Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bakalavriat va magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Institutga o‘qishga qabul qilish tanlovi, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
dastlabki tanlov;
maxsus kasbiy tanlov;
test sinovlari.
Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.
Dastlabki tanlov — Institutga o‘qishga kirishga qaror qilgan nomzodga tegishli ma’lumotlarni, uning ta’lim muassasasidagi o‘zlashtirishi darajasini, individual-psixologik xususiyatlarini, jismoniy tayyorgarligi va sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, o‘rganish hamda uning kelgusida bojxona organlarida xizmat qilishi uchun moyilligini aniqlashdan iborat.
Maxsus kasbiy tanlov – nomzodlarning bojxona organlarida xizmatni o‘tashi uchun ularning sog‘ligi va psixofiziologik xususiyatlarining mos kelishi, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilimi, yozma savodxonligi hamda intellektual salohiyatini aniqlashdan iborat.
Test sinovlari – nomzodlarga tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari.
Institutda tasdiqlangan Davlat ta’lim standartlari asosida “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya” (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Institutga o‘qishga kiruvchi nomzodlar uchun:
“Bojxona ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha matematika (informatika va axborot texnologiyalari fani bilan birgalikda) (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball), chet tili (har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball), ona tili va adabiyot (har bir to‘g‘ri javob uchun 1,1 ball) fanlaridan;
“Yurisprudensiya” (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tarix (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball), chet tili (har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball), ona tili va adabiyot (har bir to‘g‘ri javob uchun 1,1 ball) fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Institutga:
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga ega bo‘lgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga javob beradigan;
harbiy xizmatni o‘tamagan o‘n yetti yoshdan kichik (qabul yilida o‘n yetti yoshga to‘ladiganlar) va yigirma bir yoshdan katta bo‘lmagan, shu jumladan yigirma bir yoshda bo‘lgan;
harbiy ofitserlar tarkibi unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar yoki harbiy xizmatni o‘tagan o‘n sakkiz yoshdan kichik va yigirma besh yoshdan katta bo‘lmagan, shu jumladan yigirma besh yoshda bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadilar.
Nomzodlarning bo‘yi 165 sm.dan (qiz bolalar uchun 160 sm) past bo‘lmasligi lozim.
Institutga o‘qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) 1 yanvardan 1 aprelga qadar qabul qilinadi.
Institutga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan hududiy bojxona boshqarmasi ishchi guruhiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza (bildirgi);
pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);
tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi. Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma almashtirilgan yoxud familiya, ism, ota ismi va boshqa ma’lumotlar o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu haqda FHDYo organining ma’lumotnomasi nusxasi;
yaqin qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnomasi, nikohdan ajralganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnomasi
va nogironlik guvohnomasi nusxalari;
Institutga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari (asli va nusxasi);
3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
anketa -so‘rovnoma;
o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) tavsifnoma;
ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar) (asli va nusxasi);
chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;
mehnat daftarchasining nusxasi, aslini ko‘rsatgan holda (agar mavjud bo‘lsa);
ota-onasining Institutga o‘qishga kirishiga rozilik xati.
Nomzodning ayrim hujjatlariga aniqlik kiritish maqsadida qo‘shimcha ravishda zarur hujjatlar va ma’lumotlar tegishli tashkilotlardan so‘rab olinishi mumkin.
Nomzodlar tomonidan hujjatlar taqdim etishda pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma, dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma almashtirilgan yoxud familiya, ism, ota ismi va boshqa ma’lumotlar o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu haqda FHDYo organining ma’lumotnomasi, yaqin qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnomasi, nikohdan ajralganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnomasi va nogironlik guvohnomasi, chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi hamda mehnat daftarchasi (agar mavjud bo‘lsa) shaxsan ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, magistraturaga iqtisodiyot va yurisprudensiya (shu jumladan bojxona huquqi ta’lim yo‘nalishlari) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul bo‘yicha) oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bojxona organlarida kamida 3 yil xizmatni o‘tagan, bojxona organlari xodimlari tanlov asosida qabul qilinadilar.
Institut magistraturasiga tanlash va o‘qishga qabul qilish teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida ikki bosqichda tashkil etiladi:
dastlabki tanlov;
kasbiy tanlov.
Dastlabki tanlov har yili 1 maydan 30 iyungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazida (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb yuritiladi) har o‘quv yili uchun magistratura ta’lim yo‘nalishida o‘qish istagini bildirgan nomzodlar ro‘yxati tuziladi;
nomzodlarning xizmat faoliyatlari o‘rganib chiqilib, ularning magistraturada o‘qishga layoqatliligi, shuningdek soha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishga qobiliyati hududiy boshqarmalarning Attestatsiya komissiyalarida ko‘rib chiqiladi. Komissiya tomonidan nomzod magistraturada o‘qishga munosib deb topilganda, uning tegishli hujjatlari Institutga taqdim etiladi.
Nomzodlar bo‘yicha quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
bildirgi (mutaxassislik yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda);
hududiy boshqarma boshlig‘ining nomzodga bergan tavsifnomasi;
xodimning ma’lumotnoma-so‘rovnomasi;
pasport nusxasi;
Institutga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi);
3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi (asl nushasi).
Nomzodlarning tegishli hujjatlari qabul yilining 5 iyul kuniga qadar Institut qabul komissiyasiga yuboriladi.
Kasbiy tanlovning asosiy maqsadi nomzodlarning intellektual salohiyati, bojxona sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini hamda chet tillarini o‘zlashtirganlik darajalarini xolisona baholashdan iboratdir.
Kasbiy tanlov har yili 10 iyuldan 25 iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida quyidagi shaklda olib boriladi:
mutaxassislik fanlari bo‘yicha yozma imtihon (kamida 2 ta fandan);
chet tilidan imtihon (yozma va og‘zaki).
Yozma imtihon mutaxassislik fanlari va chet tili fani bo‘yicha o‘tkaziladi.
Yozma imtihon:
professional bilim va ko‘nikmalar, mutaxassislik fanlari bo‘yicha tahlil, iqtisodiy va huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash hamda bojxonaga oid muammolar bo‘yicha xulosalarni bayon etish borasida qobiliyatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan;
chet tili fani bo‘yicha chet tillarini bilishning tegishli darajasini aniqlashga qaratilgan.