Bosh prokuratura xalq orasida avvallari «qora ro‘yxat» deya tanilgan ro‘yxat endi mavjud emasligini ta’kidladi. Bu haqda Turon24 xabar berdi.
«O‘zbekistonda diniy ekstremizm yo‘liga kirganlar ro‘yxati yo‘q. Yaqinda qabul qilingan «Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonun ham terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash usullari o‘zgarayotganidan, urg‘u profilaktikaga berilayotganiga dalolatdir», — degan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev 19 dekabr kungi xalqaro press-klubda.
Bu ma’lumot «RIA Novosti» jurnalisti Dmitriy Pivovarovning taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar ro‘yxatida necha kishi qolgani haqidagi savoliga javoban berilgan.
O‘zbekistonda taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning ro‘yxatini olib borish amaliyotiga 2017 yilda barham berilgan edi. Shu yili Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasida imom xatiblar bilan uchrashuvi chog‘ida «diniy-ekstremistik oqim a’zolari ro‘yxati»da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari ro‘yxatdan o‘chirilgani, ularning «normal hayotga» qaytganini aytgan.
«Diniy oqimda turganlardan 16 mingini yana bir marta ular bilan suhbatlashib, hayotini bilib, bu ro‘yxatdan chiqardik. Lekin ularni tashlab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Endi shu 16 ming odamni tarbiya qilishimiz, jamiyatimizga kirgizishimiz kerak», — deb ta’kidlagan Mirziyoyev imomlar bilan uchrashuvda.