Salomatlik

Betob bo‘lmaslikning 10 usuli

Betob bo‘lmaslikning iloji bormi yoki dardga chalinsangiz, qanday qilib tezda sog‘ayish mumkin? Dori-darmonsiz davolanish usullari bormi? Qanday to‘g‘ri chiniqish va shamollashdan so‘ng tezda tiklanish mumkin? Shu va boshqa savollarga quyida javob topasiz!

  1.  Chiniqing. Asosiysi, o‘z vaqtida, to‘g‘ri chiniqishga harakat qiling.
  2.  Immunitetingizni mustahkamlovchi tabiiy preparatlarni qabul qiling. Jenshen, limon o‘ti, eleuterokokk kabi tabiiy giyohlardan foydalaning. Biroq malhamlarni iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
  3.  Gripp mavsumida odam gavjum joylarga borganda maxsus niqoblardan foydalaning. Niqobni o‘zingiz ham uy sharoitida tayyorlashingiz mumkin: doka bo‘lagiga (100x50 sm) paxtani ingichka qilib (30x20 sm) qo‘ying. So‘ng dokani buklang, paxta ichida qolsin va chetini shunday qirqingki, natijada ikki juft bog‘ich hosil bo‘lsin.
  4.  Agar oilangizda kimdir grippga chalingan bo‘lsa, ovqatlangandan so‘ng idishlarini qaynating yoki bemor uchun alohida idish ajrating.
  5.  Sovuq havoda burun bilan nafas olishga harakat qiling. Burunning shilliq pardasi havodagi viruslarni filtrlay oladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida esa unday emas.
  6.  Oktyabrdan aprel oyigacha har kuni S vitamini yoki askorbin kislotasi iste’mol qiling. Epidemiya davrida vitaminlarni 1000 mg ko‘paytirish kerak. Darvoqe S vitaminini shifokor nazoratisiz iste’mol qilmang: keragidan ortiq qabul qilinsa, buyrakda tosh paydo bo‘lishi mumkin.
  7.  Grippga qarshi emlattiring. Biroq avval shifokor bilan maslahatlashing.
  8.  Uyingizda ozodalikka rioya qiling.
  9.  Iloji boricha qo‘lingizni tez-tez sovun bilan yuvib turing. Ko‘chadan kelganingizdan so‘ng tezda yuvinib oling.
  10. Ikki kunda bir marta xonani shamollating va dezinfeksiya qiling. Buning uchun sarimsoq piyozning bir bo‘lagini va achchiq qalampirni parrak-parrak qilib to‘g‘rang va likopchaga solib, xona chetlariga qo‘yib chiqing. Bir necha soat tursin.

Manba: Darakchi.uz