“10 ta jahon tilini o‘rgandim-u, biroq xotin tilini o‘rganish qo‘limdan kelmadi!” degan ekan buyuklardan biri nadomat bilan. Biroq ko‘pincha biz erkaklar rafiqalarimizni kuzata turib, hayotni anglaymiz. Aytishadi-ku, omadli erkak ortida aslida matonatli bir ayol turgan bo‘ladi. Shu tufayli ham ularsiz umrimizni tasavvur qila olmaymiz, ularning orzulari bizning ham orzumiz. Ayniqsa, farg‘onalik mashhur faylasuf Dima Boltaboyev aytgani kabi, 8 mart erkaklar ayollarning xohish-istaklariga so‘zsiz kiradigan yagona kundir.
Erkaklar nomidan bayram munosabati bilan, quyida ayollar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan ularni o‘qib, fikr-mulohazalaringizni o‘rtoqlashing.
1) Bitta ayol umri davomida o‘rtacha 2-3 kg lab bo‘yog‘ini yeb qo‘yadi.
2) Ayollar erkaklarga qaraganda 2 marotaba ko‘proq kiprik qoqar ekanlar. Juda qiziq!
3) Ayol erkakka qaraganda sodda va ishonuvchan bo‘ladi. 15 soniya ichida uning ishonchini qozonish mumkin.
4) Ayollar yuzidagi 80 foiz ajin quyosh nurlari ta’sirida paydo bo‘ladi.
5) Ilk kompyuter dasturchisi Ada Lovleys ismli ayol bo‘lgan.
6) Tadqiqotlar ayol bir yilda ko‘zgu qarshisida 120 soatini, ya’ni 5 kecha-kunduzini sarflashini ko‘rsatmoqda.
7) Kimdir chaqirganda erkaklar gavdasini bursa, ayollar bo‘yni yordamida qayrilib qaraydi. Chunki ayollarning bo‘yni qayishqoq bo‘ladi.
8) Qo‘l telefonini ko‘chada yo‘qotib qo‘yadigan erkaklardan ko‘ra, telefonini tez-tez o‘z sumkasida yo‘qotib qo‘yadigan ayollar soni ko‘proq.
9) Ko‘zoynagi boshida bo‘la turib, uni uzoq izlaydigan ham ayoldir.
10) Ayol har gal oynada o‘zini ko‘rganida shu holatda suratga olinsa, qoyilmaqom surat chiqishiga ishonadi.
11) Ishga shoshib turgan ayol bir necha soniya mobaynida qo‘lidagi kalitni hammayoqdan izlab ko‘radi.
12) Ayol bir kunda 20 mingta so‘z aytadi. Ya’ni, erkaklardan 13 mingta so‘z ko‘proq.
13) Qadimgi Rimda ayollar go‘zal bo‘lish ilinjida gladiatorlarning dubulg‘asini kiyish orzusida bo‘lishgan.
14) Rossiya ayollarga eng boy mamlakat hisoblanadi. Bu yerda yashaydigan ayollar soni erkaklarnikidan 9 milliontaga ko‘p.
15) Garchi, garderob to‘la kiyim bo‘lsa ham, ayol umrining bir yilini kiyish uchun qaysi ko‘ylakni tanlashga sarflar ekan.
16) Ayollarning yuragi erkaklarnikidan tezroq uradi.
17) Dunyodagi 2 foiz ayol o‘zini chindan ham go‘zal deb hisoblar ekan.
18) Nigeriyalik onalar eng "bolajon" ayollar ekan. Ular o‘rtacha 7 nafar farzand dunyoga keltirishadi.
19) Dunyodagi ilk roman – "Genji" hikoyasi yaponiyalik adiba Murasaki Shikubi tomonidan milodning 1000 yilida yozilgan.
20) Dunyoning barcha mamlakatlarida eng uzoq umr ko‘ruvchi fuqarolar – ayollardir.
21) Dunyodagi ilk universitet asoschisi bu muslima AYoLdir. Fotima al-Fixri 859 yilda Morokkoda Al-Karauin universitetiga asos solgan. Bu universitet hozirda ham faoliyat yuritadi va Ginnes Rekordlar kitobida eng qadimiy o‘quv maskani deb tan olingan.
22) Ayol uchun turmush o‘rtog‘i unga berishi mumkin bo‘lgan eng qadrli sovg‘a, bu – uning vaqti, e’tibori va muhabbatidir. Bu dalil ilmiy isbotlangan va hayotda o‘z tasdig‘ini topgan.
Ayol va erkak ruhan, jismonan hamda ma’nan bir-biridan qisman farq qilsa ham, ular bir-birlarisiz yashay olmaydilar, birgalikda bir butunlar.
Guvohi bo‘lganimizdek, ayollarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos. Shunday ekan, biz erkaklarning baxtiga doimo sog‘-salomat bo‘ling, aziz ayollar!