Salomatlik

Aqliy salohiyatni pasaytiruvchi eng ko‘p aytiladigan omil

"Men dangasaligim uchun emas, ertangi ishlarni qoyilmaqom qilib bajarishim uchun ham hozir uxlashga muhtojman," degan edi Albert Eynshteyn. Afsonalarda aytilishicha, tunda uxlay olmaslik o‘sha lahzalarda kimningdir tushida yashayotganimizdan darak berar ekan. Lekin uning zarari bizga chinakam hayotda yashashimizga to‘sqinlik qiladi.

To‘yib uxlamaslik inson aqliy faoliyatini sustlashishiga sabab bo‘ladi. Misol uchun, aqliy salohiyati 6 – darajali bo‘lgan miya yetarlicha uyqu vaqti bilan ta’minlanmagan kun uning salohiyati 4 – darajaga tushib ketadi.

Oddiy tilda aytadigan bo‘lsak, to‘yib uxlamaydigan 6 – sinf o‘quvchisining aqliy salohiyati bora-bora 4 – sinfda o‘qiydigan o‘quvchiniki bilan bir xil bo‘lib qoladi.

Ya’ni, aqliy salohiyati 4 – darajali bo‘lgan inson o‘z salohiyatini oshirishi, miyaning tafakkur doirasini kengaytirishi uchun unga 2 yil vaqt kerak bo‘ladi. Agar muntazam ravishda to‘yib uxlamasa, bu darajani qisqa muddatlarda qo‘ldan boy berishi mumkin.

O‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan ruhiy tadqiqot natijalari ham shuni ko‘rsatadiki, "5" baho oladigan o‘quvchilar bir kunda "4" baho oluvchilarga qaraganda, 15 daqiqa ko‘proq dam olar ekanlar. Xuddi shu zayl, "3" baho oluvchi o‘quvchilar ham nisbatan "a’lochi" bo‘lgan o‘quvchilardan 15 daqiqa kamroq uxlar ekanlar.

Rod-Aylenddagi 3 ming nafar ko‘ngilli o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan bu tadqiqot ishi natijalari, shuningdek, uyquning kamligi ruhiy tartibsizlikni, ya’ni nerv impulsi – nerv sistemasi bo‘ylab tarqaluvchi signallarning o‘z vaqtida miyaga yetib bormasligi, inson o‘z ong-idrokini nazorat qila olmasligini keltirib chiqaradi.

Shu sababli ham, inson biror nimaga diqqat qila olmaslik dardiga yo‘liqadi. Ba’zi bir o‘quvchilarning darsni yetarlicha o‘zlashtira olmasligi ham uyquning kamligidan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, kam uyqulik tananing qondan glyukoza moddasini ajratib olish ko‘nikmasini keskin kuchsizlantiradi. Bu esa tanada quvvat yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Ma’lumki, bosh miya to‘qimalari qo‘zg‘alish va tormozlanish xususiyatiga ega. Odam uyg‘oqlik paytida miya hujayralari ko‘p qo‘zg‘aladi. Har bir hujayra, har qanday to‘qima ish faoliyati vaqtida o‘zidan juda katta kuch-quvvat yo‘qotadi, binobarin ularning faoliyati uzoq davom etishi uchun sarflangan quvvat o‘rnini to‘ldirish lozim bo‘ladi. Miya hujayralari ham qo‘zg‘algan paytda ma’lum miqdorda energiya sarf qiladi va uni tiklash uchun ehtiyoj sezadi. Miya charchaganda uyqu keladi. Bu orom davrida haqiqatan ham kuni bilan xizmat qilgan hujayralar yana o‘z navbati bilan qo‘zg‘alish uchun kuch-quvvatni tiklaydi. Demak, tinch uxlab orom olish inson uchun yaratuvchilik mezonidir.

Odatda kechasi miriqib uxlab turgan odam ertalab o‘zini yengil his qiladi, yangi mehnat kuni uchun kuch – quvvati tiklanganligini sezadi.

Inson miyasining old qismi tananing "boshqaruv tizimi"ni nazorat qiladi. Bu qism insondagi o‘y-fikr, maqsad va harakat, nimagadir munosabatga mas’ul. Holdan toygan inson tanasi bu jihatlarga befarq bo‘lib boradi, xato javob yoki munosabat bildiradi, ijodiy va aqliy yondashuv salohiyati pasayib ketadi.

