Bojxonachilar uchun bir qator imtiyozlar Prezidentning «Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni loyihasida taklif etilgan. Hujjat QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deyiladi Norma.uz xabarida.
1 sentyabrdan boshlab bojxona xizmati xodimlarini quyidagicha moddiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari rejalashtirilmoqda:
birinchidan, tasdiqlangan razryadlar bo‘yicha ularning (sh.j. mutaxassislar, yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning) lavozim maoshlarini belgilashda tegishli tarif setkasining 1,5 tarif koeffitsiyentini qo‘llash;
ikkinchidan, DBQ markaziy apparati, DBQning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy konologiya markazining maxsus unvonlarga ega bo‘lgan xodimlari lavozim maoshlariga 70 foiz miqdorida oylik ustama belgilash.
Bunda mazkur ustama qonunchilikda belgilangan rag‘batlantirish tusidagi qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalarni hisoblab chqarishda ularning lavozim maoshi tarkibiga kiritiladi.
Bundan tashqari, DBQ raisi taqdim etadigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona xodimlariga quyidagi shartlarda avtomobillarni xarid qilishga kreditlar berish taklif etilmoqda:
kredit berish muddati — 5 yil;
dastlabki badal summasi — avtomobil qiymatining 25 foizi;
foiz stavkasi miqdori — kredit berish sanasida amal qilgan MBning qayta moliyalashtirish stavkasi;
kredit bo‘yicha ta’minot — avtomobil garovga chiqarilguncha va rasmiylashtirilguncha kreditni qaytarish majburiyatlari qisqa muddatli sug‘urtalanishini hisobga olgan holda «kreditdagi» avtomobil garovi;
kredit bo‘yicha foizlarni hisoblash, asosiy qarz va hisoblangan foizlarni so‘ndirish foizlar va asosiy qarzni so‘ndirish bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davrni inobatga olgan holda bank usulida hisoblash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Bojxona xodimlari uchun amaldagi ustamalar, imtiyozli ipoteka va uy-joy ijarasi kompensatsiyalanishi haqida — avvalroq xabar berilgandi.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.