Minglab kishilar maoshni maoshga yetkazib yashaydilar. Moliya mutaxassisi Tom Korli (Tom Corley) kambag‘al va boy odamlar odatlarini uzoq yil kuzatdi. Uning “Kundalik muvaffaqiyat: boy odamlarning odatlari” kitobida badavlat kishilar qaysi odatlari bilan boshqalardan farqlanib turishlariga to‘xtaladi. Bundan tashqari Korli muvaffaqiyat va boylikka erishish uchun bir qator tavsiyalar beradi. Bu tavsiyalar maqolamizda aks etgan.
- Har kuni biror foydali odatni kasb qiling
Biz foydali odat deganda biror foydali amal, xatti-harakatni davomiy bajarishga o‘rganishni nazarda tutmoqdamiz. Foydali odatlari bilan omadli odam omadsiz kishidan farqlanadi.
Tom Korli kitobida bir varaq qog‘ozni ikkiga bo‘lib chap tarafiga zararli odatlaringizni, o‘ng tarafiga esa ulardan qanday qutulish haqida yozing, deydi. Masalan bunday qilib:
Yomon odatlar | Yaxshi odatlar |
Televizorni ko‘p ko‘raman | Tv tomoshasini kuniga bir soatdan oshirmayman |
Ismlarni eslab qololmayman | Xotirlash mashqlarini bajaraman |
Behuda narsalarga ko‘p pul sarflayman | Mablag‘ sarflashga cheklov o‘rnataman va har gal o‘zimga “Nega kerak?” degan savolni beraman |
Har bir punktga 30 kun davomida qat’iy rioya etishga bel bog‘lang. Bir oydan so‘ng hayotingiz o‘zgarib ketganidan hayratlanasiz.
- Hamisha oldingizga maqsad qo‘ying
Omadli odamlarni maqsad harakatlantiradi. Ularning oldida zabt etilmagan cho‘qqilar turadi. Cho‘qqidan oshish uchun kunini to‘la rejalashtirib oladi.
Siz ham ulardek bo‘lishni istasangiz, bir haftaga, bir oyga yoki bir yilga mo‘ljallangan maqsadni oldingizga qo‘ying. Ammo rejasiz ish qolipsiz g‘isht kabidir, shu sababli maqsadga intilish reja asosida bo‘lsin. Maqsadga yetish algoritmini tuzing. Har bir tashlagan va tashlamagan qadamingiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmangizga oling.
- Asosiy sabab nima?
Boylik va omadga erishishni jon-dildan istab maqsad qo‘ydingiz. Ammo maqsadingiz ostida nima yotibdi? Sizga omad nega kerak? Bunga o‘zingizda ichki ehtiyoj bormi yoki tanishlaringizga “ko‘rsatib qo‘ymoqchi”misiz? Ko‘p pul topish nega kerak? Oila boshlig‘i sifatida vazifangizmi yoki “hamma shunaqa qilyaptiku”, deb izohlaysizmi? Bu haqda chuqur o‘ylab ko‘ring.
- Ishni oxirigacha yetkazing
Ishni boshlaganda yoki yarmiga kelganda birdan cho‘chish hissi paydo bo‘lishi mumkin: “eplolmasam-chi..”, “juda qiyin ekan..”. Ammo uddaburon va irodali kishilar boshlagan ishini yakuniga yetkazmasdan qo‘ymaydi.
Tom Korli bu hol tadbirli kishilarda avtomatik tarzda sodir bo‘ladi, deydi. Bir narsaga ishtiyoq paydo bo‘ldimi – miyasida “Bu ishni qilish kerak” degan chiroq yonadi. Qancha zerikarli va murakkab tuyulmasin siz ham shu chiroqni yoqing.
