Bilasizmi?

Baxmal va Zomin ekologik turizm markaziga aylanadi

Jizzaxda bo‘lib o‘tgan Xalqaro sarmoyaviy forumda viloyatning turistik potensialini oshirishga alohida e’tibor qaratildi, deb xabar qilmoqda Sputnik nashri.

Xususan, Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarining ekoturistik salohiyati to‘laligicha namoyish etildi. Xorijiy mehmonlar Sher buloq va Bobo-yong‘oq  kabi mahalliy diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishdi.

Shuningdek, mahalliy hokimiyat va Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan loyihalar ham namoyish etildi. Taqdim etilgan loyihalar hududda turizmni uch asosiy yo‘nalishda rivojlantirishni nazarda tutgan: ekologik turizm, agroturizm va etnik turizm.

Baxmal va Zomin tumanlari hududlarida ushbu loyihalarni amalga oshirishda kerak bo‘ladigan infratuzilmalarni barpo etish uchun yer maydonlari ajratishga qaror qilindi.

Masalan, 2 ming gektar yer maydoni ekoturizmni rivojlantirish uchun ajratiladi. Loyiha doirasida ushbu hududda ekologik so‘qmoqlar tashkil qilish, ot, eshak va kvadrotsiklda sayr qilish, funikulerlar qurish, tog‘ chang‘isi majmuasi, restoran hamda axborot markazi, muzey va mahalliy hunarmandchilik mahsulotlari sotish do‘konlari barpo etish rejalashtirilgan.

5 ming gektar yer agroturizm uchun  ajratiladi. Ushbu  maydonda dam olish uylari, sport majmualari, kamyob hayvonot va o‘simlik turlarini saqlash uchun pitomniklar quriladi. Shuningdek, molxonalar hamda asal yetishtirish xo‘jaliklari tashkil etiladi. Bu yerda sayyohlar tuyalarda sayr qilish, ko‘pkari o‘yinini tomosha qilish, meva terish, o‘t o‘rish kabi qishloq xo‘jalik ishlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Etno turistik hududni rivojlantirish uchun zamonaviy mehmonxonalar, bolalar dam olish maskanlari, kempinglar, havo sharlarida uchish markazlari quriladi. Ushbu yo‘nalishda kelgan sayyohlar qishloq joylarni, tarxiy va madaniy yodgorliklarni, tabiat yodgorliklarini, arxeologik ob’yektlarni, milliy urf-odatlarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Shuningdek, sayyohlar milliy hunarmandchilik va milliy taomlar sirlarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.

Jizzax viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirish mahalliy, hududiy va xalqaro turizmni rivojlantirishga qaratilgan.

“Bu O‘rta Osiyoda AQShning “Yellouston” va “Grand-Kanon” milliy parklari namunasida qurilgan yagona loyiha bo‘ladi”, - dedi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev, Davlat Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.

“Yellouston” milliy bog‘iga yiliga 20 million sayyoh tashrif buyuradi. Zominga bo‘lsa bugungi kunda 50-100 ming kishi tashrif buyuradi. Shuning uchun ham biz Jizzax viloyati hokimiyati bilan Baxmal va Zomin tumanlari turistik klasterini rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqdik – deb so‘zini davom ettirdi Turizm qo‘zmitasi vakili.

Ushbu loyihalardan asosiy 2ta maqsad ko‘zlangan: hudud ekoturistik holatini kerakli darajada saqlab qolish hamda va aholini barqaror daromad bilan ta’minlashdir.