Bilasizmi?

Bahriddin Chustiy: oshpazlik - erkaklar kasbi

Bizda oshxona, uy-ro‘zg‘or yumushlari, ovqat pishirish; bular ayollarning ishi degan qarash shakllangan. Lekin aslini olib qarasak aksariyat mashhur oshpazlar erkak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Erkak.uz ana shunday mashhur oshpazlardan biri, o‘zbek oshxonasining yetakchilaridan, barchamizga tanish Bahriddin Chustiyni suhbatga tortdi.

Bahriddin Chustiyni alohida tanishtirib o‘tishga hojat yo‘q bo‘lsa kerak. Oshxona.uz internet sahifasi, ko‘plab dunyo shaharlaridagi faoliyatlari, turli telekanallardagi chiqishlari, oshpazlar musobaqalarida qatnashish yoki ularni tashkillashtirishi orqali o‘zbek oshxonasini dunyoga tanitayotgan Bahriddin, oshpazlik bilan bir vaqtda startapchilik, tadbirkorlik va oila raisi vazifalarini ham a’lo darajada bajarib kelmoqda.

Bahriddindan daslabki so‘ragan savolimiz uning tanlagan kasbi haqida bo‘ldi:

Oshxona, pishir-tushur deganda erkaklarimizda, bular ayollarning ishi degan qarash shakllanib qolgan. Bunday qarash sizning faoliyatingizda qiyinchiliklar tug‘dirmaganmi? Umuman bu qarashlarga sizning fikringiz qanday?

Avvalari tutgan kasbim ya’ni oshpazlikka vaqtinchalik kasb deb qaraganman va qachonlardir boshqa kasb boshini tutish kerak deb hisoblar edim. Hattoki internet tarmoqlarida kasbim haqida so‘rashganda oshpaz ekanligimni oshkor etishdan uyalgan kunlarim ham bo‘lgan.

Darhaqiqat, pazandalik bu ayollarga hos xususiyat. Pazandalik yaqinlarini xushnud etish uchun qilinadi. Oshpazlik esa omma uchun taom tayyorlashdir. Bu alohida bir kasb, daromad manbai hisoblanadi. Shu sababdan u bilan asosan erkaklar shug‘ullanadilar.

Bahriddin o‘zbek Interneti UzNet’da sanoqli muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘lgan Oshxona.uz saytining muallifi. Keyingi savolimiz shu haqida bo‘ldi:

Oshxona.uz loyihasini yaratish fikri qanday paydo bo‘ldi, o‘zbek Internetida bunday loyiha yaratishning qanday qiyinchiliklarini sanab o‘ta olasiz va umuman UzNet’ni qanday isloh qilish kerak deb hisoblaysiz?

Oshxona.Uz sayti ochilmasidan oldin, UzNetdagi turli hil forum va Internet sahifalarida tayyorlagan taomlarimiz rasmini va ba’zan retseptini joylab turar edik. Ko‘plab foydalanuvchilar takliflari asosida milliy oshxonamizga atalgan o‘zbek tilidagi veb sahifa tashkil qilingan.

Qiyinchiklarni o‘zimizdan kelib chiqqan holda yozadigan bo‘lsak, retsept yozishda avvalo imloviy xatolarning tahriri, oshxonaga oid so‘zlarning tarjimasi, ba’zan sayt uchun tayyorlagan taomlarning ko‘ngildagidek chiqmasligi va saytga yangi ma’lumotlar kiritilishining barqaror emasligi kabi muammolarga duch kelmoqdamiz.

UzNetdagi yaratilayotgan yangi loyihalarni aksari rus tilida emas, balki o‘zbek tilida bo‘lsa yanada a’lo bo‘lsa kerak deb o‘ylaman. Turli sohalardagi davlat saytlari faoyliyati yo‘lga qo‘yilganligi kishini quvontiradiyu, biroq faoliyatini yanada takomillashtirsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Yaqinda Bahriddin o‘zini tadbirkorlik sohasida ham sinab ko‘ra boshladi. G‘arbda "slisk-to-brisk" deb nomlangan biznes model bor, unda onlayn faoliyat yuritadigan internet nashrlari o‘z faloiyatini off-layn, ya’ni internetdan tashqariga olib chiqadilar. O‘zbekistonda bu modelni birinchilardan bo‘lib Chustiy amalga oshirdi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Chust shaxrida birinchi Oshxona.uz tamaddixonasini ochdi va ta’kidlash kerakki qisqa vaqt ichida uning dovrug‘i O‘zbekistondan tashqarilarga ham tarqalib ulgurdi. Hozirda Oshxona.uzning ikkinchi tammadixonasi Toshkentda ochilishi kutilmoqda va bu boradagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Undan tadbirkorlik faoliyati haqida so‘rayman:

Bahriddin, Internet loyihasi ustida ishlash bilan, to‘gridan-to‘g‘ri ish joyi ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orasida katta farq bo‘lsa kerak? O‘z ishini boshlamoqchi bo‘lgan o‘quvchilarimizga qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz?

