22 avgust kuni Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Orex- Loisirs» va «SCP Geode» fransuz kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashdi. KUN.UZ muxbiri hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Fransiyaning turizm va rekreatsion zonalar yaratish sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalarini "Chorvoq" erkin turistik zonasini yaratish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarga jalb qilish masalalari muhokama qilishdi. Mashhur mahalliy brendlarni jalb qilish, plyaj hordig‘i, suv sporti turlari, tibbiyot hamda ekstremal turizm bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatuvchi turistik ob’yektlarni yaratish, golf maydonlarini qurish, Chimyonda tog‘ klasterini tashkil qilish kabilar shular jumlasidandir.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar 28-31 avgust kunlari «Orex-Loisirs», «SCP Geode», «Compagnie des Alpes»kabi fransuz kompaniyalari ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishga kelishib olishdi. Tashrif davomida "Chorvoq" erkin turistik zonasidagi loyihalarni amalga oshirish va aniq vazifalarni belgilab olishga doir muzokaralar o‘tkaziladi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishda fransuz kompaniyalarining asosiy hamkorlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib belgilandi.