- Ishni ortig‘i bilan bajaring
Boshqalardan ortda qolmaslik uchun shunchaki ish-pish qilib yurganlar o‘rtamiyona kishilardir. Muvaffaqiyatni quvlagan inson ishni ortig‘i bilan bajarishi shart! Buning uchun ishda tutilib qolishni vaziyat taqozo qilsa, shunday qiling.
Kichik qo‘shimcha. Ishga bor kuch-g‘ayratni sarflashingiz uchun o‘zingiz yoqtirgan faoliyat bilan shug‘ullanishingiz kerak. Xullas, ko‘nglingizdagi ish bilan shug‘ullaning.
- Odamlar bilan munosabatlarni izga soling
Omadli shaxslar xudbin yoki odamovi emas. Ularning diqqat markazida doimo boshqalar turadi. Ayrimlari hamkorlar va do‘stlari bilan atayin uchrashishga alohida kun ajratishadi.
Omadi kulgan kishilar tanish-bilishlari safini kengaytirishga intiladi, birodarlariga tez-tez beg‘araz ko‘maklashib turadi.
Tanishlaringiz soni qancha ko‘paysa, ularning ismini eslab qolish qiyinchilik tug‘diradi. Adashtirib yubormaslik uchun xotirda saqlashning maxsus usullarini ishlating.
- Kam gapirib ko‘p tinglang
“Ko‘p tinglab kam gapirish uchun Xudo ikki quloq va bir og‘iz ato qilgan”, deydi donolar. Eshitish –uqish demakdir. Diqqat bilan tinglashda foyda ko‘p.
- Hamfikr toping
“Do‘sting kimligini aytsang...” iborasi haqligini yana ta’kidlab o‘tirmaymiz, ammo kishining xulq-atvoriga yaqin do‘stlarining ta’sir ko‘rsatishi fakt. Badavlat va omadli bo‘lmoqchimisiz? To‘kis, omadli kishilar bilan diydorlashib turing yoki rejalari sizning rejalaringiz bilan uyg‘un bo‘lgan kishilar bilan do‘stlashing. Bir-biringizdan o‘rganasiz, qiyin paytda madad berasiz.
- Ustoz toping
Hammasini kitobdan o‘rganib bo‘lmaydi. Shu sababli ko‘plab omadi kulgan odamlarning ustozi bor. Ustoz ularning ishlariga baho va maslahat berib turadi. Ko‘pni ko‘rgan odamning tajribasiga amal qilsangiz, maqsad sari yo‘lingiz ikki barobar qisqaradi. Ustoz bilan muloqot qilgan sari intizomga o‘rganasiz.
- Tejamkor bo‘ling
Omadli odamlar daromadining 10 foizdan 20 foizgacha qismini sarmoya qiladi, deydi Korli.
- Ko‘rpaga qarab oyoq uzating
Ko‘p pul topgan emas, aql bilan sarflagan boy bo‘ladi. Cho‘ntak bilan hisoblashmasdan yashayotganlar taqchillikka uchrab qolishlariga o‘zlari sababchidirlar. Oylikni oylikka taqab yashaydiganlarga qimmatbaho mashina xarid etish yoki kreditga serhasham jihoz olish mutlaqo shart emas.
Chindan hayotingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz xarajatlaringizni tartibga soling va moliyaviy reja tuzing.
- Kamolotga intiling
Kamolot deganda yoshlar harakatini emas, komillikka intilish, o‘z ustida tinimsiz ishlashni nazarda tutyapmiz. Ko‘plar o‘qib-o‘rganishni afzal ko‘rishadi, bu ham maqsadga eltuvchi yo‘llarning biridir.
Amerikaning taniqli tijorat murabbiylaridan biri Brendon Berchard (Brendon Burchard) behuda yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatishimizni tanqid qiladi. Vaqtni kompyuter o‘yinlariga va ijtimoiy tarmoqlardagi befoyda tortishuvlarga sarflash uvoldir. Natijada foydali ishga vaqtimiz oz qoladi.
