Ruhshunoslarning fikricha, boy-badavlat bo‘lib yashash, bu – omad yoki mehnatga emas, ko‘proq fe’l-atvorga bog‘liq masala ekan. Inson biror yo‘nalishda tengsiz bo‘lishga intilishi va maqsadiga yetishida uning fe’l-atvori ham muhim o‘rin egallaydi. Aslida, "boyish" degan tushuncha yo‘q. "Boy fe’l-atvor" degan tushuncha mavjud.
Insonni muvaffaqiyat, o‘z navbatida farovon hayot tarzi sari boshlab boradigan eng muhim omil bu – to‘xtamaslik, ya’ni maqsadga qat’iylik. Konfutsiyning ta’kidlagani kabi, modomiki to‘xtamas ekansan, sekin yoki tez yurishing muhim emas.
Tasavvur qiling, siz o‘tirgan davraning bir tomoningizda o‘rta hol va bir tomoningizda boy insonlar o‘tirishibdi. Ularga quloq tuting.
O‘rta hol insonlarning mavzusi aylanib-aylanib pulga, moliyaviy qiyinchilik yoki oila tebratish, turmush ikir-chikirlari bilan ulanib qolaveradi. Ular qiyinchiliklardan nolishni, muvaffaqiyatga erishish oson emasligini aytishadi. Garchi, ularning fikri, rejalari qarshilarida o‘tirgan badavlat insonlarnikidan muhim va jo‘yali bo‘lsa ham, uni amalga oshirish uchun hafsala yoki sa’y-harakatlari ojizlik qiladi. Siz ham o‘z-o‘zidan mana shu oqim bo‘ylab suzib, omadsiz ekaningizga ishonib qolasiz.
Endi, o‘ziga to‘q insonlarning suhbatlariga quloq tuting. Ularning o‘zlariga ishonchlari naqadar yuqori. Ular bir-birlariga navbat bermasdan, fikrni-fikrga ulaydilar. Badavlat insonlarning mavzulari ishonch ustiga quriladi: ular har qanday rejani amalga oshirish mumkinligiga ishonishadi. Bunday insonlar davrasida ijobiylik hukmron bo‘ladi.
Ehtimol, ular ham qachonlardir o‘rta hol davrada o‘tirgan, bugungi kabi dadil gap-so‘zlar ularga yot bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ana shunday - o‘z-o‘zini badavlat qilgan insonlar bilan suhbat esa butunlay boshqacha bo‘ladi. Ular nisbatan kamgap, ko‘p tinglaydigan bo‘lishadi. Ularning ishonchlari gap-so‘zlarida emas, nigohlarida aks etadi.
Quyida sizga boy-badavlat insonlar ish jarayonida, o‘zaro suhbatda deyarli ishlatmaydigan gaplarni diqqatingizga havola qilamiz.
- "Bo‘lishi mumkin emas!"
Bo‘lishi mumkin! Bu hayotda har narsa bo‘lishi mumkin. Badavlat kishilar imkonisizlikning ham chegarasi borligini bilishadi. Bunga ishonish kerak. Aytishadiku, kuylashni xohlagan insonga qo‘shiq ham topiladi.
Siz yarim yo‘lda to‘xtamang. Boshqalar kabi, yurakka qo‘shiq ham sig‘magan vaqtda radioni ovozini o‘chirish o‘rniga, siz aynan o‘sha damda kuylashni, o‘sha damda har doimgidan ham jadal harakat qilishni o‘rganing.
Siz ham o‘zingiz sevgan, faoliyat ko‘rsatayotgan sohada tengsiz bo‘lishga intiling. Bu sohada omadingiz kelishi, buning orqasidan yaxshi hayotga erishish mumkinligiga ishoning. Har gal oynaga qaraganingizda o‘zingizga qarab "bo‘lishi mumkin!" deyishga odatlaning.
Balki, o‘tmishni o‘zgartirish qo‘limizdan kelmas. Ma’lum qonun-qoidalarga qarab ish qiluvchi odamlarni ham o‘zgartirishga ojizmiz. Muqarrar narsani ham to‘xtata olmaymiz. Qo‘limizdan keladigan yagona ish bu xulqimizni ularga nisbatan to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir. Hayotning 10 foizi nimanidir sodir bo‘lishi bo‘lsa, 90 foizi unga nisbatan munosabatimizdan iborat. Siz esa, yaxshilikka, yaxshi hayotning sodir bo‘lishiga ishonib yashang.
- "Boy bo‘lishga munosib emasman!"
Erkakning eng katta xatosi – o‘zini hayotning eng yaxshisiga munosib ko‘rmasligidir. Agar shunday bo‘lsa, unda juda og‘ir vaziyatdasiz.
Endryu Karnegi Amerikaga kelganida ko‘chada odamlarni oyoq kiyimini artib-tozalab kun ko‘radigan ko‘cha bolasi bo‘lgan. Yillar o‘tib uning qo‘l ostida millionerlar ishlagan. Sababi – u o‘zini munosib ko‘rgan.
