"Har kuni tongda uyg‘ongach, boylarning yangi ro‘yxatini ko‘rish uchun “Forbes” jurnalini varaqlayman. Agar u yerda ismim bo‘lmasa, men ishga shoshaman", degan ekan tadbirkorlardan biri. Ammo 17 yil dunyoning eng boy kishisi nomiga sazovor bo‘lish – shaxsiy qoidalar, intizom va muhim fazilatlarning borligidan dalolat beradi. Quyida xuddi shu natija va nomga natijaga erishgan Bill Geyts fe’l-atvoriga xos 5 fazilatni diqqatingizga havola qilamiz.
1 – Ishga fidoyilik
Tadbirkorlikda muvaffaqiyat yoki inqiroz qobiliyatga emas, ishga bo‘lgan mehr-muhabbatga ko‘proq bog‘liq. 1980 yillarda dasturlash sohasida yangilik qilish istagidagi minglab kishilar bo‘lgan. Ular va Bill Geytsni bir omil – fidoyilik ajratib turgan.
Microsoft tashkil topgach, Bill Geyts kecha-kunduz tinmay mehnat qildi. U 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yillar oralig‘ida hech qachon oylik yoki kunlik ta’tilga chiqmagan. Bu – ishga bo‘lgan sadoqatning eng yuqori cho‘qqisi. Bill Geyts 20 yoshga qadar kompyuter dasturini yaratish uchun zarur mashg‘ulotlarga 10 ming soatlik vaqtini sarflagan. Uning o‘zi ham buni yuksak yutug‘ining asosi deb biladi. Yosh lider yoki tadbirkor ham yer yuzidagi 7 milliard aholi orasida uni ajratib turadigan yagona narsa, bu – uning mehnati ekanligini anglashi kerak.
2 – Ishonch va raqobat
Hayotda doim biror yutuqqa erishuvchilar hamda kasbining ortidan shunchaki ergashuvchilar orasidagi farq juda katta. Birinchi toifadagilar o‘zlariga ishonsalar, ikkinchi guruhga mansub kishilar boshqalarga ishonadilar.
Bill Geytsning o‘zi qilayotgan ishning natija berishiga ishonchi yuqori bo‘lar va u hech qachon kim bilandir musobaqaga kirishgan emas. Unga har gal raqobat va raqiblari haqida savol berilganida, bu so‘zlar u eshitgan eng ahmoqona narsa ekanini aytadi.
Microsoft’ning Internet Explorer internet qidiruv tizimi yaratilganida uning ashaddiy raqibi hisoblangan Netscape kompaniyasi rahbari Mark Andrissen Bill Geytsning ishonchga to‘la nigohi uning eng katta yutug‘i ekanligini aytadi. "U aynan ana shu ishonch bilan Internet Explorer'ni yaratgan va mening kompaniyamni kasodga uchratgan edi," deydi Mark.
Deyarli barcha sifat yuksalishlari, muayyan sohada yetakchi bo‘lish uchun g‘olibga aylanish hissi tartib-intizomning ustiga qurilishi shart.
3 – Ishga ishtiyoq
Dunyodagi eng muhim ishlar umid qolmagan mahalda ham harakatni to‘xtatmagan kishilar tomonidan uddalangan. Bill Geyts hayotini o‘rganib bu xulosaning ifodasini ko‘rish mumkin.
Bill Geytsni bilganlar u o‘smirlik yillaridagi bedor tunlarini Vashington universitetida o‘sha vaqtda noyob bo‘lgan kompyuter qarshisida o‘tkazganini yaxshi bilishadi. O‘sha kezlarda Billda kompyuter va uni takomillashtirishga bo‘lgan ishtiyoqdan bo‘lak xohish bo‘lmagan. Bu ishtiyoq nafaqat uning hayotini, balki bugun kompyuterdan har jabhada foydalanayotgan insoniyat tarixini ham o‘zgartirib yubordi.
4 – O‘rganishdan to‘xtamang
Milliarder investor Uoren Baffet va Bill Geytsdan qanday qudratga ega bo‘lishni istashlari to‘g‘risida so‘ralganida, ularning har ikkalasi dunyodagi eng tezkor o‘qiy olish qobiliyatiga ega bo‘lishni xohlashlarini aytishgan. Garchi, dunyodagi eng katta mablag‘ va biznesga egalik qilsa ham, Bill Geyts kunora bir kitobni o‘qib tamomlaydi.
Biz har qanday kitobni uydan turib olish va o‘qish imkoni berilgan ma’rifat davrida yashayapmiz. Ammo buni his qilish uchun o‘rganishdan to‘xtamaslik kerak. Aytishadiku, keragidan ortig‘ini bilmay turib, kerakli me’yorni aniqlay olmaysan.
5 – Saxovat
Puldan tashqari hech nimani tan olmaydigan tadbirkorlik – qashshoqlikdir. Pulingning hisobiga yetsang, demak, sen hali milliarder emassan. Ya’ni, Bill uchun mablag‘ ahamiyatsiz.
Bill Geytsning saxovatpeshaligi uning eng olijanob fazilati sifatida tilga olinadi. U boshqa badavlat kishilarni ham bu odatga o‘rgatishga intiladi. Sayyoramizning eng peshqadam milliarder odami bugungi kunga qadar 43 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni fan-ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ocharchilikni oldini olishga sarfladi. O‘tmishda yashagan amerikalik yana bir taniqli badavlat inson Endryu Karnegi aytgani kabi, janob Geyts o‘qib-izlandi, mablag‘ topdi va ko‘paytirdi, oxirida esa uni yana ortga, uni boyitgan insonlarga qaytarmoqda.