Bilasizmi?

Bill Geyts kelajakda ishda yuksalish uchun zarur 3 jihatni aytdi

Jahondagi ulkan kompaniyalardan biri bo‘lgan Microsoft asoschisi 28 aprel kuni 3 milliondan ziyod xalqaro kompaniyalardagi kasbiy rivojlanish, bo‘sh ish o‘rinlari va so‘nggi yangiliklarni yorituvchi LinkedIn kompaniyasining internet sahifasining bosh muharriri Daniyel Rot bilan suhbatda bo‘ldi. Unda janob Geyts kelajakda ishda yuksalish uchun har kimga kerak bo‘ladigan 3 jihatni ma’lum qildi.

«Mehnat bozoriga kirib kelayotgan va yuksalish istagida bo‘lgan har bir yosh mutaxassisdan o‘z yo‘nalishida ilm-fanni chuqur o‘zlashtirishi, muhandislik-dasturlash qobiliyati hamda iqtisodiy ko‘nikmaga ega bo‘lishi talab qilinadi. Ana shunda ular ish tanlashda katta imkoniyatlarga ega bo‘ladilar», deydi Bill Geyts.

Milliarderning fikricha, jamiyatning rivojlanishi aynan shu jihatlarga ega mutaxassislarga bog‘liq.

«Misol uchun, kelajakda sizdan faqatgina mohir dasturchi bo‘lish emas, balki bu dasturchilik mahoratini turmush tarzi yoki taraqqiyotning qaysi yo‘nalishlariga sarf qilishni anglash, buni amalga oshirish yo‘llarini bilish ko‘proq talab etiladi.»

Bill Geyts — sayyoramizning eng boy kishisi, o‘z mehnati va bilimi evaziga davlat orttirgan axborot texnologiyalari sohasi vakili. Uning yuqoridagi shaxsiy xulosalari sarmoyadorlar va sanoat vakillari bilan yaqindan ishlash, ko‘p ming sonli kompaniyani boshqarish va muntazam kitoblar o‘qish, insonlar turmush tarzini yuksaltirish bilan bog‘liq ishlari va tajribalarining hosilidir.