Avvalo e’tibor uchun katta rahmat, jon deb maslahat bergan bo‘lar edim, ammo biz ayni damda maslahat beruvchilar emas, balki maslahat oluvchilar toifasiga mansubmiz. Chunki xabaringiz bor biz bu loyihani boshlaganimizga hali hech qancha vaqt bo‘lmadi va bu qilgan hamda qilmoqchi bo‘lgan ishlarimizda atrofimizdagi ushbu soha vakillari, ustozlarimiz ko‘rsatmalari asosida faoliyat yuritamiz.

Bu boradagi qiyinchiliklar haqida nimalar deya olasiz? Shu qisqa vaqtda olgan tajribangizga asoslanib biznes qilmoqchi bo‘lganlar nimalarga tayyor bo‘lishi kerak degan bo‘lar edingiz?

Har bir yangi boshlangan ishda moliyaviy qiyinchiliklar ko‘p kuzatilgani kabi, biz ham shunday muammolarga duch kelganmiz. Munosib kadrlar yetishmasligi kabi muammolarga hali ham uchrab turibmiz.

Shu kabi qiyinchiliklarga duch kelganda, boshlagan ishni to‘htatib qo‘ymasdan o‘z maqsadi sari intilishini maslahat bergan bo‘lar edim.

Onlayn loyihalar va tadbirkorlikdan tashqari Bahriddin O‘zbekistonda va xalqaro miqyosda turli tadbirlarda qatnashib boradi va o‘zi ham tadbirlar tashkillashtirib turadi. Shu bilan birga u oila boshlig‘i va bir farzand otasi hamdir.

Bahriddindan oilasi haqida va ish bilan oila o‘rtasida to‘g‘ri muvozzanat saqlash haqida so‘rayman:

Oila va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash sizningcha erkak kishi uchun qanchalik muhim va bu borada sizning tajribangiz qanday?

Yangi korxona bo‘lgani bois ko‘p hollarda ishga erta ketib kech qaytadigan kunlarimiz bo‘ladi, hattoki ba’zan tadbir va bosqa bir loyihalar sababli dam olish kunisiz ishlashga ham to‘gri kelgan paytlar bo‘ladi. Shunday hollarda tabiiyki oila ikkinchi darajaga ham tushib qoladi va aslida esa aksincha bo‘lishi kerak.

Lekin imkon qadar risoladagidek bo‘lishga harakat qilmoqdamiz, ammo buni nechog‘lik uddalay olyapmiz bu haqda biror nima deya olish mushkul bo‘lsa kerak.

Chustiyning Fasebook sahifasidan olindi

Erkak kishining ko‘ngliga yo‘l uning oshqozoni orqali o‘tadi deyishadi, sizning ko‘nglingizga yo‘lni topish qiyin bo‘lgan bo‘lsa kerak?

Ko‘pincha uyda maxsus va tansiq taom tayyorlanganda aksiga olib uyga qorin to‘q holda kelaman, kunda qilinadigan soddaroq taom bo‘lganda esa och kelaman, shunday hollardagi holatni o‘ziz tasavvur qilib olavering (kuladi).

Oshxona.uz loyihasi rahbari Bahriddin Chustiyning uydagi oshxonasida kim boshliq?

Agar oyim turgan hovliga borsak, oyimlani ko‘rsatmalari bilan ayolim turadi. Agarda o‘zimiz bo‘lsak ayolimni o‘zi ijod qiladi.[/тҳрее_фоуртҳ_ласт]

Bahriddindan kelajakdagi rejalari haqida so‘rayman:

Niyatimiz Oshxona.Uz tarmoqlarini diyorimizning boshqa tuman va viloyatlarida ham ochish va albatta chop etilib borilayotgan milliy oshxonamizga oid ma’lumot va retseptlarni jamlab kitob holga keltirish.

Suhbatimizni yakuni sifatida sizning fikringizcha barcha erkaklarimiz qila olishi shart bo‘lgan 3 ta taomni sanab o‘tsangiz? 

  1. Palov
  2. Kabob
  3. Sho‘rva

Bahriddin, maroqli suhbat uchun sizga tashakkur bildirgan holda hozirgi faoliyatingizga  rivoj va kelajakdagi rejalaringizga omad tilab qolamiz.

Sizga katta rahmat. Fursatdan foydalanib erkak.uz sayti o‘quvchilarining barcha o‘ylagan ezgu niyyatlariga erishishlarini va xonadonlarini halovat aslo tark etmasligini tilab qolaman. Qolaversa bizni suhbatga chorlagan sayt mutasaddilariga ham o‘z minnatdorchiligimni izhor etgan holda, qilgan va qilmoqchi bo‘lgan barcha ishlari unumli va davomli bo‘lishini tilab qolaman.

Bahriddin o‘quvchilarimizni qiziqtirgan boshqa savollari bo‘lsa ularga ham javob berishga rozilik bildirdi. Agarda sizni qiziqtirgan savollaringiz bo‘lsa shu yerda so‘rashingiz mumkin.