Bir odatim bor. Bunga qanday nisbat berishni ham bilmayman: bu yaxshimi yoki yomon?!
Shu odatim hech qolmadi-qolmadi. Bolaligimdayam uyqudan avval “ertaga yaxshi bola bo‘laman, hamma havas qiladi”, deb o‘zimga o‘zim ko‘o‘o‘o‘p so‘z berganman. Buning ustidan chiqanmidim-yo‘qmi, to‘g‘risi, ayta olmayman. Esimda ham yo‘q.
O‘zi yaxshi odam qanday odam? Tartiblimi? Mehribonmi? Qoidaga amal qiladiganmi? Yoki qadriyatlarga hurmati baland insonmi? Bilimli, o‘z ishini yaxshi biladiganmi?!
Keling, hammasini to‘g‘ri, deya qolaylik.
Bugun ham ertaga risoladagidek odam bo‘laman, deb niyat qildim. Shu payt qaysidir aqli ko‘p odamning “Erta bugundan boshlanadi”, degan purhikmat gapi yodimga tushib qoldi. To‘g‘ri-da, yaxshi odam bo‘lib uyg‘onish uchun yaxshi odam bo‘lib uxlash kerak(bu o‘zim o‘ylab topgan aforizm :)).
Xullas, qo‘limdagi smartfon budilnigining soatini tonggi oltiga qo‘ydim.
-Ayasi, ertaga vaqtli turishim kerak! Mobodo eshitmay qolsam, 6 da uyg‘otib qo‘yarsiz!
E, qoyil, yarim kechagacha telefon kavlamay, vaqtliroq uxlasa ham bo‘larkan!
* * *
Tong. Rafiqam oshxonada nonushtaga harakat boshlab yuborgan. Yuz qo‘limni yuvib chiqaman. Xo‘p, men yaxshi odam bo‘lmoqchi edim-a?!
-Assalomu alaykum! Onasi, yaxshi dam oldilarmi? Mobodo yordam kerakmasmi? (yaxshi odamlar shunaqa bo‘ladiyu )
Xotinim “Assalomu alaykum, yo‘q, yo‘q, rahmat” deb bir oz hayrat bilan tikildi.
-Bugundan boshlab, har kuni bir soat yuguraman! Sog‘liqqa qaramasam bo‘lmaydi. Choyxonama-choyxona yuraverib, qomatam beo‘xshov bo‘pketayapti. Ertalab yugurish kun davomidagi yaxshi kayfiyat, degani. Kalla ham yaxshi ishlaydi, mehnat unumdorligiyam oshadi. Buni kecha internetda o‘qidim. Choyni kelib, ichaman!
Eshikni ochishim bilan pod’yezdagi sassiq hid burnimga uriladi, oyog‘im yumshoq narsaga tegadi. Obbo, yana to‘g‘ridagi befarosat qo‘shnim axlatini eshik tagiga qo‘yibdi. E, sani farosatingga....
“Hay-hay-hay, tilga erk bermang, birodar! Siz axir yaxshi odam bo‘lmoqchisiz-ku”, dedi ichimdagi kimdir.
Xo‘p, yaxshi odam nima qiladi bu vaziyatda? Albatta vaziyatni analiz qiladi: Demak, qo‘shnimning eri yana xizmat safarida. Yosh bolasi bilan kechasi axlat tashlashga chiqa olmaydi. To‘g‘ri tushunish kerak odam degan. Undan ko‘ra, indamasdan olib chiqib, axlat idishga tashlab kelmaydimi?! Qo‘ni-qo‘shni degan shunaqa paytlarda sinaladi. Odamga savobam kerak, birodar. Kelin ertalab chiqadi va ko‘rsa-ki, chiqindi yo‘q. “Baraka topgur qo‘shni olib chiqib tashlabdi”, deb alqaydi...
Ha, mayli, shunday bo‘la qolsin! Axlatni qo‘limga olib, chiqindilar to‘planadigan joyga qarab yo‘l olaman. Xiyla uzoq. Borishga erinaman. Men axlat tashlashga emas, yugurgani chiqqanman axir.
U yoq bu yoqqa qarayman, hech kim yo‘q. Sekin yo‘l chetiga o‘tib, chakalakzor bo‘lib yotgan joyga boraman va sekin....
“Xoy, jigit, axir siz va’da beruvdingiz. Yaxshi odam unaqa bo‘lmaydi-da. Qani vijdon? Atigi 500 metrga ham erinadimi? Shu yaqin atrofdagilarni o‘ylamaydimi? Aql joyidami ishqilib?”
Bu ichki ovozni huddi biqinimga uchli barmog‘i bilan nuqqandek bo‘ladi. Axlatni olib, maxsus idishga tashlayman.
