O‘qimishli bo‘lish miyani bilimga to‘ldirib tashlash yoki ko‘p bilish degani emas. Bu – nimani bilishing va nimani bilmasligingni ajrata olish degani. Bill Geyts dunyoning muvaffaqiyatli kishisi sifatida faxriy mehmon bo‘lib juda ko‘p ta’lim muassasalarida ishtirok etadi, yuqoridagi kabi fikrlar bilan yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Quyida 2005 yilda uning o‘zi ta’lim olgan maktabdagi ishtiroki chog‘ida bitiruvchi o‘quvchilarga bergan 11 ta maslahatini diqqatingizga havola qilamiz.
1-qoida:
Hayot ko‘rgazma emas. Demak, undan foydalansa bo‘ladi. Siz ham hayotingizni qo‘lga oling-da, uni ishga soling.
2-qoida:
Dunyo sen o‘zingni qanchalar hurmat qilishing bilan hisoblashmaydi. U sendan o‘zingni hurmat qilishingdan oldin biror ishni qoyillatib qo‘yishingni kutadi. Siz ham avval hurmatga munosib ekaningizni isbot qiling.
3-qoida:
Maktabni tamomlamasdan turib na o‘zingiz xohlagancha yashash, kezi kelganda hattoki yashay olishning ham imkoni yo‘q. Shuning uchun hozir bilim oling.
4-qoida:
Agar bugun o‘qituvchi talabchan ekanidan shikoyat qilsangiz, kun kelib rahbar qo‘liga tushganingizda pushaymon yeysiz. Kelajakka maktabdan boshlab tayyorgarlik ko‘ring.
5-qoida:
Ehtimol, siz o‘zingizni eng quyi ishga munosib ko‘rmassiz. Ammo sizning ota-bobongiz bu ishni boshqacha, "imkoniyat" deb nomlagan. Siz ham ishni quyidan boshlang va mehnatga nisbatan kibrli bo‘lmang.
6-qoida:
Hayotda nimadadir xato qilsangiz, bunda ota-onangizning aybi yo‘q, ularni qiynamang. Xatolaringiz uchun dod-faryod solishni emas, xulosa chiqarishni o‘rganing.
7-qoida:
Sizning tug‘ilishingiz ota-onangiz uchun faqat bayram emas, katta mas’uliyat bo‘lgan. Ularni asrang va qadrlang. Bu kelajakda o‘zingiz qadr topishingiz uchun kerak bo‘ladi.
8-qoida:
Maktabni a’lochilar ham, past o‘zlashtiruvchilar ham bitiradi. Yomon o‘qiydiganlarga to‘g‘ri javobni topgunlariga qadar qulay sharoit yaratib beriladi. Ammo hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlash uchun sanoqli imkon va ishonch beriladi. Shuni unutmang.
9-qoida:
Hayotda choraklik, yillik imtihon, so‘rov yoki hisobot degan tushunchalar yo‘q. Hayot imtihonini ham, hisobotini ham barcha bir marta – umr so‘ngida o‘z-o‘ziga topshiradi. Eng muhimi, mana shu imtihonga tayyor bo‘ling.
10-qoida:
Televizor, bu – hayot degani emas. Aks holda, undagi qahramonlar vaqtlarining asosiy qismini mehnat qilishga sarflagan bo‘lar edilar. O‘zingizni samarali va maqsadli mehnatga tayyorlang.
11-qoida:
Muvaffaqiyatga erishish uchun avval uning haqini to‘lash kerak bo‘ladi. Bu esa vaqt hamda mashaqqatli mehnat degani.