Ta’lim

Buyuk Britaniyaning eng nufuzli besh universiteti

Hayotda munosib o‘ringa ega bo‘lishda ta’limning o‘rni beqiyos. Aytishlaricha, ta’lim maskanlarining rivoji yer yuzida jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilar ekan. Yaxshi ta’lim – farovon umrning garovidir. Bugun jahonning 180 dan ziyod davlatidagi oliy ta’lim muassasalari soni deyarli 24 mingtaga yetadi.

Biz sizga quyida ilm-ma’rifatning markaziy o‘choqlaridan bo‘lgan Buyuk Britaniyaning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqida ma’lumot beramiz.

Kembrij universiteti

Buyuk Britaniyaning hamda dunyoning eng yaxshi universitetiga 1209 yil asos solingan.

Angliyaning Kembridjshir grafligida joylashgan.

Universitet tarkibida 31 ta kollej,150 ta kafedra, fakultet, maktab va institutlar mavjud. Bu yerda 28 ta ta’lim yo‘nalishida o‘quv ishlari tashkil qilinadi.

Ayni paytda universitetda 18,448 nafar talaba ta’lim oladi.

Universitet shiori: “Biz bu yerda qimmatli ma’rifat va bebaho bilimlar olamiz”.

Xalqaro talabalarga 2016 – 2017 o‘quv yili uchun o‘quv-shartnoma puli o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, 23 – 55 ming AQSh dollari.

Oksford universiteti

2University-Oxford(4)

Jahonning eng qadimgi va nufuzli ta’lim muassasasiga taxminan 1096 yil asos solingan.

Universitet janubiy Angliyaning Oksford shahrida joylashgan.

Universitet tarkibida 38 ta kollej hamda 100 dan oshiq kafedra, fakultet va ilmiy institutlar mavjud. Bu yerda 100 dan oshiq ta’lim yo‘nalishida o‘quv ishlari tashkil qilinadi.

Ayni paytda universitetda 22,116 nafar talaba ta’lim oladi.

Universitet shiori: “E’tiqodim – mening ma’rifatim”.

Xalqaro talabalarga 2016 – 2017 o‘quv yili uchun o‘quv-shartnoma puli o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, 22 – 33 ming AQSh dollari.

London kollej universiteti 

Xalqaro universitetlar reytingiga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari o‘ntaligidan joy olgan London kollej universiteti jahonning eng nufuzli ta’lim maskanlaridan biridir. Unga 1826 yil asos solingan.

Universitet Londonning Blumsberi tumanida joylashgan.

London kollej universiteti tarkibida 11 ta fakultet hamda 100 dan oshiq kafedra, ilmiy tadqiqot institutlari mavjud.

London kollej universiteti Londondagi eng ko‘p talabalar tahsil oladigan universitet hisoblanadi. Bu yerda 36,000 nafar talaba bilim oladi.

Universitet shiori: “Xizmati tufayli ulkan mukofotga erishmoqchi bo‘lganlarning barchasi kelsin”.

Xalqaro talabalarga 2016 – 2017 o‘quv yili uchun o‘quv-shartnoma puli o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, 23,000 – 46 ming AQSh dollarigacha.

London imperial kolleji

Ilm-fan, injenerlik, tibbiyot va biznes sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan London imperial kolleji universitetiga 1907 yilda asos solingan.

Universitet Markaziy Londonning Janubiy Kensington tumanida joylashgan.

Britaniyaning Quacquarelli Symonds kompaniyasining 2014-2015 o‘quv yillari bo‘yicha Jahon universitetlari reytingida London imperial kolleji 2-o‘rinni egallagan.

Universitetda 4 asosiy fakultet va 40 dan ziyod kafedralar, tadqiqot institutlari mavjud.

Mazkur ta’lim maskanida dunyoning 125 mamlakatidan 14,700 nafardan ziyod talabalar tahsil oladi.

Universitet shiori: “Bilim - bezak va imperiyaning himoyasi”.

Xalqaro talabalarga 2016 – 2017 o‘quv yili uchun o‘quv-shartnoma puli o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, 23,000 dan – 30 ming AQSh dollarigacha.

Edinburg universiteti

Shotlandiyaning eng qadimgi ushbu ta’lim maskaniga 1583 yilda asos solingan.

Qadimgi binolar va yodgorliklarga ega universitet YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Oliy ta’lim muassasasi Shotlandiya poytaxti Edinburg shahrida joylashgan.

Bu yerda Charlz Darvin, Graham Bel, Artur Konan Doyl kabi taniqli shaxslar ta’lim olishgan.

Ta’lim maskani tarkibida 8 ta fakultet, 3 ta kollej va 70 dan ziyod institut va kafedralar, ilmiy muassasalar, 22 ta maktab mavjud.

Edinburg universitetida 32 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi.

Universitet shiori: “Bilimsiz hammasi behuda”.

Xalqaro talabalarga 2016 – 2017 o‘quv yili uchun o‘quv-shartnoma puli o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, 24,000 dan – 31 ming AQSh dollarigacha.