Qolaversa, uyqusizlik insonning kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi. Tanada xursandchilik, baxtiyorlik hislari o‘rniga injiqlik, norozilik kayfiyati hukmron bo‘la boshlaydi. Bunday vaqtda ong-shuurning ijobiy emas, salbiy xotiralarni eslashga bo‘lgan moyilligi kuchayadi.

Salbiy kayfiyat inson miyasidagi bodomsimon bezda ishlab chiqariladi. Yaxshi kayfiyat esa inson miyasining chakka suyagiga yaqinroq qismida joylashgan gippokamp – xotira, zamon va makonga munosabat bildiruvchi asab tolalari joylashgan qismida ishlab chiqariladi.

Kam uxlash miyadagi bodomsimon bezdan ko‘ra, aynan miyaning gipokamp qismiga ko‘proq salbiy ta’sir o‘tkazadi. Shu sabali ham, bunday insonlar kayfiyatsiz, salbiy xotiralarni tez-tez yodga oluvchi bo‘ladilar.

Walker jurnali o‘tkazgan tadqiqotda ham kam uxlaydigan ko‘ngilli ishtirokchilarga so‘zlar ro‘yxati berilgan va bir muddatdan so‘ng ro‘yxat qaytarib olinib, ulardan so‘zlarni yoddan yozish so‘ralgan. Natijada, ularning esida qolgan 81 % so‘zlar salbiy mazmunga ega bo‘lgan. Misol uchun, "yovuzlik", "yomonlik", "dushman", "mushtlashuv". Esda qolgan so‘zlarning bor-yo‘g‘i 31 foizini esa "yorug‘lik", "yaxshilik", "do‘stlik" kabi ijobiy mazmundagi so‘zlar tashkil qilgan.

Uyqu inson umrining uchdan bir qismini o‘z ichiga oladi. Bolalar yoshiga qarab sutkasiga 8 – 14 soatdan ortiq, keksalar esa 7 – 8 soat atrofida uxlaydi. Oltmish yil yashagan kishi o‘z umrining yigirma yillini uyqu bilan o‘tkazadi. Endi tug‘ilgan chaqaloq uchun bir kecha kunduzda – 21 soat, olti oydan o‘n ikki oylik bo‘lgan bola uchun – 14 soat, to‘rt yoshda – 12 soat va o‘n yoshda – 10 soat, kattalar uchun esa – 7-8 soat kunlik uyqu me’yori belgilangan. Agar kattayu-kichik ana shu uyqu me’yoridan kam uxlasa va undagi tartibga ahamiyat bermasa, o‘z-o‘zidan kayfiyatida tajanglik belgilari kuzatila boshlaydi, tez-tez jahli chiqadi.

Yaxshi uxlay olmaydigan kishilar quyidagi vositalardan foydalanishlari mumkin. Bir osh qoshiq asalni bir piyola iliq suvda eritib yoki ikki qoshiq shakarni bir piyola issiq suvda eritib, uyqudan 1-1,5 soat oldin ichish uyquni yaxshilaydi.

Uyqudan oldin na’matak damlamasi, yalpizli choy,  kakao ichish tanani tinchlantiradi va yaxshi uxlashga yordam beradi. Shuningdek, iliq sut ham tinchlantiruvchi vosita.  Sut ko‘pgina foydali elementlarga ega bo‘lib, ular miya faoliyati uchun ham foydalidir. Sutli ichimliklarni xush ko‘rmaydiganlar uchun moychechakli choy ichish tavsiya qilinadi.

Buyuk kishilarning aksariyati uyqu oldidan kitob o‘qishni odat qilgan. Mutolaa qilish — ilhom, yangi g‘oyalarni ishlab chiqishga turtki beradi. Agar uyqusizlikka duchor bo‘lgan bo‘lsangiz, kitob mutolaasidek tinchlantiruvchi, foydali “shifo”ni topolmaysiz. Shuningdek, shovqin bo‘lmagan, sokin tabiat qo‘ynida sayr qilgan holda, yangi g‘oya va maqsadlarni rejalashtirish, piyoda yurish ham foydali.

Sog‘ligingizga befarq bo‘lmang! Doimo sog‘-salomat bo‘ling!