Buyuk qalb egasi Gandining Gujarotdagi Hridaya Kunj uy-muzeyida dunyoning buyuk insonlari qatorida Rus adibi Tolstoy surati ham tasvirlangan. Bu bejizga emas. Zero, bu ikki dahoning g‘oyasi yagona bo‘lgan: ular zo‘ravonlikni ezgulik bilan yengish mumkin deb hisoblashgan.
Lev Tolstoy barcha adiblar havas qiladigan ijodkor. Abdulla Qahhor Lev Tolstoyni “bo‘yi barobar kitob yozgan” deya ta’riflaydi. "Urush va tinchlik", "Anna Karenina" kabi barhayot asarlar muallifi 82 yillik umrini qay tarzda munosib taqsimlagani barcha uchun qiziq.
"Boshqalardan hech bir farqli jihatim yo‘qligi haqidagi fikrga o‘zimni ham, boshqalarni ham ishontirishim kerak," deb yozgan edi yozuvchi 25 yoshida, 1853 yil. Biroq bu fikr aytilishidan 3 yil ilgari adib hikmat va ijodga boy hayot yo‘lining asosi bo‘lgan umr qoidalarini belgilab olgan edi.
Adib har tong soat beshda uyg‘onishga, kechki o‘ndan kechikmasdan tungi uyquga ketishga odatlangan ekan. Shuningdek, Tolstoy kunduz kuni ham 2 soatlik uyquni kanda qilmagan. Ovqatlanish masalasida adib to‘yib ovqatlanishni qoralagan. Tolstoy doimo shirinliklardan o‘zini tiygan ekan.
Adib bir kunda kamida bir soat yayov kezishni xush ko‘rgan. U o‘zining yordamiga muhtoj bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlagan, g‘iybatlarga e’tibor qaratmagan. Tolstoy barcha ishni o‘z vaqtida, bir vaqtning o‘zida ikki ishni qilmaslikka odatlangan.
Zarurat tug‘ilmasa, yozuvchi tasavvur va orzulariga erk bermagan. Adib tuyg‘ularini oshkor qilmagan. Kayfiyatini odamlarning u to‘g‘risidagi fikrlaridan himoya qila olgan. Tolstoyning uni sevgan, ishqiy maktublar yo‘llagan muxlisalari juda ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, adib ayollarga nisbatan doimo do‘stona munosabatda bo‘lgan.
Tolstoy o‘zini oshkor qilmasdan turib, olijanob ishlarni qilishni ham xushlagan. Adib o‘zidagi kuchli ehtiroslardan uzoq va mashaqqatli ijodiy jarayon yordamida g‘olib kelgan. Omadi yurishmagan kishilarga muruvvat ko‘rsatish adibning hayot shiori bo‘lgan.
50 yoshida uning hayotida keskin burilish sodir bo‘ladi. Tolstoy hayotining asosiy mazmuni “Hayotning ma’nosi nimada?”, degan savol bo‘lib qoladi. Bu uning uchun o‘ta og‘riqli, qiynoqli edi.
Lev Tolstoy quyidagi qoidalarga amal qilgan:
- O‘zi bilmagan yoki yoqtirmaydigan odamlarning maqtovini olishga urinmagan.
- Har tongda kunlik reja tuzib, uni bajarishga uringan.
- Boshqalarning fikri bilan hisoblashish o‘rniga o‘z ustida ko‘proq ishlagan.
- Shuhrat uchun sarf-xarajat qilishdan o‘zini tiygan.
- O‘zi uchun iloji boricha ko‘proq foydali mashg‘ulot o‘ylab topishga intilgan.
- Bir o‘zi uddalay olishi mumkin bo‘lgan ishga boshqalarni ovora qilmagan.
- Hech qachon hissiyotlarini oshkor qilishga urinmagan.
- Yaqin kishisini o‘ziday yaxshi ko‘rishga, ikki yaqin kishisini esa o‘zidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rgan.
- Yaxshilik qilishga imkon izlagan.
- Yaxshi bo‘lishga va uning yaxshi ekanini hech kim bilmasligiga intilgan.
- Har tun kunduzi o‘rganganlarini takrorlashni odat qilgan.
- Ortiqcha narsani o‘zi uchun emas, jamiyat uchun ishlatgan.
- Hammani birday yaxshi ko‘rgan, xususan buning qatorida o‘ziga nisbatan mehr ham bo‘lgan.
- Elning muhabbati uchun mayda tuyg‘ulardan voz kechgan.
- Boshqa odamlarning hamisha yaxshi tomonini izlagan, yomon tomoniga diqqat qaratmagan.
- Sharoit qancha yomon bo‘lsa, harakatni shuncha kuchaytirishga intilgan.
- Bor narsalarga qanoat qilishni odat bilgan.
- Biror ishni boshlasa, oxiriga yetkazmay tashlab ketmagan.