Bemorlarni davolashdagi vrachlar xatosi endi ekspert guruhlar tomonidan o‘rganiladi, deb xabar qilindi Telegram messenjeridagi huquqiy_axborot kanalida.
Xabarda aytilidishicha, bu haqda "Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish; davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish; vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish va xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekspert guruhi tashkil etiladi.
Qoida tariqasida, ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida ko‘rsatiladigan ixtisoslik yo‘nalishlaridan bittadan vrach kiritiladi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi a’zoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish; tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Shuningdek, endilikda, vrachning kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlar Ekspert guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi.
O‘rganish natijasida vrachning xatosi aniqlanganda quyidagi ob’yektiv va sub’yektiv sabablar tahlil qilinadi:
ob’yektiv sabablar – muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvatining yetishmasligi, dorilarning yo‘qligi, hayotga xavf tug‘diruvchi holatlar paytida shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilishi oqibatida bemorning ahvoli og‘irlashishi va boshqa o‘xshash holatlar;
sub’yektiv sabablar – vrach bilim saviyasining yetishmasligi oqibatida bemorning holatini to‘g‘ri baholay olmaslik, davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan noto‘g‘ri taktika qo‘llanganlik, tajriba yetishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.
Sub’yektiv sabablarga ko‘ra bemorning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazilgan yoki o‘lim holati yuzaga kelgan bo‘lsa, bunda vrachning kasbiy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Vrach faoliyatini o‘rganish bo‘yicha xulosa shakllantiriladi.
Tibbiyot tashkiloti rahbari uch ish kunida Eksperti guruhi xulosasi asosida xatoga yo‘l qo‘ygan shifokorga tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi Ekspert guruhlari xulosalarini to‘plash va ular yuzasidan ko‘rilgan choralarni umumlashtirish, kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlar haqida ma’lumotlarni yuritishga mas’ul hisoblanadi.