigan bo‘ldim. Asablarimni qaqshatadigan, majburiyat yuzasidangina qilinadigan ishlardan voz kechib qo‘ya qolaman.
Dangasalik degan kuchli raqibimni yenga boshladim. Lekin u osonlikcha taslim bo‘lishni istamas, ayrim paytlarda g‘olib chiqar edi. Lekin men har safar o‘jarlik bilan uning oyog‘ini osmondan qilib tashlar edim. Shu tariqa haftalar, oylar o‘tdi. Men o‘zgardim. Xo‘sh, bu nimada ko‘rindi?
Ishda
Sutkada 24 soat ishlab ham tayinli natijaga erisholmagan kunlarim ortda qoldi. Ish kunlarim ilgarigiday kuchimni so‘rib olmas, ishxonaga yaxshi kayfiyatda borib, tetik holda qaytar edim. Atrofdagilarning ham munosabatida yaxshi tomonga o‘zgarishlarni ko‘rib-bilib turaman.
Ish stolimga tanda qo‘yib olish endi yo‘q. Endi har zamonda emas, ko‘nglim tusagan paytda toza havoga chiqib turaman. Chekish uchungina emas, shunchaki, musaffo havodan bahramand bo‘lish uchun. Menimcha, hech qanday ishxonada toza havoga chiqish huquqi cheklanmagan.
Oilada
Endi oilamga ko‘proq vaqt ajrata olaman. Oila a’zolarimga munosabatim o‘zgardi. Ular bilan mashg‘ulotlar o‘tashga ham vaqt va hafsalam yetadi. Ular bilan sayrga chiqishga avvalgiday erinchoqlik qilmayman. O‘zimning ham, ularning ham kundalik ratsioniga e’tibor qarataman. Farzandlarimning maktabdagi o‘zlashtirishi, sportdagi yutuqlari yaxshilanib borayapti.
Nima desam ekan, oila a’zolarim meni avvalgidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rayotganday, nazarimda.
Ovqatlanish
Ovqatdan parhez tabiatimga begona. Faqat me’yorni bilaman, nima tanovvul qilayotganimni nazorat qilishga qurbim yetadi.
Chekish
Chekishdan butunlay voz kechmagan bo‘lsam ham, oldingi davrimga taqqoslaganda katta farq bor. Bir quti sigaret uch-to‘rt donaga tushdi. Ish stolimda chekishni butunlay to‘xtatdim. Chekmasam ishlay olmayman, deganlar o‘zlarini aldaydilar.
Men bularni faqatgina semizlik va beo‘xshov qomatga emas, hammamizning dushmanimiz – dangasalikka qarshi kurash degan bo‘lardim.
Yalqovlikni yengish aslida qiyin emas ekan.
P.S: Bularni yozishdan boshqa bir narsani ham ko‘zlaganman: mabodo, yana dangasa, tushkun bir kimsaga aylansam, bu tavsiyalarim o‘zimga ham asqotib qolishi mumkin.
Zohid
Manba: Tafsilot.uz