Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Hasanboy Do‘smatov (49 kg) Olimpiya turnirining final bosqichiga chiqdi, u o‘zini kamida kumush medal bilan ta’minladi, deb xabar qilmoqda Sputniknews-uz.com.
Bizning sportchimiz yarim finalda amerikalik Fernandes Niko Anxelga qarshi jangga chiqdi. 23 yashar andijonlik ringda haqiqiy charm qo‘lqop ustasi ekanligini namoyish etib, amerikalik raqibini "o‘z nog‘orasiga o‘ynashga" majbur qildi.
Xabarda aytilishicha, har ikkala bokschi ham faol bo‘lgan, ammo Do‘smatov goh mudofaada harakat qilib, goh o‘rta masofadan keskin kontratakaga o‘tib ajoyib texnika sohibi ekanligini namoyon etgan. Amerikalik jangning boshidan oxiriga qadar bu kabi "uzuq-yuluq" uslubga moslashishga harakat qilgan, hatto, bokschimizga bosimni kuchaytirgan, ammo unga qarshi hech qanday texnika namoyish qilishni uddalay olmagan.
Natijada O‘zbekiston vakili yakuniy hisob 3:0 (30:27, 29:28, 29:28) bilan amerikalik ustidan g‘alaba qozongan va olimpiya turnirining final bosqichiga chiqqan.
Endi Do‘smatovning finaldagi raqibi kolumbiyalik Yurberxen Martines bo‘ladi. Martines yarim finalda ushbu vazn toifasida yetakchi bo‘lgan kubalik 19 yashar Yoaxnis Arxilagosni mag‘lub etgan. Final jangi 14 avgust kuni soat 22:15da boshlanadi.
O‘zbekiston terma jamoasining yana bir vakili Bektemir Meliqo‘ziyev ham avstraliyalik Levis Daniyeldan ustun keldi — 3:0 (30:27, 30:26, 30:27).
Chorak finalda Meliqo‘ziyev hindistonlik Krishan Vikasga qarshi ringga ko‘tariladi. Jang 16 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Afsuski, boshqa o‘zbek bokschilari muxlislarni xushnud eta olishmadi. Xurshid Tojiboyev (60 kg) chorak finalda unchalik kuchli bo‘lmagan mezbonlar vakili (braziliyalik) Robson Konseysaoga 0:3 hisobida yutqazgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik yagona bokschi qiz Yedgoroy Mirzayeva xuddi shu hisob bilan — yuqori tajribaga ega kanadalik Mendi Bujoldga g‘alabani boy berdi. Va shu tariqa O‘zbekiston tarixida Olimpiadaga borgan ilk ayol bokschi ishtiroki nimchorak finalda to‘xtadi.
Bundan tashqari, Rio bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan dzyudochi Abdulla Tangriyev bronza medalga "bir odim" qolganda, jangni boy berdi.
35 yoshli Tangriyev braziliyalik Rafael Silvaga qarshi bronza medali uchun jangga chiqqan edi. Yarim finalda yaponiyalik raqibga imkoniyatni boy bergan Tangriyev kun davomidagi beshinchi jangida yutqazdi. Mezbonlar vakili bitta yuko bahosi bilan g‘olib chiqdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston terma jamoasi 2ta bronza bilan umumiy medal hisobida 55-o‘rinda bormoqda.