Bilasizmi?

Byudjet tashkilotlari bo‘sh mablag‘larini o‘zlari mustaqil banklarga joylashtirishlari mumkin

Vazirlar Mahkamasining 22.05.2018 yildagi 383-son qarori bilan byudjet tizimining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishning yangi tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Ilgari amal qilgan tartib kuchini yo‘qotdi. Yangi tahrir joriy etilishi bilan ta’riflanayotgan taomil qanday o‘zgarganini ko‘rib chiqiladi.

Birinchidan, Moliya vazirligi G‘aznachiligi Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi (keyingi o‘rinlarda – YaG‘H) vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha yagona organ etib belgilandi. Ilgari bu funksiyani Moliya vazirligi bajargan. Eslatib o‘tamiz, YaG‘Hga Moliya vazirligi tomonidan boshqariladigan byudjet tizimi byudjetlarining barcha daromadlari o‘tkaziladi.

Ikkinchidan, davlat maqsadli jamg‘armalari va byudjetdan tashqari boshqa jamg‘armalarga, shuningdek byudjet tashkilotlariga vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga o‘zlari mustaqil joylashtirish yoki buning uchun g‘aznachilik bo‘linmalariga buyurtmanomalar taqdim etish huquqi berildi (ilgari bunday mablag‘lar faqat Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan). Buyurtmanomada majburiy tartibda joylashtirish hajmi va muddati (12 oygacha) ko‘rsatiladi. Bunda bo‘sh mablag‘larni joylashtirishdan olingan daromadlar 2 ish kuni mobaynida to‘liq hajmda ularning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.

Uchinchidan, depozitlarga mablag‘larni joylashtirishdan oldin endi G‘aznachilik kelgusi chorak uchun joylashtirilishi rejalashtirilayotgan bo‘sh mablag‘lar hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotni Markaziy bankka taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida Markaziy bank joylashtiriladigan bo‘sh mablag‘larning eng yuqori hajmi va eng kam foiz stavkasini belgilaydi.

To‘rtinchidan, ularning depozitlarida bo‘sh byudjet mablag‘lari joylashtirilishiga talabgor bo‘lgan tijorat banklariga talablar ham o‘zgardi. Endi ularning ustav kapitalida davlat ulushining mavjud bo‘lishi muhim emas. Biroq har yillik tashqi audit ijobiy xulosasi zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, ilgarigidek, bankda G‘aznachilik tomonidan ilgari joylashtirilgan depozitlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikning yo‘qligi inobatga olinadi.

Beshinchidan, depozit summasiga eng yuqori daromad foizini taklif etganlar orasidan bank-g‘olibni aniqlash tartibi o‘zgardi. Agar ilgari ustav kapitalida eng ko‘p davlat ulushiga ega bankka ustunlik berilgan bo‘lsa, endilikda eng manfaatli taklifni birinchi taqdim etgan bank g‘olib sanaladi. Shu bilan birga joylashtirish jarayonida inson omilini istisno qilish uchun banklar takliflarini elektron tanlash bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqilmoqda.

Oltinchidan, vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirishdan olingan daromadlar umumiy miqdorining 20%i endi Moliya tizimini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Hujjat 24.05.2018 yilda kuchga kirdi.