Keyin yengil yugurishni boshlayman...
* * *
Nonushta. Ertalab bir to‘g‘ram non ham o‘tmaydi. Odatda issiq choy ichib, ishga ketardim. Bugun-chi? Yaxshi odam nima qiladi? Albatta, ertalab yaxshi nonushta qiladi.
-Ayasi, ataganlaringizni dasturxonga qo‘ying!
Yaxshi odam bo‘lib, choyga novot qo‘shaman(aslida esa shirinlikka sira xushim yo‘q). Quvvat bo‘ladi. Ketidan kolbasa, pishloq... Majburlab yeyman!
-Dadasi, qizimizning bog‘chasi nima bo‘layapti?
-Bo‘ldi, hujjatlar tayyor. Topshirsam, ruxsat berishsa bas. Qatnayveradi.
-Mudirani qo‘liga besh-o‘n so‘m bersangiz, o‘zi to‘g‘rilab berarkan. Bo‘lmasa, ruxsat yo‘q, deb cho‘zarmish. Qo‘shnimam 100 dollar berib, joylabdi bolasini.
Pul oshib-toshib turmagan bir vaziyatimda bu gaplar moydek yoqdi, deb o‘ylaysizmi? Lekin bolangiz uchun majbur ekansiz.
-Ha, to‘g‘ri. Bir nima qilarmiz!
“Shoshma, shoshma! Yaxshi odam shunaqa bo‘ladimi? Pora berarkanmi? Olgangayam, bergangayam qonuniy jazo bor. Dindayam bu qattiq qoralanadi. Nima deyapsiz, akasi?! Korrupsiyani bog‘chadan boshlasangiz, qachon tong otadi?! Hujjatlar hammasi joyidami? A, yashang, demak hammasini qonuniy qilasiz! Gap tamom! Birorta muammo chiqsa, pryamoy vaziriga yozing! Hukumat portaliga yozing! Nega bilmaysiz haq-huquqingizni? Beradigan bo‘lmasa, oladiganam bo‘lmaydi!”
Ichki ovozning jaxli qattiq chiqqan ko‘rinadi. Bo‘ldi, hammasini u aytgandek qilaman!
* * *
Bekatdaman. Avtobusni kutib turganimga yarim soat bo‘ldi. Hech kelgisi yo‘q. Nima balo qiron kelganmi yaramaslarga? Ishga kech qolamanu bunaqada! E, seni, o‘sha...
“O‘o‘o‘o‘, yaxshi odam. Dunyoda sabr-toqat degan gaplar bor. Tilni tosh qo‘rg‘onga qamang, akasi. Hozir keladi. Ularning ham o‘z vaqti bor. Huddi ishni qoyil qiladigandek shoshilasiz. Undan ko‘ra, yaxshi niyat qiling: avtobus kutgan kunlaram hali shirin tarix bo‘ladi. Mashina haydab ham charchayman, deb...”
To‘g‘ri aytasan, bir umr avtobusga osilib yurmaymanu!
Toshbaqadek sudralib kelayotgan avtobusning qorasi, yo‘g‘e, yashili ko‘rinadi. Endi bir amallab chiqib olsam...
Avtobus bekatda to‘xtaydi. Bir guruh yosh-yalanglar qator bo‘volib oylik yo‘l chiptasini ko‘rsatib tushishadi. Chiptachi ayolning shu paytdagi yuziga qaraganmisiz? Uch yildan beri bergan qarzini ololmayotgan odamning gezargan yuziga o‘xshaydi? Pichirlab allanimalar deydi.
Biroz bo‘shagan avtobusga chiqaman. Ex, xotin bechora sahar turib dazmollagan shim, tozalagan tufli... Bekor ketarkanda.
“Za proyezd, pajalista”, deb shang‘illab qoladi qulog‘imni tagida bir erkaksifat ayol.
“Obboooo, sekinroq e, keneyi! Qulog‘imni teshvordizu”, demoqchi bo‘lib, endi og‘iz juftlasam, “O‘zingizni bosing, taqsir! Yaxshi odam unaqa bo‘lmaydi. U o‘z ishini qilayapti. Baqirib, hozir pul olmasa, sizga o‘xshamagan yomon odamlar ko‘zini shamlag‘at qilib, sekin pul to‘lamay, surib qoladi. Bunaqalarni ta’zirini berish kerak. Bilasizmi, Germaniyada nima qilishgan? Transportga pul to‘lamagan bir ikta odamni naq peshonasidan otgan. Ana shunday keyin hammasi iz-iziga tushib ketgan. Bularda ham davlat belgilagan plan bor. Oylik olish uchun shu planni bajarish kerak, tog‘a. Siz esa darrov onasini “yo‘qlaysiz”...”
