Bilasizmi?

Baxtli bo‘lishning 15 siri

Mashhur yozuvchi Lev Nikolayevich Tolstoy barcha baxtli insonlar bir-birlariga o‘xshashligini ta’kidlagandi. Xo‘sh, ularning umumiy tomonlari aynan nimalarda ekan? Zamonaviy ruxshunoslar buni quyidagicha tavsiflashadi:

  1. O‘tmishni esdan chiqaring! Toki o‘tmishning og‘ir yukini orqalab yurar ekansiz, baxtli bo‘lolmaysiz. Qachonlardir jiddiy bir xato qilganmidizgiz? Eslaganingizda, o‘zingizdan uyaladigan xotiralaringiz bormi? O‘tmish zanjirlaridan halos bo‘ling, aks xolda, taraqqiy etolmaysiz. Bugungi kunga moslashib, ertangi kunga intilib yashang.
  2. O‘z umringiz uchun ma’suliyatni his qiling! Baxtli bo‘lish uchun birinchi navbatda erkin bo‘lish lozim. Vaziyat qanday bo‘lmasin, unga qanday yondashish o‘z qo‘lingizda. Buning uchun faqat o‘zingiz javobgar bo‘lasiz. O‘z muvaffaqiyatsizligingizda birovlarni ayblamang.
  3. Atrofdagilar bilan yaxshi munosabat o‘rnating! Bu sizga baxt ato etuvchi buyuk ne’matdir. Fe’l-atvorida muhabbat ustunlik qilishi kishini baxtga yetaklaydi.
  4. O‘z qiziqishlaringizga ega bo‘ling! Ishqibozlik bizga mayda xursandchiliklar beradi va ular birlashib, baxtga aylanadi. Shuning uchun qiziqishlar doirasini kengaytirib boring. Bu bilan siz baxtga eltuvchi yo‘llaringizni ko‘paytirasiz. Atrofda shuncha qiziqarli narsalar bo‘la turib, kishi baxtsiz bo‘lishi mumkinmi?
  5. Hayotiy maqsadga ega bo‘ling! Baxtga erishish uchun sizga bu juda zarur. O‘zingizni bir cho‘qqiga yo‘naltirmasangiz, fikrlaringiz tarqalib ketishi mumkin. Maqsadingiz – hayotning o‘zagi.
  6. O‘zingizda borini qadrlang! Agar noshukur bo‘lmasangiz, baxtga yetish uncha qiyinmas. O‘zimizda bor bo‘lgan narsalarga qarash esa qo‘limizda yo‘q narsaga qarashdan ko‘ra zavqliroq. Atrofingizga qarang, baxtli ekaningizni payqash uchun shuncha ko‘p asosingiz borki…
  7. O‘zingizda boridan boshlang! Tushungan odam baxtli bo‘lish uchun butun umri davomida muayyan miqdordagi maoshni yoki yuqori mansabni kutib yashamaydi. O‘zingizda bori bilan ham baxtli bo‘lish mumkin. Axmoqlar baxtni tog‘lar ortidan, aqllilar esa – oyoqlari ostidan izlaydi.
  8. Nekbin bo‘ling! Baxtli insonlar xech qachon qayg‘uli fikrlarga berilmaydilar. Vaziyat qanchalik chigal bo‘lmasin, ular hamma narsaga yaxshi ko‘z bilan qarashadi.
  9. O‘zingizni yarating! O‘zingiz uchun o‘z hayotiy tamoyillaringizni yarating va ularga amal qiling. O‘zingizga bo‘lgan sadoqat ham baxt yo‘lidagi muhim omillardandir. Siz kimsiz? Boshqalar hayoti bilan yashamang, kimningdir umidi, sizdan nimadir kutayotgani uchun emas, o‘zingiz uchun yashang. Qo‘yib bersa, odamlar sizdan ko‘p narsa kutishlari mumkin, lekin o‘zingizchalik sizni birov sevarmikan?
  10. Ijod qiling! Biror narsa yaratish sizga kuch bag‘ishlaydi va ahvolingizni yaxshi tomonga o‘zgartiradi.
  11. O‘zgarib turing! Muntazam tarzda yangilanib, o‘sib rivojlanib borsangiz, baxtning o‘zi sizni izlab topadi. Hayotingizni yangi bosqichga ko‘tarish uchun hamisha yangiliklar izlab toping.
  12. O‘z iste’dodingizdan foydalaning! Siz, avvalo, bu iste’dodingizni kashf etishingiz, qolaversa, kundalik faoliyatingizda namoyon qilishingiz lozim. Baxtga olib boruvchi eng to‘g‘ri yo‘l – o‘z iste’dodingizni kengroq namoyon etishingizga ko‘maklashuvchi daromad manbaini topishdir.
  13. Mayda-chuydalarga e’tibor bermang! Ko‘pincha mayda gaplar katta baxtga zavol yetkazishi mumkin.
  14. Nafsingizni jilovlab oling! To‘g‘ri, kishida turli istaklar bo‘lishi yomon emas, ammo ularning sog‘lom aql ustidan hukmronlik qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda, o‘zingizga ortiqcha baho berib, bu bilan kulgiga qolishingiz mumkin.
  15. Boshqalarni baxtli qiling! Bu baxtga erishishning eng ishonchli usulidir. O‘z baxtingiz yo‘lida odamlarga yaxshilik qiling – ana shunda buning o‘zi baxt ekanligiga amin bo‘lasiz. Kishilarga hamdard bo‘ling. Bu fidokorlikning oliy ko‘rinishidir.  Baxtga xech qachon xudbinlik orqali emas, balki fidoyilik tufayli erishiladi.

Manba: Beka.Uz