Salomatlik

Biofaol qo‘shimchalar: ulardan erkaklarga naf bormi?

Biologik faol qo‘shimchalar keng tarqalgan bugungi kunda quvvatni oshirish borasida “mo‘jizavor” xususiyatga ega “erkaklar uchun darmondorilar” eng xaridorgir tovarga aylanib bormoqda.

Internet tarmoqlariga bir nazar tashlasangiz, erkaklarga quvvatini tiklab bera oladigan “sehrli” vositalarni tavsiya qiluvchi e’lonlarga to‘lib ketganiga guvoh bo‘lasiz. Go‘yoki, ehtiyoj shu darajaga yetganday.

Mutaxassislar esa ba’zilaridan qandaydir foyda bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan holda, bunday quvvatdorilarga ruju qo‘yganlarni ogohlantirishdan erinishmayapti.

Xo‘sh, aslida ulardan kimga foyda, kimga ziyon?

Shuni unutmaslik kerakki, biofaol qo‘shimcha – bu kasallikka qarshi dori emas. Buning ustiga, agar uning tarkibida dori mavjud bo‘lsa, bu jinoyat bilan barobar va uni ishlab chiqarganlar jazolanishi kerak. Afsuski, mutaxassislar fikricha, bunday holatlar ko‘p uchramoqda.

Masalan, Moskva shahrida o‘tkazilgan tekshirishlarda dorixonalarda sotilayotgan ana shunday biofaol qo‘shimchalarning 80 foizi tarkibida “ta’qiqlangan xavfli moddalar” mavjudligi aniqlangan. Gap  inson salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan fosfodiesterazlar 5-tipiga mansub ingibitorlar (FDE-5) haqida bormoqda. Kardiologlar FDE-5ning anemiya, ichak yarasi, buyrak va jigar xastaligi, arterial gipertoniya, stenokardiya va yurak urishida buzilish bo‘lgan erkaklar uchun qat’iy ta’qiqlanganini aytishadi.

Xalqaro mqyosda taniqli bo‘lgan doktor Mark Aron esa 50 yoshdan oshgan barcha erkaklarga muntazam ravishda prostata bezi saratonining oldini olish bo‘yicha tekshirishdan o‘tib turishni tavsiya qilgan holda, erlik quvvatini oshiradigan ayrim turdagi biofaol qo‘shimchalarni qabul qilish mumkin deb hisoblaydi.

Erkaklar salomatligi uchun mo‘ljallangan biofaol qo‘shimchalar (ishonchli ishlab chiqaruvchilar mahsuloti) tarkibida haqiqatdan ham erkaklar tanosil a’zolariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan moddalar bor. Ular hirsni qo‘zg‘ash xususiyatiga ega. Har qalay, qaysidir o‘lkalarda o‘sadigan ana shunday dorivor o‘simliklar ekstraktini ko‘p yillardan buyon erkaklar iste’mol qilib kelishadi.

Ammo ulardan kasallikni tiklash maqsadida foydalanish aslo mumkin emas, deydi mutaxassislar. Erkaklik quvvatining kamayishi bu kasallik. Uni tibbiyot davolaydi. Ya’ni, ishlab chiqaruvchisi noma’lum qandaydir “mo‘jizavor” o‘tning ekstrakti bilan davolanishga urinish ahvolni og‘irlashtirishi, kutilmagan boshqa xastalikni keltirib chiqarishi ham mumkin ekan.

Ishlab chiqaruvchilarni birinchi galda mahsulotning ko‘proq va tezroq sotilishi, undan kelayotgan daromad ko‘proq qiziqtirishi turgan gap. Shuning uchun ular birinchi navbatda xaridorlar kutgan «natija”ga zo‘r berishadi. Keyin-chi, keyin nima bo‘ladi? Buyog‘i endi xaridorning muammosi.

Bunday dorivor giyohlarni muttasil iste’mol qilish salbiy oqibatlarga olib kelgan holatlar haqida ogohlantirar ekan, soha mutaxassislari ularning farmatsevtik tarkibi noma’lumligiga e’tibor qaratadilar.

Haqiqatdan ham, vrach bemorga o‘zi tarkibi haqida ma’lumotga ega dorini tavsiya qiladi, ammo sizga  o‘sha “mo‘jizavor” preparatni tavsiya qilayotgan “attor” nimani biladi? Umuman, bu muammo butun dunyoga tarqab ketgan. Jumladan, o‘zimizda ham.

Sog‘lig‘iga e’tiborsiz bo‘lmagan erkaklarda har xil xapdorilarga zarurat bo‘lmasligi aniq. Buning uchun jismoniy mehnat, sport bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish kifoya. Agar muammoga duch kelingan bo‘lsa, vrachlar tavsiyasiga quloq solgan ma’qul.

Zohid tayyorladi

Manba: Tafsilot.uz