Sigareta chekish illatidan voz kechishning eng oson yo‘lini topish maqsadida so‘nggi yillarda bir qator ilmiy muassasalar izlanishlar olib borishmoqda. Ayniqsa, kashandalar soni juda ko‘payib ketgan Buyuk Britaniyada mazkur yo‘nalishdagi loyihalar muntazam amalga oshiriladi.
Hozirgacha buning ikki yo‘li tavsiya qilinadi: biri butun sigaretani to‘liq chekmasdan yoki oz-ozdan qisqartirib chekish va oxir-oqibat undan xalos bo‘lish, ikkinchisi esa kundalik chekiladigan sigaretalar sonini kamaytirish orqali.
Ma’lumki, ko‘pchilik odamlar kunlik chekiladigan sigaretalar sonini asta-sekin kamaytirish orqali kashanadalik zararidan qutulish mumkin, deb hisoblaydilar.
Oksford universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlar doirasida chekuvchilarning bu boradagi fikrlarini o‘rganib chiqib, bu usullarning qaysi biri samarali ekani haqida xulosa chiqarildi. Ma’lum bo‘lishicha, kashanda sigaretani sonini asta-sekin kamaytirganda ko‘ra, uning chekiladigan hajmini kamaytirib borsa chekishdan osonroq qutular ekan.
Tadqiqot doirasida har kuni 15 dona sigareta chekadigan, chekishni tashlash rejasida bo‘lgan 700 nafar ishtirokchi tanlab olingan va ikki guruhga bo‘lingan. Har ikkala guruhdagilarga 2 hafta ichida chekishni tashlash vazifasi qo‘yilgan.
Birinchi guruhga shu muhlat ichida sigaretaning chekiladigan hajmini kamaytirish orqali kashandalikni to‘xtatish sharti qo‘yilgan.
Ikkinchi guruhga esa esa kunlik sigaretalar sonini asta-sekin kamaytirish yo‘li bilan aytilgan kungacha chekishni tashlash vazifasi qo‘yilgan.
2 hafta mobaynida har ikkala guruh a’zolari o‘rtasida chekishning zararli oqibatlari haqida targ‘ibot ishlari, chekishni boshqa odatga almashtirishga yordam beradigan mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.
Sigaretadan voz kechish kunidan so‘ng tadqiqot vaqtincha to‘xtilgan. To‘rt haftadan so‘ng ishtirokchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, chekishni sigaretaning chekilgan hajmiga ko‘ra tashlagan ishtirokchilar guruhining natijasi ikkinchi guruhga nisbatan 25 foiz yuqori ekan. Chekishdan sigareta hajmini qisqartirib voz kechgan ishtirokchilarning 49 foizi bu illatdan xalos bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi guruhdagi 39 foiz kashandalar bu ishni uddalay olganlar.
Shundan so‘ng 6 oydan so‘ng ishtirokchilar o‘rtasida yana so‘rov tashkil etilgan. Unga ko‘ra, birinchi guruhdagilarning 22 foizi, ikkinchi guruhdagilarning 15 foizi hali ham kashandalik balosidan qutula olishmagan ekan. Ya’ni, sigaretaning chekiladigan hajmini tobora kamaytirib, bora-bora 1-2 marta va keyinchalik umuman chekmaslik tamaki zararidan xalos bo‘lishning samarali usuli ekan.
Unutmang, sigareta tarkibidagi 300 dan oshiq kimyoviy moddalar saraton, yurak xuruji kabi bedavo kasalliklarni keltirib chiqaradi!