Ba’zida oddiy oila farzandlarining hayratlanarli hayot yo‘llariga guvoh bo‘lamiz. Bu ham ularning o‘zlarini bunga munosib deb bilishlariga misol. Oddiy advokatning o‘g‘li Bill Geyts bir necha o‘n yillardan buyon dunyoning eng boy kishisi.
O‘rta holdan chiqqan badavlat inson ham "Nega men bo‘lmasligim kerak?", "Nega men yaxshi yashamasligim kerak?", "Nega u va men emas?" kabi savollarni o‘ziga bergan va harakat qilgan. Bu savollar unga yo‘lidagi to‘siqlarga yechim topish uchun kuch ham beradi.
Unutmang, dunyo ko‘zguga o‘xshaydi. Kim unga qaysi nazar bilan qarasa o‘zini shu qiyofada ko‘radi. Siz o‘zingizga hurmat nazari bilan qarang va bunga o‘zingizni munosib ko‘ring. Yaxshi yashashga siz ham munosibsiz.
- "Kun kelib bularni qo‘ldan boy beraman!"
Ba’zi insonlar ko‘proq davlatga erishganlari sayin tabiatida qo‘rqoqlik ustun bo‘lib boradi. Buning sababi ko‘p. Deylik o‘ziga ishonchsizlik, boylikka tasodifan erishgani, bilimsizlik, ertani ko‘ra olmaslik bo‘lishi mumkin.
Ikki xil kuch bor: tashqi va ichki. Biz zilzila, to‘fon yoki kasallik ustidan nazorat qila olmaymiz. Ammo, to‘g‘ri munosabatda bo‘lib, ichki kuchni qo‘lga olishimiz mumkin. Pul bilan muomala qilish esa ichki masala. Demak, uni nazorat qilish mumkin.
Qolaversa, dunyodagi eng bevafo do‘st bu – boylikdir. Biz duch keladigan dalil unga bo‘lgan munosabatimizchalik muhim emas. Muvaffaqiyatimiz yoki mag‘lubiyatimiz dalillarga emas, unga bo‘lgan munosabatimizga bog‘liq. Shunday ekan, davlatning qo‘ldan ketishini fojea deb hisoblamaslik kerak.
- "Ishim o‘zimga yoqmaydi"
Ma’lumotlarga qaraganda, sayyoramizdagi xodimlarning deyarli yarmiga o‘zi qilayotgan ish, vazifasi yoqmas ekan. Ular muntazam ishni o‘zgartirish, yaxshi ish topishga harakat qilishadi. Bunday fikr bilan hech qachon boyish mumkin emas.
Agar yosh bo‘lsangiz, o‘zingiz uchun qiziq bo‘lgan soha bo‘yicha o‘qing. Insonning baxtli yashashi ko‘p jihatdan uning ishiga ham bog‘liq. Axir oilaning baxti iqtisodiy masalalarga daxldor. Shunday ekan, o‘zingizga yoqmaydigan ishni qilmang. Shunda "ishim o‘zimga yoqmaydi" degan nolishga ham asos qolmaydi.
Boy insonlar ish bilan bog‘liq zavq-shavq, yangi marralardan ruhlanish boylikni topishning muhim kaliti ekanligini bilishadi. Buning uchun ishni sevish kerak. Shunda inson tanasida tuganmas sa’y-harakat vujudga keladi.
Ko‘pchilik tongda ishga borar ekan, bugun ishxonada uning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiradigan biror nima bo‘lishini umid qiladi. Ba’zilar hech bo‘lmasa o‘zini ovutish uchun, hayotdan ilhomlanish, yashash uchun ishlaydi.
Badavlat insonlar ishga borar ekan, ular o‘zlari bilan idoraga kayfiyat olib kirishadi. Ular nimadandir yoki kimdandir umid qilishmaydi. Ular umidni o‘zlari bilan olib yurishadi.
Xulosa.
Siz boyish uchun harakat qilmang. Yaxshi yashash uchun, o‘z yo‘lingizni topish va orzularingizga erishish uchun harakat qiling. Boylik – kim uchundir yo‘nalishni topish uchun kompas, kim uchundir esa uni yondirib yuboruvchi, ko‘zini ko‘r qiluvchi olov. Boylikka erishishda ko‘r-ko‘rona harakat qilmang.
Pul-mablag‘ga boylikning belgisi deb qaramang. Inson mol-davlatga ega bo‘lib ham boylardek yashamasligi, aksincha o‘rta hol bo‘lib ham badavlat insondan farovon yashashi ham mumkin. Mol-davlatga siz hayotni yorug‘ligi deb qarang. Uning yordamida o‘zingizdagi ichki qobiliyatni namoyon qiling va boshqalarga ham yashashlariga yordam bering.
Biz istayotgan farovon hayot, avvalo tasavvurimizda yaraladi. Shu tasavvurga ko‘ra o‘zimizni tarbiyalashamiz kerak. Xulqimiz ijobiy bo‘lsa, o‘zimiz kutgan baxt, orzu qilgan hayot va boylikni albatta uchratamiz.
Bu yo‘lda barchangizga omad yor bo‘lsin!