Bilasizmi?

Avaz Oxun: Qiziqchi ma’naviy kamchiliklarning ustidan kulishi kerak

Avaz Oxunni ko‘pchilik “Hojiboy Tojiboyevga o‘xsharkan deydi”. Ana shu ta’rif ham, uning qiziqarli chiqishlari ham odamlar ko‘nglidan tez joy olishiga sababchi bo‘ldi. Ijodkor bilan suhbatimiz davomida esa uning naqadar samimiy ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Savol: Sizda birinchi marta odamlarni kuldirish istagi qachon va nima sabadan paydo bo‘lgan?

Avaz Oxun: Birinchi marta o‘quvchiligimda maktab yig‘ilishida bir miniatyuradan parcha ijro etib bergandim. Shundan keyin odamlarning yuzida ozgina bo‘lsa ham tabassum ko‘rishni istab qoldim. Qiziqchilik havasdan boshlanadi. Men ham oynai jahon orqali qiziqchilarni ko‘rib, havas qilganman.

Savol: Sizni marhum san’atkor Hojiboy Tojiboyevga o‘xshatishadi. Rostdan ham u kishining shogirdi bo‘lganmisiz?

Avaz Oxun: Rahmatli Hojiboy akaning yonida shogird bo‘lib yurmaganman. Kontsertlariga kirardim, u kishiga havas qilardim. 2003 yilda kontsertida chiqish qilganman. Sahnada duo qilgan. Mashhur san’atkorimizga o‘zim bilmagan holda beixtiyor o‘xshab qoldim. Ataylab qilsam o‘xshamaydi. Bizni o‘xshatishlariga sabab, ustozning yo‘nalishi, o‘ziga xos maktabi bor edi. Ya’ni xalqning o‘zidan olib, o‘ziga berardi. Hojiboy aka “Bir aktyor teatri” yo‘nalishida ijod qilgan. Men ham shu yo‘nalishni tanlaganman. Balki shuning uchun o‘xshatishar.

 

134444494

Savol: Ayrim hollarda qiziqchilikning bachkanalikka aylanishi ko‘zga tashlanmoqda. Qiziqchi odamlarni kuldirish uchun beparda, hayosiz gap aytishga haqlimi?

Avaz Oxun: Yaqinda bir davrada o‘tirgandim. Bir kishi siz bema’ni gap gapirmas ekansiz-a, dedi. Tasavvur qiling, men gapirayotgan gapni birinchi qatorda o‘tirgan ota-onam, o‘rtaroqda o‘tirgan singlim, orqada o‘tirga ayolim va otaxon-onaxonlar eshitadi. Qiziqchi shunday ijod qilishi kerakki, sahnadagi gapni ota-onasi yonida ham, boshqalar oldida ham bemalol gapira olsin. Menga ustozlarim o‘rgatganidek, sahnaga chiqishdan oliy maqsad, bu kuldirish emas, balki tomoshabinga ma’naviy ozuqa berishdir. Muxlis zalda miriqib kulsayu, tomosha tugaganidan keyin nimaga kulgani esidan chiqib ketsa, bu qiziqchi uchun yaxshi holat emas. Muxlis kontsertingizga pul to‘lab kirdimi, shunga arzirli ma’naviy kuch, ozuqa ola olishi kerak.

Qiziqchilikda behayo mavzularning ko‘payishi, bu maktab, ustoz ko‘rmagan shogirdlarning o‘rtamiyona urinishlaridan boshqa narsa emas. Bu tomoshabinni kuldirishning eng yengil yo‘li. Qiziqchi harakat qilsa, ozgina kuzatuvchan bo‘lsa mavzu qalashib yotibdi.

Savol: Qiziqchi aytayotgan har bir hajviya ortida ma’lum bir dard, muammolar aks etadi. Ayting-chi, repertuaringizdagi kulguli voqealar kuzatuvlar mahsulimi yoki badiiy to‘qima?

Avaz Oxun: Latifalar xalq og‘zaki ijodi hisbolanadi. Uni quruvchi ham, traktorchi ham aytishi mumkin. Hamma gap qanday ayta olishda. Masalan qiziqchi oddiygina: ertalab turdim, ishga bordim, tushlik qildim kabi gaplarni ham aktyorlik mahorati bilan kulguli qilib ayta olishi kerak. Buyuk bir rejissyorning shunday gapi bor: “tomoshabin nimani ko‘rish uchun keladi? U pauzalarni tomosha qilish uchun keladi. Mahoratli qiziqchi pauzada ham ko‘p narsani aks ettira oladi.

Savol: So‘z ustalari ba’zan internet orqali xandalarni tarjima qilib, xalqqa yetkazishadi. Bu latifalar orasida millatimiz ruhiyatiga begona, mentalitetimizga yot holatlar aks ettirilganlari ham uchrab turadi. Bunga sabab nima, qiziqchilar uchun yozilgan manba kamligidanmi yoki ularning dangansaligidan?

Avaz Oxun: Hamma har xil manbadan foydalanadi. Lekin eng asosiysi, hajviyani qaysi yo‘l bilan olmasin, uning muxlisga ma’qul kelish yoki kelmasligini o‘ylasin. Tomoshabinning shaxsiyatiga tegishga, biror bir kamchiligining ustidan kulishga hech kimning haqqi yo‘q. Kimningdir soqovligi, kar yoki ko‘rligini mazax qilish mumkin emas. Qiziqchi ma’naviy kamchiliklarning ustidan kulishi kerak. Qolaversa, yoshlarimiz taqlidni yaxshi ko‘radi. Qaysidir yosh san’atkorning gapirgan behayo gapi yoki biror xatti-harakati yoshlar o‘rtasida ommalashib ketayapti. Axir ko‘chada, choyxonada gapiriladigan gapni sahnaga chiqarib bo‘lmaydi.

Savol: Bir necha yil avval Oqtosh sanatoriysida chiqish qilganingizda, chipta narxi 4000 so‘m bo‘lgani uchun odamlar ikkilanishgan, siz esa arzon deb mensimayapsizlar degan ekansiz. O‘shanda sizga xokisor yigit deb ta’rif berishgan ekan. Ayting-chi, bu xokisorlik tabiiymi yoki?

Avaz Oxun: San’atkorni nima barbod qiladi? Manmanlik. Ayrimlarning ijrosi zo‘r, o‘zi esa odam sifatida unchalikmas deb odamlarning hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rganman. San’atkorning xalq oldida gerdayib turishga haqqi yo‘q. San’atingiz qancha zo‘r bo‘lsa, o‘zingiz shuncha kamtar bo‘lishingiz zarur.

Savol: Tushkunlikka tushganingizda bu vaziyatdan qanday chiqib ketasiz?

Avaz Oxun: Ustozim birov bilan xafalashsang, hayotingda muammolar paydo bo‘lsa, alamingni, g‘azabingni ijoddan, qalam va qog‘ozdan olgin deb o‘rgatgan. Men ham bor diqqatimni ijodga qarataman. Va aynan shunday fursatlarda eng yaxshi asarlar paydo bo‘ladi.

Zuhra RO‘ZIyeVA suhbatlashdi.