Xo‘p, deya tilimni tishlayman. Yonimdan bir yarim ming so‘m pul olib, chiptachiga beraman. Chiptachi esa 200 so‘m qaytarib, bilet beradi.
“Shoshmang! Nega 100 so‘mni so‘ramayapsiz. Risoladagidek odam bunaqa bo‘lmaydi. So‘rash kerak. Nima, siz pulni yerdan supirib olayapsizmi? Bu nechanchi marotaba sodir bo‘lishi? Hisoblab ko‘rdingizmi? Yettinchi marotaba 100 so‘mdan kam berdi, to‘g‘rimi? So‘rang haqqingizni! Tartib hammaga birdek tegishli...”
Yo‘q, kelasa safar shunday qilaman. Poyezd o‘tib ketdi...
Ichki ovozning kesatishi kayfiyatimni buzdi. Salonning ichkari qismiga kiraman. Bir yigit teskari qarab, uyqusiragancha tashqarini tomosha qilib ketayapti. Yonidagi kattaroq yoshli ayolni esa ko‘rmayapti. Qulog‘ida naushnik. Joy berish xayolida ham yo‘q. Farosat bo‘lsa, beradimi, deyman o‘zimga.
“Unda farosatli yigit bo‘lib ayting, joy bersin. Nima, qo‘raqasizmi? Onasi tenggi ayol ustida devdek bo‘lib tusayu, o‘zini bilmaganga olsa. Ayting, yaxshi odam!”, deydi ichki ovoz.
Asta yelkasidan turtaman: “Opaga joy bera olmaysizmi mobodo?!”
Har tugul bolada hali nimalardir tirik ekan. Bir so‘z demay, joy berdi. Ayol esa “Spasibo”, deb o‘rindiqqa o‘tirdi...
Bekatim kelib, avtobusdan tushaman. Hamma qo‘lidagi biletni yerga tashlab ketayapti. Axlat chelak taxminan 5-6 metr uzoqlikda. Chiptani erinibgina yerga tashlayman.
“E, baraka toping, “yaxshi odam”. Belingiz og‘rib, supirmaysizda-a ko‘chani?! Onangiz tengi odam saharda shu yerlarni chinnidek qilib yaltiratib ketishini bilmaysiz, to‘g‘rimi? Besh-olti qadam yurgani erinasiz! Qani o‘zgalar mehnatini qadrlash tushunchasi???”
Dast ortga burilib, yerdagi o‘zim tashlagan chiptani, yonidagi yana bir iktasiga qo‘shib, yig‘ib olaman va to‘g‘ri axlat chelakka tashlayman!
Endi yo‘lni u tomoniga o‘tish kerak. Qarasam, mashinalar uzoqda. Yugurib o‘tib olmoqqa shaylanaman.
“Yuguring, akasi, yuguring. Yo‘lning xohlagan joyidan o‘tavering. Sizga hamma narsa mumkin. Mashinalar? Kutadi, kerak bo‘lsa! Sizni o‘tkazib yuborib, keyin yuradi. Mashina odamdan aziz bo‘ptimi?!”.
Toza jonga tegdi shu ovoz. Tishimgi g‘ijirlatib, chorrahaga, piyodalar o‘tish uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘l yoniga boraman. Svetaforning qizil chirog‘i yoniq. Mashinalar ko‘rinmaydi. Lekin o‘zimni majburlab tutib turaman. Axir o‘tishim uchun yashil yonishi kerak. Tartib hammaga barobar.
Qizilda qimirlamay, sariqda sabr qilib, yashilda o‘ting, deb aytgandi bolalikdagi o‘qituvchim.
Yashil yonib, asta yurishni boshlayman! Uzoqdan bir mashina katta tezlikda menga qarab bostirib kelayapti. Nima balo tormozi ushlamay qoldimi? Yaqinlashib qoldi... Voy, onangni....
* * *
-Dadasi, xoy, dadasi! Turing, soat 6 bo‘ldi! Vaqtli turaman degandiz!
Tush ham shunaqa uzoq bo‘ladimi? Sal qolsa, mashina bosib ketardiya. Shunaqayam yomon tush bo‘ladimi?
-Ayasi, nima deb o‘ylaysiz, yaxshi odam bo‘lish osonmi-qiyinmi?
-Sizni yaxshi odam bo‘lishiz shartmas!
Iye, bu qanaqa gap bo‘ldi endi? Men qanday odamman o‘zi: yaxshimi yo yomon?!
Hech bo‘lmasa, shu bugun yaxshi odam bo‘lay...