Mulohaza uchun mavzu

Bizni qanday aldashayotgani yoki haqimni undirganim haqida

Cistemani tekshirdim! Buni tushunganlar tushunadi. Tushunmaganlarga quyida tushuntirishga harakat qilaman.

Xullas, 2016 yilda olgan daromadlar bo‘yicha Davlat soliq inspeksiyasiga deklaratsiya topshirishim kerak edi.

Buxgalterimizning hisobi bo‘yicha o‘tgan yili davlat byudjetiga 150 ming so‘mlar ortiqcha soliq to‘laganman va endi belgilangan tartibda bu ortiqcha summa menga qaytarib berilishi kerak. Faqat o‘zim yashaydigan tuman soliq boshqarmasiga uchrab deklaratsiya to‘ldirishim va ortiqcha summani qaytarib berishlari uchun ariza yozishim kerak (arizada bank ma’lumotlari, xususan, tranzit hisob raqamini ko‘rsatishim lozim). 150 ming ko‘chada yotmaydi dedimu yo‘lga tushdim.

Safarim uzoq va sarguzashtlarga boy bo‘ldi.

Birinchi sarguzasht. Bankda.

Menga tranzit hisob raqamini berayotib bank xodimi o‘tkaziladigan summadan 2% ushlab qolinishini gap orasida qistirib o‘tdi. Nega endi 2%? Umuman, nima uchun men ishlab topgan puldan bank foiz ushlashi kerak? Nima asosida? “Markaziy bank ko‘rsatmasiga ko‘ra” deyishdi. O‘sha hujjatni ko‘rsatishlarini so‘radim. Qidira boshlashdi va orada: “0,1 foizdan 2 foizgacha ushlanadi deyilgan”, – deb qoldi bankchi qiz. Yonidagi yigit uni to‘g‘irladi: “1 foiz ushlanadi sizdan”. Qani, bu foizlar nimaga asosan bunday o‘zgaradi, ko‘rsatinglar-chi! Rus tilida yozilgan bir hujjatni ko‘rsatishdi (o‘zbek tilidagisi yo‘q ekan). U Markaziy bankning ko‘rsatmasi emas, bankning ichki hujjati bo‘lib chiqdi. Unda aytilishicha, bank dividentlar, qalam haqlari VA BOShQA (i procheye) o‘tkazmalardan foiz olar emish. Menga davlat byudjetidan qaytariladigan pul “va boshqalar” kategoriyasiga kirarkan. Men ana shu “va boshqalar” aniqroq sanab berilgan joyini ko‘rsatinglar dedim. Ko‘rsata olishmadi. Nima sababdan 0,1 emas 2 foiz ushlanishini ham asoslab berishmadi. Xullas, eng kam – 0,1 foizga rozi bo‘lib, shartnomaga qo‘l qo‘yib, kerakli hisob raqamini olgancha bankdan chiqdim va tuman soliq boshqarmasiga yo‘l oldim.

Ikkinchi sarguzasht. Deklaratsiya bo‘limida.

Navbat uzun, chamasi 45 daqiqalar kutdim. Navbatim yetgach, operator opa daromadlarim haqidagi olib borgan ma’lumotnomalarimni olib, raqamlarni kompyuteriga kiritdi va” “Sizda 0 chiqyapti” dedi. Ya’ni men davlat byudjetidan, byudjet ham mendan qarzdor emas. “Bo‘lishi mumkin emas, buxgalerim 150 minglar atrofidagi summani aytgandi, yaxshilab qarang”, – dedim. Yaxshilab qaradilar va 277 ming so‘mga adashganlarini bilib qoldilar, ya’ni o‘tgan yili shuncha ortiqcha soliq to‘laganman. Qo‘limga ma’lumotnoma chiqarib berdilaru hisob-kitob bo‘limiga yo‘lladilar. Uchinchi sarguzasht. Hisob bo‘limida.