- Har kuni mutolaa qiling
Kuniga kamida 30 daqiqa. Bilim- boylikdir. Bilimsizlik falokat keltirmaydi, ammo yutqazib qo‘yish yomon, deydi donolar. Qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, bilim maqsad sari yo‘lda ko‘makchidir.
Darvoqe, kun tartibingizga mutolaa fursatini qo‘shib qo‘ying.
- Tinimsiz malakangizni oshirib boring
O‘z sohangizda malakangizni oshirib boring, natijada ekspert darajasiga yetishasiz. Mohir mutaxassislarga esa katta to‘lashadi va hurmat qilishadi.
- Elektronikadan vaqtincha chekining
Musiqa va video, saytlarni kuzatish va ijtimoiy tarmoqlararo kezish umrimizning ko‘p qismini yelga sovuradi. Ma’lum kunni belgilang va o‘sha kuni zamonaviy media vositalaridan tamoman foydalanmang. Uning o‘rniga yaqinlaringiz bilan uchrashing, qisqa muddatli sayohatga chiqing, hayvonot olamiga, tabiatga vaqt ajrating.
- Sog‘lig‘ingizga e’tiborli bo‘ling
Omadli va boy kishilar odatda sport bilan shug‘ullanishadi va to‘g‘ri ovqatlanishadi. Jismoniy faollik salomatlik kalitidir.
- Barcha sohada mo‘’tadillikka intiling
Muvozanat va uyg‘unlikni his etish uchun barcha narsaning chek-chegarasini bilish kerak. Jismoniy mashqlar, taom tanovuli, ish, internet va boshqa mashg‘ulotlarga haddan ziyod kirishib ketmang. Mo‘’tadillikka intiling.
Barcha sohada “oltin o‘rtalik”ka intiluvchi kishilarning ishlari yurishadi. Xizmat sheriklari topish, homiyni yoki investorni ko‘ndirish, lavozim pog‘onalaridan odimlash oson kechadi.
- Nekbin bo‘ling
Nekbinlar (optimist) dunyoni harakatlantirishadi, pessimistlar esa uning yonida “dunyo qayoqqa ketmoqda”, deya chopqillab yugurishadi. Nekbinlar va jonbozlar dunyoning egalaridir. Ular qorong‘udan nurga, mashaqqatdan rohatga eltuvchi yo‘lni izlaydilar va topadilar.
Bizga tiqishtirilayotgan axborot negativga to‘la. Axborotni saralang va o‘zingizga zarurini oling. Ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar tasmangiz esa o‘zingizga asqotadigan xabarlar bilan to‘lsin.
- Fikrlaringizni boshqaring
Hissiyot va fikrlarini boshqarishga afsungarlar emas, omadli insonlar ham qodir.
Miyangizda salbiy fikrlar g‘ujg‘on aylansa, yuragingiz xavotir hissiga to‘lsa, muvaffaqiyat eshigingizni chertishi gumon. Salbiy fikrlarni quving. Omadli kishilar hamisha yaratish bilan band, ularning miyasida negativga joy yo‘q.
- Qo‘rquvni yenging
Qo‘rquv – insonga xos tabiiy tuyg‘u. Har bir odam nimadandir qo‘rqadi, xavotirlanadi. Tolei kulmagan kishilar o‘zini qo‘rquv izmiga topshiradi, tadbirli inson esa qo‘rquvni yengishga qodir.
Ishingiz yurishmasligiga nimadan qo‘rqayotganingiz sababligini aniqlang va uni bartaraf etish yo‘lini qidiring.
- Qo‘l siltab ketmang
Maqsadga eltuvchi yo‘lda mashaqqat uchrashi muqarrar. Qanchalik qiyinchilik bo‘lmasin qo‘l siltab ketishga shoshmang. Balki qiyinchiliklar barchasini yig‘ishtirishingiz uchun emas, irodangizni toblash uchun yuborilayotgandir.
lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi