Madaniyat

Atir tanlash bo‘yicha erkaklarga batafsil maslahatlar

 

Hid bu sizning timsolingiz va uslubingizning ko‘rinmas qismidir. Odamlar u orqali sizni qabul qilishadi. Biz quyida o‘zingizga mos atir tanlashingiz uchun tavsiyalar beramiz.

Sizda taralayotgan atir hidi tufayli

kishilarga yoqasiz,

odamlarning sizga ishonchi ortadi,

stressni pasaytiradi,

o‘zingizga ishonchingiz ortadi,

e’tiborliroq bo‘lasiz,

ayolingizning sizga muhabbati oshadi.

Qizig‘i shundaki, 80 foiz erkaklar atir ishlatmasdan bu imkoniyatlarni boy beruvchilardir. Ko‘pchilik erkaklar xushbo‘ylashtiruvchi vositalar haqida ma’lumotni qayerdan izlash, o‘zlariga qanday atir tanlash haqida ma’lumotga ega emas.

Bu maqolamizda sizni anvoi islar olamiga olib kiramiz va iforlarni tasniflaymiz. Atir tanlashni o‘rgatamiz.

Atir nima?

Xorijliklar parfyum deb atovchi xushbo‘y moddalarning spirtdagi eritmasini biz umumlashtirib “atir” deymiz. U tabiiy xomashyodan yoki sintetik moddadan tarkib topishi mumkin.

Xushbo‘y modda konsentratsiyasi qancha yuqori bo‘lsa, hid shuncha o‘tkir bo‘ladi. Hid qancha o‘tkir bo‘lsa, shuncha uzoq saqlanadi.

Atir (duxi), parfyumeriya suvi, xushbo‘ylashtiruvchi suv (tualetnaya voda) va odekolon o‘rtasida qanchalik farq bor?

Xushbo‘ylashtirgichlar turlicha konsentratsiyada bo‘ladi. Ular, asosan, 5 toifaga bo‘linadi:

  • Musaffolashtiruvchi suv (Eau Fraiche). Uning tarkibida suv yoki spirtda erigan modda miqdori eng kam, xushbo‘ylashtiruvchi modda konsentratsiyasi 1-3 foiz atrofida bo‘ladi. Hidi bir soatga qolmay tarqab ketadi.
  • Odekolon (Eau de Cologne). Uning hidi ham hammaga tanish, xususan, sartaroshxonalarda anqib turadi. Asosan, erkaklar foydalanadi. Odatda tetiklik baxsh etuvchi yengil is taratadi. Xushbo‘y modda konsentratsiyasi 2-4 foiz. Ikki soatcha saqlanib turadi.
  • Xushbo‘ylashtiruvchi suv (Eau de Toilette). Xushbo‘y modda konsentratsiyasi 5-15 foiz. 3 soatga yaqin saqlanadi.
  • Parfyumeriya suvi (Eau de Parfum). Bunda ham erkaklarbop, ham ayollarbop vosita nazarda tutilmoqda. Konsentratsiyasi 15-20 foiz. Hidi 5-8 soatcha qoladi.
  • Atir (Extrait de Parfum yoki Elixir de Parfum). Atir tarkibidagi xushbo‘y modda miqdori eng ko‘p – 20-30 foizgacha. Kamida bir sutka hidi saqlanadi.

Xushbo‘ylikning davri

Xushbo‘ylikning davri uch bosqichga bo‘linadi, uni piramida shaklida tasavvur qilish mumkin. Piramidaning qavatlari chertma sozlarniki singari alohida hid pardalariga bo‘linadi.

Piramida yuqori, o‘rta va asos pardalarga bo‘linadi.

Yuqori parda bu sepishingiz bilan darhol seziladigan islardir. Yuqori parda islari 15 daqiqadan 2 soatgacha saqlanadi. Bunga lavanda guli, limon va mandarin mevalari hamda dengiz hidi kiradi.

O‘rta parda islarini muattar islar yuragi deyiladi, bu atru iforning bosh elementidir. Ular yuqori parda hidlari tarqab ketgach, anqiy boshlaydi va 3-5 soat taralib turadi. Atirgul, yasmin, nastarin gullarining vazmin hidi bunga misol bo‘ladi.

Asos parda hidlari teriga o‘rnashib qoladi. Sepilgan joyidan tarqala boshlagach, xushbo‘y isi boricha dimoqqa uriladi. 5 soatdan 10 soatgacha saqlanadi. Sandal daraxti, tutun va tamaki isi, vanil va mushk hidi shular jumlasidandir.

Chiziqli va nochiziqli hidlar

Barcha hidlar ham vaqt o‘tgan sari o‘zgarmaydi, uch pardali emas. Chiziqli hidlar teriga sepilishi bilanoq oxirigacha bir xil anqiydi. Nochiziqli hidlar esa tashqi ta’sirga qarab o‘zgaradi.

Ikkala turdagi hidning ham hayotimizda o‘z o‘rni bor. Masalan, ishga otlanayotganingizda sizdan taralayotgan yengil xushbo‘ylik tobora quyuq mushk hidiga aylanishini istamaysiz. Uchrashuvga shoshilayotganingizda esa yo‘lda sitrus isini taratib, manzilga yetgach, kishini jalb etuvchi bo‘y anqib turgani yaxshi.

Dizaynerlik hidlari va nodir hidlar

Dizaynerlik hidlarini istalgan atir-upa do‘konidan topasiz. Odatda, Armani, Chanel yoki Burberry kompaniyalari ishlab chiqaradi. Barchasining narxi bir-biriga yaqin bo‘lib, keng omma uchun tayyorlanadi. Ko‘pchilikning didiga mo‘ljallangan, xavfsiz. Bundan tashqari, arzon moddalardan tayyorlanadi.

Nodir hidlarni yuqori sifatli qimmatli moddalardan olinadi. Bu ishning o‘z kasbining ustalari bajaradi. Nodir iforlar kam sonli ommaga mo‘ljallab chiqariladi. An’anaviy islar me’dasiga tekkanlar nodir islarning xaridoriga aylanishi mumkin, ammo dizaynerlik hidlaridan birmuncha qimmat turadi.

Narx masalasi

Atirning narxi qimmatligi doimo sifatliligini bildiravermaydi. Ko‘plab mashhur atirlarning hamyonbop turlari yetarli. Yo bo‘lmasa, qimmat va nodir moddani spirtga aralashtirib yoqimsiz bo‘tqa is olish mumkin.

Atir narxini belgilovchi asosiy omillarning biri undagi xushbo‘y moddaning konsentratsiyasidir.

Dizaynerlik atirlarining ko‘pchiligi o‘zaro “qarindosh” bo‘ladi. Masalan, Ralph Lauren atiri sizga yoqsa, bu kompaniyaning yangi mahsulotlaridan qo‘rqmay sotib olavering, nomidan qat’i nazar xushbo‘yi ta’bingizga o‘tiradi.

Qolaversa, narxda reklamaning hissasi bor. O‘ziga xos uslub va brend uchun ham, baribir, haq to‘laymiz.

Hidning barqarorligi va “etagi” (shleyfi)

Bu ikki xususiyat hidning uzoq saqlanishi va atrofdagilar dimog‘iga urilishini tavsiflaydi. Hidning “etagi” qanchalik uzun bo‘lsa, shuncha uzoqqa yetib boradi va atrofdagilarga shunchalik yaxshi seziladi.

Ammo hidning bu xususiyatlari o‘tkir bo‘lmasligi kerak. Chunki o‘tkir is kishi me’dasiga urib qolishi mumkin. Hamma joyda to‘g‘ri kelavermaydi. Tijoriy uchrashuvga qip-qizil futbolkada bormaysiz-ku.

Sifatli va sifatsiz atirlar

Hidning barqarorligi, nodirligi va “etagi” bilan tanishib chiqdik. Aynan shu xossalari orqali atir baholanadi.

Sitrus yoki dengiz hidi sepilgach, 5-7 soatda tarqab ketadi. Agar tezroq tarqalsa, bunday yozgi atir uncha sifatli emas. Qishki atirlar barqarorroq bo‘ladi va 10 soatga yaqin saqlanadi, ularning asos pardasi juda intensivdir.

Atir xarid qilayotganingizda bilagingizga surtib sinab ko‘ring, qancha saqlanishini aniqlang. Vaqt o‘tgan sari hidi o‘zgarib qolishi mumkinligini tekshiring.

Atir sifatini magazindagi tilimlangan qog‘oz testerda (blotter) sinash kerak emas.

[caption id="attachment_4890" align="aligncenter" width="500"]Блоттер Blotter[/caption]

Yaxshi atirni qanday tanlash va xarid qilish lozim?

Birinchi o‘rinda atir sizning jismingizga mosligini aniqlash kerak. Ko‘rmasdan yoki internet orqali xarid qilmang. Magazinga kiring hamda o‘z qo‘lingiz va burningiz bilan sinab ko‘ring. Bir martada ikki turdagi atirni iskab ko‘rmang, hidi aralashib ketadi.