Xona odamga to‘lib ketgan, bir nechta tuynuklarga navbat uzuuun. Menga aytishgan 3-tuynukka bordim, navbatga turdim. Kutyapman. Navbat juda sekin yuryapti. Bir odamning ishini 20 daqiqada ham yakunlay olmayapti. 1 soatu 10 daqiqa o‘tdi. Navbat nega bunday sust yurayotganini so‘rasam, tuynuk ortidagi ayol: “Dastur sekin ishlayapti, nima qilay? Yoqmasa, portalga yozinglar”, – dedi. Bir payt ko‘zim stol ustiga yopishtirilgan ariza namunasiga tushdi, aynan menga kerakli ariza! Darrov shu namuna asosida ariza yoza boshladim: “o‘tgan yili ortiqcha ushlab qolingan soliqni...” shoshma-shoshma! “...mol-mulk va yer solig‘ini ushlab, qolganini plastik kartamga o‘tkazib berishingizni so‘rayman” deb yozilibdi namunada. Tuynuk ortidagi opaga mening soliqqa tortiladigan mol-mulkim va yerim yo‘qligini aytgandim: “Propiskada turgan kvartirangiz uchun to‘laysiz”, – dedi. Axir, u kvartira erimning nomida, u soliqni muddat tugaguncha o‘zim to‘layman deb tayinlab yuborgan-ku. Lekin opa: “Baribir ushlab qolishadi, yo bo‘lmasa telefon qilib chaqirib vaqtingizni olishadi. Tinchgina to‘lab ketaqoling, faqat eringiz 2 haftacha deklaratsiya qilib, ortiqcha solig‘i bo‘lsa qaytarish haqida ariza yozmay tursin, bo‘lmasa undan ham ushlab qolishadi”, – dedi. Qiziq bo‘ldi-ku! Shuncha jarayonning kompyuterlashgani qayerda qoldi? Xullas, arizani yozib bo‘lib o‘sha 3-tuynukdan qarzga olgan ruchkamni qaytarish uchun borsam (hali navbatim kelmagandi), opa arizani devonxonaga topshirib ketaverishim mumkinligini aytdi. Endi savol: nima uchun meni 3-tuynukka yo‘llashdi va bu yerda 1 soatu 10 daqiqa navbat kutdim? Arizani namunaga qarab yozib devonxonaga topshirib ketaversam bo‘lar ekan-ku. Mendan oldin navbatda turgan yigit esa tranzit hisob raqamini olib kelmagani uchun navbatiga oz qolganda ketdi, u ham 1 soatcha vaqtini bekor yo‘qotdi.

Ana shunaqa gaplar! Men bu diydiyoni nimaga yozdim? Boshqalar bu ko‘chalarga kirib sarson daydib vaqt, asab va pul yo‘qotmasligi uchun. Demak, tavsiyalar:

1. Albatta bankdan tranzit hisob raqamini bilib oling. Bank bu ma’lumotni berish asnosida sizdan pul o‘tkazmalari uchun foiz olaman desa, asos, hujjat talab qiling. Hujjatni diqqat bilan o‘qing, rus tili noqulay bo‘lsa, o‘zbekchasini talab qiling. Hujjatda nima uchun aynan sizdan aynan shuncha foiz ushlab qolinayotgani aniq ko‘rsatilishi kerak. “Va boshqalar” degan mavhumliklardan ogoh bo‘ling.

2. Soliq idorasiga (agar hamma daromadlaringizdan maksimal stavka bo‘yicha soliq ushlab qolinadigan bo‘lsa) daromadlaringiz va to‘lagan soliqlaringiz haqida ma’lumotnomalarni o‘zingiz olib boring. Iloji bo‘lsa, biladigan odamga, taxminan bo‘lsa-da, hisoblatib oling. Soliqchi sizda qaytariladigan summa chiqmadi desa, qanday hisoblaganini ko‘rsatib berishini so‘rang. Sizga bu ma’lumot berilishi kerak.

3. Soliqlaringiz haqida ma’lumotnomani qo‘lga kiritgach, namunaga ko‘ra ariza yozib devonxonada qoldiringu ketavering. Agar soliqqa tortiladigan mol-mulkingiz bo‘lmasa, buni arizada aytib o‘ting, toki anglashilmovchiliklar bo‘lmasin. 4. Sabrdan ko‘proq g‘amlab oling!

P.S. Bank va soliq inspeksiyasini atay aniq aytmadim, hali pulimni olishim kerak!

Shahnoza To‘raxo‘jayeva

Manba: Sof.uz