Bilasizmi?

Bloger minbari: Davlat Test Markazining yangi nayrangi aniqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining yangi nayrangi aniqlandi. Bu yilgi kirish imtihonlarida, yakuniy reyting bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi shart bo‘lgan, lekin 68,0 ball to‘play olmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinmayapti.
Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «5230400-Marketing» yo‘nalishi rus tili guruhi uchun ajratilgan 9 (to‘qqiz) o‘rin-joyga faqatgina 4(to‘rt) talaba qabul qilinganligi aniqlandi. Qolgan 5 (besh) o‘rin-joy esa asossiz qisqartirilgan.
Yakuniy reyting asosida o‘qishga kirishi belgilangan, ammo 68,0 ball to‘play olmagan abituriyentlarni o‘qishga qabul qilmaslik 2017 yil 20 iyunda Vazirlar maqkamasi tomonidan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ham ziddir. Xususan, ushbu Nizomning 17-moddasiga asosan «Asosiy talabalarni o‘qishga qabul qilish tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida, test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha amalga oshiriladi» - deyilgan. Oliy o‘quv yurtiga qabul qilinishi uchun majburiy tarzda 68,0 ball to‘plash sharti Nizomda mavjud emas. Majburiy tarzda 68,0 ball to‘plash faqatgina qo‘shimcha oshirilgan (super) kontrakt orqali o‘kish uchun talab etiladi.
O‘zbekistonda talaba bo‘lish uchun majburiy tarzda 68,0 ball to‘plash sharti oldin kuzatilmagan edi.
Davlat test markazidan, uning bu noqonuniy va asossiz talabi yuzasidan rasmiy bayonot berishini istaymiz.
Mirzo Subxanov blogidan