Sinab ko‘rish

Atirni bilagingiz yoki tirsagingizga seping.

Bir atirni iskagach, ikkinchisiga o‘tishdan oldin retseptorlaringizni “tozalash” uchun boshqa narsani hidlab olish kerak. Odatda, atir-upa magazinlaridagi testerlar yonida yanchilmagan kofe solingan idish turadi. Uni hidlab retseptorlarni tozalab olish esingizdan chiqmasin.

Atir hidining hamma tusini (akkord) aniqlang. Tilimlangan qog‘ozchalardan foydalanmay, o‘z tanangizga sepib ko‘ring.

Atirni sepgach, bir soat ichida hidi tuslanishiga e’tibor qiling. Bundan hid piramidasini aniqlab olasiz.

Shishacha hajmi qancha bo‘lsin?

Atir shishalar, odatda, 30, 50, 100 ml hajmli bo‘ladi.

Hayotingizda birinchi marta atir xarid qilayotgan bo‘lsangiz, yaxshisi, kichik shishachadagisini tanlang. Mabodo, didingizga o‘tirgan muattar bo‘yni topsangiz, katta shishachadagisini sotib olishingiz mumkin, chunki mijozlarini sarosimaga solish uchun kompaniyalar ba’zi atirlarni ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishadi.

Kamyobligiga e’tibor qarating

Erkaklar, ko‘pincha, atirning kamyobligiga diqqat qaratishmaydi. Ular parfyumeriya o‘ziga xoslikni talab qilmaydigan soha deb hisoblashadi, go‘yo. Esda tutish lozimki, odamlarda sizning hidingiz orqali xotira, taassurot va hissiyotlar uyg‘onadi.

Agar kamyob atir sepmasangiz, boshqalardan farqli jihatlaringiz kamayadi. Ertalab nima kiyishingizga astoydil hafsala qilsangiz, qanday bo‘y taratishingizni ham e’tiborga oling.

Atir qanday sepiladi?

Atirni quruq toza teriga sepish kerak. Yuvingandan so‘ng sepish ma’quldir. Teridan 7-20 sm uzoqlikda tutib seping.

Puls uruvchi nuqtaga seping. Yana tananing eng issiq nuqtalariga sepish lozim: bo‘yin, ko‘krak, iyak osti, bilak, tirsak, yelka. Sepgandan so‘ng zinhor artmang. Bunda hid piramidasi buziladi va muattar uyg‘unlik yo‘qoladi.

Atirni ustingizdan sepish to‘g‘ri emas. Ayrim eski kitoblarda atirni havoga sepsa, zarralar teri va kiyimga o‘tiradi, deb yozilgan. Bu behuda tavsiyadir, atir havoga sovurilgani qoladi.

Shuningdek, atirni libosingizga ham sepmang. Birinchidan, uni teringizga sepib sinagansiz, shuning uchun matoda qanday is taratishini bilmaysiz. Ikkinchidan, matoda atir iz qoldirishi mumkin, yuvib ketkazish qiyin.

Atirni bo‘lar-bo‘lmasga sepaverish yaramaydi. Shishachangizda sepgich bo‘lmasa, barmog‘ingizni og‘ziga bosib, idishni to‘ntaring va barmoq uchida qolgan yuqini surting.

Atirning yaroqlilik muhlati

Odatda, ishlab chiqarilgan sanasidan boshlab 3-5 yilni tashkil qiladi. Bir flakon atir qanchaga yetadi?

100 ml atirni 1000-1500 marta sepish mumkin. Bu 14-16 oy ishlatish mumkin deganidir.

50 ml atirni o‘rtacha 735 marta sepiladi. Bu shishacha 7-8 oyga yetadi.

Uzoq muddat yaroqliligini yo‘qotmasin desangiz, qorong‘u, quruq va salqin xonada saqlang. O‘zgaruvchan harorat va namlik atirni buzadi. Quyosh nurlari tik tushmasin. Havoga uchib ketmasligi uchun qopqog‘ini mahkam burab yoping.

Hid o‘zingizga xos belgilaringizdan biridir. Sizdan taralgan atir isi odamlarni o‘ziga tortadi. Ta’bingizdagi muattar bo‘yni topsangiz, bu haqiqiy lazzatdir. Parfyumeriya o‘rganishga, qiziqishga arziydigan soha. Hamisha xush bo‘y taratib yuring.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi