O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni baholash xizmatlari bozorini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Bugungi kunda baholash xizmatlari bozorida malaka sertifikatiga ega 1000 ga yaqin baholovchilar mehnat qiluvchi 200 dan ortiq baholovchi tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
Hujjatda baholash faoliyatini litsenziyalash va baholash tashkilotlari ustav kapitali (ustav jamg‘armasi)ning eng kam miqdoriga bo‘lgan talabni bekor qilish ko‘zda tutilgan. Baholash tashkilotlariga avval berilgan litsenziyalarning amal qilish muddati 2019 yil 1 yanvardan to‘xtatiladi.
Baholovchi tashkilotlarni prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazida akkreditatsiya qilish tartib-taomillarini joriy qilinadi.
Davlat raqobat qo‘mitasining baholovchining malaka sertifikatini berish funksiyasi — Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga, mulkni baholashning yangi standartlarini tasdiqlash, shuningdek, amaldagi mulkni baholash standartlariga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish funksiyasi — prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga o‘tkaziladi.
1 iyuldan boshlab Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazida baholovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda belgilangan namunadagi sertifikatlar berilgan holda, maxsus kurslar tashkil etiladi.
Baholovchi tashkilotning javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi amal qilishi davrida sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urtalovchining sug‘urta qoplamasi to‘lovini amalga oshirishi yuzasidan majburiyati bo‘yicha sug‘urta puli:
- ko‘char mulkni baholash uchun, qimmatli qog‘ozlar, ulushlar, intellektual mulk ob’yektlari va boshqa nomoddiy aktivlar bundan mustasno — eng kam ish haqining 2 000 baravaridan;
- ko‘chmas mulkni baholash uchun, mulkiy kompleks sifatidagi korxona bundan mustasno — eng kam ish haqining 2 500 baravaridan;
- biznesni (mulkiy kompleks sifatidagi korxonani, barcha turdagi moddiy va nomoddiy aktivlarni) baholash uchun — eng kam ish haqining 3 000 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Baholovchilarga toifa berishning sertifikatlangan baholovchilar, ikkinchi, birinchi va oliy toifali baholovchilarni o‘z ichiga oluvchi tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Endilikda 51 foizi mazkur baholovchi tashkilotning bitta yoki bir nechta shtatdagi baholovchisiga tegishli bo‘lishi lozim.
1 yanvaridan boshlab baholovchi tashkilotning rahbari faqat birinchi yoki oliy toifadagi baholovchi bo‘lishi mumkin.
Baholovchi, agar u boshqa baholovchi tashkilot shtatida turgan bo‘lsa, baholovchi tashkilot tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida baholash ishlarini olib borishga jalb qilina olmaydi.
1 avgustga qadar muddatda 2016−2018 yillarda davlat mulkini baholash bo‘yicha tuzilgan kontraktlar hamda amalga oshirilgan baholash natijalari tanqidiy o‘rganib chiqiladi.